Xitoy kompaniyalari Qashqadaryodagi kanallarni betonlashtirishga kirishdi

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Prezidentimizning “Qashqadaryo viloyatini 2024-2025-yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida 2024 – 2030-yillarda viloyatdagi 11 ming kilometrdan ziyod tuproq oʻzanli xoʻjaliklararo irrigatsiya tarmoqlarini toʻliq betonlashtirish yoki ularni lotok tizimlari va yopiq quvurlarga oʻtkazish belgilangan.
Shundan kelib chiqqan holda viloyatda xoʻjaliklararo va ichki suv tarmoqlarini betonlashtirish boʻyicha keng miqyosli qurilish, taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Jumladan, shu kunga qadar 9 ta kanallarni betonlash boʻyicha respublika byudjetidan ajratilgan 100 milliard soʻm mablagʻ toʻliq oʻzlashtirilib, 50,6 kilometr kanallar betonlashtirildi. 28,3 kilometr qismi rekonstruksiya qilindi. 7 ta kanalda rejadagi ishlar yakunlandi. Oʻz navbatida agroklasterlar va fermer xoʻjaliklari tomonidan 857 kilometr ichki sugʻorish tarmoqlari betonlashtirildi.
Yaqinda bu boradagi ishlarga Xitoyning “CITIC Construction” va “China CAMC Enginiring Co., Ltd” kompaniyalari ham jalb etildi.
Amu-Qashqadaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi masʼullari bergan maʼlumotga koʻra, Chin yurti vakillari bilan viloyatning 11 ta tumandan oqib oʻtuvchi 26 ta, umumiy uzunligi 319,9 kilometr boʻlgan kanallarni betonlashtirish boʻyicha kelishuvga erishilgan.
Xitoylik quruvchilar ishni Koson tumanidagi “R-21” hamda “R-25” kanallarini betonlashtirishdan boshlashdi.
— “R-21” kanalimizning foydalanishga topshirilganiga 51-yil boʻldi, — deydi kanal boshligʻi Dilshod Hasanov. — Oʻtgan yillar mobaynida ushbu kanal nihoyatga taʼmirtalab ahvolga kelib qolgan. Bu juda koʻp suv isrofiga sabab boʻlayotgan edi. Birgina ushbu kanalning toʻliq betonlashtirilishi natijasida har yili 2 million 130 kub metr suvni iqtisod qilish imkoni paydo boʻladi.
Maʼlumot oʻrnida: Qashqadaryo viloyatida 2476 kilometr uzunlikdagi 256 ta magistral va xoʻjaliklararo kanallar, shuningdek, 20,4 ming kilometr uzunlikdagi ichki sugʻorish tarmoqlari mavjud boʻlib, joriy yil boshiga qadar xoʻjaliklararo kanallarning 39 foizdan ortiq, ichki suv tarmoqlarining 54 foiz qismi betonlashtirilmagan. Bu qancha mashaqqat bilan olib kelinayotgan suvning 30-35 foizga yaqin qismi ekin maydonlariga yetib bormasdan yoʻqotilishiga sabab boʻlayotgan edi. Nishon, Mirishkor, Muborak, Koson tumanlarida bu koʻrsatkich 40 foizdan ham oshib ketgan.
2030-yilga qadar 11 ming kilometrdan ziyod xoʻjaliklararo irrigatsiya tarmoqlarini toʻliq betonlashtirishilishi natijasida viloyatda yiliga 2 milliard kub metr atrofidagi suvni iqtisod qilish, minglab gektar ekin maydonlarida suv taʼminotini yaxshilash imkoni paydo boʻladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda 8-iyundan chiqindidan qarzdorlar elektr uchun toʻlov qilolmaydi
- AQSHda jurnalist qiz Trampning yuziga mikrofon bilan urib yubordi (+video)
- Endi taʼlim granti talabalarning oʻzlashtirishiga qarab har yili qayta taqsimlanadi
- Oʻzbekistonda Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligi keng nishonlanadi
- “Qamchiq” dovonida fuqarolarga yordam koʻrsatilmoqda. Qoʻshimcha poyezd qatnovi yoʻlga qoʻyilgan
- Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti QS reytingida TOP–500 talikdan joy oldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring