Xitoy kompaniyasi Oʻzbekiston uraniga qiziqmoqda

16:21 12 Mart 2024 Iqtisodiyot
460 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Temur Eshboyev/“Xalq soʻzi”. Bugun dunyo sanoati elektr energiyasi ishlab chiqarishning asosiy va anʼanaviy manbasi boʻlgan uglerodlardan bosqichma-bosqich voz kechib, endi ekologik toza, qayta tiklanadigan manbalar va atom energetikasiga talab oshib bormoqda.

— Dunyo boʻyicha elektr energiyasiga boʻlgan talabning 11 foizi atom energetikasi hissasiga toʻgʻri keladi, — deydi “Navoiyuran” DK boshqarmasi investitsiya loyihalari boʻlimi boshligʻi Rustam Ergashev. — Bu koʻrsatkich Fransiyada 70, Vengriyada 50 va AQSHda 20 foizni tashkil qiladi. Soʻnggi yillarda Xitoy, Hindiston, Yaqin Sharq va hattoki ayrim Afrika va Janubiy Amerika mamlakatlari AESni kengaytirish dasturlarini amalga oshirishmoqda.

Tabiiyki, energetika sanoatining atom xom-ashyosi bozoridagi ushbu holat mahsuloti yuz foiz eksportga yoʻnaltirilgan “Navoiyuran” DKning hamkorlik doirasini yanada kengaytirmoqda.

Xitoy Xalq Respublikasining “China Nuclear Uranium Co. Ltd.” (CNUC) kompaniyasi delegatsiyasining amaliy tashrif bilan “Navoiyuran”da boʻlishi shu yoʻldagi muhim qadamdir.

— “China Nuclear Uranium Co. Ltd.” uranni qidirish, qazib olish va qayta ishlash bilan shugʻullanadigan Xitoy Milliy Yadro Korporatsiyasining (CNNC) shoʻba korxonasi boʻlib, kompaniya Xitoyning atom energetika sanoatini rivojlantirishda muhim rol oʻynaydi, — deydi Rustam Ergashev. — Kompaniya Xitoydagi bir nechta uran konlariga, jumladan Shinjon-Uygʻur avtonom rayonidagi Ili koniga egalik qiladi va boshqaradi. Shuningdek, Namibiya va Qozogʻiston kabi boshqa mamlakatlarda uran qazib oluvchi qoʻshma korxonalarda ham ishtirok etadi.

Kompaniya huzuridagi institut Bosh muhandisi Yang Runsheng boshchiligida mutaxassislar tashrif davomida korxona mutaxassislari bilan birgalikda qora slanesli uran kon maydonlarida boʻlib, “Maʼdanli” hamda “Koscheka” maydonlarida shurf qazish ishlari bilan tanishishdi. Shuningdek, “Maʼdanli” maydonida qazib olingan texnologik namunalar oʻrganilib, ushbu maydonni oʻzlashtirish, maʼdan tarkibidan uran va boshqa noyob elementlarni ajratib olish texnologiyasini ishlab chiqish maqsadida texnologik namunalar saralandi.

Xitoylik mutaxassislar tashrif dasturi doirasida “Navoiyuran” davlat korxonasi Bosh direktori J. Fayzullayev bilan uchrashib, qora slanesli uran kon maydonlarida qazib olishni koʻzda tutuvchi texnologiyalarni yaratish ustidagi masalalar hamda kelgusidagi hamkorlik istiqbollari muhokama etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер