Xalqimizning buyuk farzandi

Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asari, shubhasiz, XV-XVI asrlarga oid ulkan noyob adabiy yodgorliklardan biridir. Ushbu qomusiy asar dunyoning 30 dan ortiq tillariga tarjima qilingani uning ulkan badiiy va ilmiy ahamiyatini taʼkidlaydi. Kitob Boburning butun umri davomida saqlagan shaxsiy kundaliklarining xronologik toʻplami koʻrinishida yozilgan. “Boburnoma” — alloma hayotini aks ettirib, ayni paytda tarix, tilshunoslik, etnografiya, tabiatshunoslik va boshqa fanlar uchun qimmatli manba sanaladi.
Ulugʻ sarkarda, buyuk yozuvchi va olimning hayoti, faoliyati haqida koʻplab roman va qissalar, hikoya va maqolalar yozildi, spektakllar sahnalashtirildi, filmlar tasvirga olindi, lekin ularda, jumladan, darsliklarda Bobur Mirzoning biologiya fani rivojiga katta hissa qoʻshgan olim ekani haqida juda kam maʼlumot berildi.
Holbuki, “Boburnoma” ensiklopedik asarida Markaziy Osiyo (Fargʻona vodiysi, Zarafshon vodiysi, Qarshi vohasi hududi), Afgʻoniston va Hindistonning oʻsimlik va hayvonot dunyosi haqida batafsil maʼlumot keltirilgan. Muallif bu hududlardagi muayyan oʻsimlik yoki hayvon turlarining oʻziga xos xususiyatlarini qisqa, lekin aniq tavsiflab bergan. Yuzga yaqin mevali oʻsimliklar va gullarning aniq tasnifini keltirgan. Kitobda oʻsimlikning tana va shox qismlari, barglarining shakllari, kattaligi va joylashuvi, gullar va mevalarning oʻziga xosligi, oʻlchami, rangi va hidi haqida maʼlumot berilgan.
Jumladan, olim Hindistonning amli (xurmo), banan, kadhil (non daraxti), limon, karundja, sanjara kabi mevalarini birinchilardan boʻlib tavsiflagan. Hayvonot olamidan fil, karkidon, tovus, toʻtiqush va boshqa qator qush hamda baliqlar tasnifini bergan.
Mirzo Bobur Hindiston va Markaziy Osiyo hayvonlarini qiyoslab tushuntiradi. “Karkidon kattaligi uch hoʻkizga teng keladigan ulkan jonivor”, uning “Boshqa hayvonlardan koʻra otga oʻxshash tomonlari koʻproq. Chunki otning katta qorni boʻlmaydi, bunda ham katta qorin yoʻq, chunki otda oshiq oʻrnida bir parcha suyak boʻlganligi kabi bunda ham bir boʻlak suyak joylashgan, chunki ot iligida koʻmigi bor, buning iligida ham koʻmik bor”. Mazkur qiyoslash — Bobur Mirzo ilmiy yondashuvi naqadar toʻgʻri ekanini bugungi kunda karkidon va ot sut emizuvchilarning toq tuyoqlilar oilasiga kiritilgani isbotlaydi.
“Boburnoma”da keltirilgan tasnifi turli geografik mintaqalarga oid oʻsimlik va hayvonlarning qiyoslanishi zamonaviy qiyosiy hamda tadrijiy biologiya, biologiya tarixi sohasidagi tafakkurni kengaytiradi, umuman, bilish jarayoni haqidagi tasavvurni boyitadi.
Mirzo Bobur Afgʻoniston togʻlarida koʻplab Hindistondagi hayvonlar: toʻtiqushlar, tovuslar, maymunlar, nilgaylar (echki turi), kalta oyoqli maymunlarning yashash tarziga, tarqalish hududlariga eʼtibor qaratgan. Hayvonot dunyosining geografik biotopi oʻziga xosligi, hayvonlarning tabiiy landshaftlarda tarqalishining dengiz sathidan balandlikka bogʻliqligiga ham ahamiyat bergan. Masalan, Hindistonda maymun turlarining juda koʻpligini taʼkidlab, ular vodiylarda keng tarqalishini, togʻlarda esa deyarli uchramasligini aytib oʻtadi. Demak, Mirzo Bobur oʻsimlik va hayvonot dunyosining zoogeografik sistematikasiga asos solgan olimlardan biridir.
U Nijrau togʻlarida uchraydigan olmaxondan kattaroq boʻlgan hayvon — uchar tulki haqidagi maʼlumotni keltirgan. Uchar tulkining old va orqa oyoqlari orasida pardaning mavjudligi unda qanotga oʻxshash qismning borligini koʻrsatadi. Shuningdek, ularning daraxtdan daraxtga uchib yurishini tasvirlaydi. Bunday maʼlumotlar hayvonlar dunyosi evolyutsiyasi qonunlarini oʻrganish uchun qimmatlidir. Hozirgi vaqtda bu noyob hayvonlar faqat Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyoning tropik va subtropiklarida, Yangi Gvineyada uchraydi. Uchar tulkilar meva va gullarning shirasi bilan oziqlanganligi sababli ularning yoʻqolib borishi yovvoyi mevali daraxtlarning keskin kamayishi bilan bogʻliq, deb taxmin qilish mumkin.
“Boburnoma”da oʻsimliklar introduksiyasi, boylarning yaratilishiga alohida urgʻu berilgan. Asarda keltirilganidek, 1519-1520-yillarda Bobur Mirzo Adinopurning Janubiy tomonida (Kobul chekkasida) Bogʻi Vafo nomli katta bogʻ barpo qildiradi. Bu bogʻga Lahordan banan olib kelib ekiladi. U yerda shakarqamish ham yetishtirilib, hosildan Badaxshon va Buxoroga yuboriladi. Demak, shakarqamish Oʻzbekiston hududiga birinchi marta XVI asrda kirib kelgan. Shuningdek, buyuk bobomiz Kobulga gilos koʻchatlarini ekishni buyurgan. U Hindistonga qovun, atirgul va uzumni olib kirgani maʼlum.
XVIII asrda yashagan shved tabiatshunosi Karl Linney tomonidan kiritilgan binar (qoʻsh) nomenklatura undan bir yarim asr avval “Boburnoma”da ancha keng qoʻllanilgan. Asarda keltirilgan deyarli barcha oʻsimliklar qoʻsh nomga ega. Masalan: lolayi sadbarg (lola yuzbargli), lolayi gulboʻy (xushboʻy lola), kokil tol (majnuntol), nay shakar (shakarqamish), sariq argʻuvon (sariq qirmizi), dogʻ argʻuvon (qizil qirmizi), sebi samarqandi (Samarqand uzumi).
Muallif oʻsimliklarning koʻpayishi haqida ham shunday yozadi: “...oʻsimliklar orasida xurmo daraxti ikki jihati bilan hayvonlarga oʻxshaydi. Birinchidan, hayvonning boshi kesilsa, umri tugaydi, xurmoning tepasi kesilsa, quriydi; ikkinchidan, erkagisiz hayvonlar nasl bermagani kabi, xurmo daraxti ham erkak palmaning shoxini olib kelib, urgʻochisiga bogʻlamasang, yaxshi meva bermaydi”. Maʼlumki, italiyalik botanik Prospero Alpini (1553 — 1617) erkak va urgʻochi xurmo palmalarining mavjudligini aniqlagan. Bundan oldin olimlar bu oʻsimlikni jinssiz koʻpayadi, deb hisoblagan edi. Ayni paytda bunday kashfiyot ulugʻ ajdodimiz tomonidan Hindistonda 1525 — 1530-yillarda Alpini tugʻilishidan ancha oldin tasvirlangandi.
Ijtimoiy taraqqiyotning hozirgi bosqichida fan-texnika rivojlanishi, globallashuv va biologik resurslar isteʼmoli ortib borayotgan sharoitda dunyo bioxilma-xilligini saqlash muammosi eng dolzarb masalalardan biriga aylandi. Boburning flora va faunaga bagʻishlangan tasvirlari Fargʻona va Zarafshon vodiylari, Oʻzbekiston janubi, shuningdek, Afgʻoniston va Hindistonning biologik xilmaxilligi haqida aniq tasavvur beradi.
“Boburnoma” muallifning atrofidagi olamning aniq kuzatuvlari asosida yaratilgan oʻziga xos ilmiy hujjatdir. Muallif “Bu bitilganlardin maqsad oʻzini ortturmoq emas, rosti bu edikim, mastur boʻldi”, deb yozib, kitobda bitganlarning hammasi haqiqat ekanini taʼkidlaydi.
Mirzo Boburning biologik xilmaxillik, oʻsimlik va hayvonlarning introduksiyasi, sistematikasi, tasnifi, ekologiyasiga oid maʼlumotlari hozir ham ahamiyatini yoʻqotmagan. Bu bitiklar bugungi kunda biologiyaning turli sohalarida qimmatli manbalardan biri boʻlib xizmat qilmoqda.
Lyubov QOʻCHQOROVA,
Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston
Milliy universiteti professori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring