Xalqimiz istaklari toʻla aks etgan xalq Konstitutsiyasi

08:54 12 Aprel 2023 Siyosat
488 0

Islohotlar qachon muvaffaqiyat qozonadi? Agar unda inson manfaatlari ustuvor ahamiyat kasb etgan boʻlsa! Yana-chi? Yana u vaqt va makon taqozosi, davr ehtiyoji boʻlsa! Taraqqiyotning huquqiy taʼminotini tubdan takomillashtirish fursati pishib yetilgan boʻlsa!

Oʻzbekistonda ana shunday zarurat besh-olti yil avval yuzaga chiqqani ekspertu mutaxassislar, mansabdoru mutasaddilarga yaxshi ayon. Taqqoslama tahlillar oldinroq boshlanganida haqiqat.

Xoʻsh, unda nega konsitutsiyaviy islohot tashabbusi faqat oʻtgan yilga kelib ilgari surildi? Boisi Bosh qomusimizning qaysi meʼyorlari zamon talabiga mos kelmay qolganini chuqur tahlil qilish, qolaversa, qariyb 30 yil muqaddam tasdiqlangan normalarning ayrimlari eskirganini har bir shaxs oʻz hayoti misolida tushunib yetishi uchun muayyan muddat kerak edi.

Yuqorida alohida taʼkidaganimdek, mamlakat aholisining barcha qatlamlari qarashlarini ifodalaydigan, shuningdek, xalqaro konvensiyalar va jahon hamjamiyati oldidagi majburiyatlarni inkor etmaydigan loyihani ishlab chiqish oson kechgani yoʻq. Har bir soʻz, har bir satrda inson qadri ulugʻligini aks ettirish oʻta mashaqqatli kechdi.

Turli kodeks va qonunlardagi baʼzi normalarni Konstitutsiya darajasiga koʻtarish masalasi qayta-qayta ekspertizadan oʻtkazildi. Natijada hamma birdek naf koʻradigan hujjat shakliga keldi. Aksariyat odamlar yangilanayotgan Konstitutsiya matniga nisbatan pozitiv fikr bildirayotgani, ochiq-oshkora obyektiv xulosalar berayotganining sababi ham shunda aslida.

Mulohazalarimni aniq misollarda asoslab bayon etishga harakat qilaman. Masalan, loyihaning 28-moddasini olaylik. Olti qismdan iborat bu moddada qatʼiy belgilab qoʻyilayotgan meʼyorlar siz bilan bizga qanchalik taalluqli boʻlishi barobarida erkinligimiz uchun shunchalik dolzarb ekanini anglash uchun yurist yo siyosatchi boʻlish shart emas.

Masalan, ushbu moddada “Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda oshkora sud muhokamasi yoʻli bilan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan belgilanmaguncha aybsiz deb hisoblanadi. Ayblanuvchiga oʻzini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlar taʼminlanadi, deb belgilab qoʻyilmoqda. Koʻrib turganingizdek, oydek ravshan qoida.

Inson manfaatini oliy oʻringa qoʻyish shu moddaning keyingi qismlarida tobora yuqori pogʻonalarga koʻtarilib boradi. Mana qarang: “Aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan boʻlsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerak”.

Bundan ham muhim jihati shundaki, yangi Konstitutsiya hayotga joriy etila boshlagach qilmagan ishingiz uchun oʻzingizni oqlashga hojat qolmaydi. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻzining aybsizligini isbotlab berishi shart emasligi va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkinligi bilan bogʻliq norma buni kafolatlaydi.

Na prokuror, na tergovchi yoki biror amaldor hech kimni oʻziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majburlay olmaydi. Chunki ayni shunday talab ham Bosh qomusning oʻzida aniq koʻrsatib qoʻyilmoqda.

Sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga eski tuzumdan salbiy meros boʻlib qolgan “dogma”lar ham barham topadi. Ularning oʻz faoliyatiga yondashuvi fuqarolarni jazolovchilikdan inson huquqlarini hurmat qiluvchi va himoyalovchiga, poymol qilingan huquqlarni tiklovchilikka oʻzgartiriladi.

Zero, Bosh qomusimizda agar shaxsning oʻz aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil boʻlsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar oʻziga nisbatan insoniy muomalada boʻlinishi hamda inson shaxsiga xos boʻlgan shaʼni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga egaligi mustahkamlab qoʻyilmoqda.

Bir paytlar kimdir qamalsa, adashib boshi berk koʻchaga kirib qolgan boʻlsa yoxud masʼul lavozimda ishlab turib “urilsa” uning oilasidagilar uchun deyarli barcha eshiklar yopilardi. Huquqni muhofaza qilish organlarida xizmat qilishga har tomonlama munosib farzand otasining qachonlardagi xatosi uchun ishga kirolmasdi.

Endi unday boʻlmaydi. Bunday holatni toʻliq tugatish maqsadida quyidagi norma, taʼbir joiz boʻlsa, katta harflarda aniq-tiniq yozib qoʻyilmoqda: “Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos boʻlishi mumkin emas”.

Asosiy qonunda insonga qoʻllaniladigan huquqiy taʼsir choralari maqsadga erishish uchun yetarli va mutanosib boʻlishi kerakligi belgilanayotganini qayd etish joiz. Ushbu qoida davlat idoralarining oʻz vazifalarini inson huquqlariga rioya qilgan holda bajarishi bilan bogʻliq masʼuliyatini yanada oshiradi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizdan oʻrin olgan yangiliklardan yana biri — har bir shaxsning respublika hududida erkin harakatlanish, turar va yashash joyini erkin tanlash huquqi, mamlakatdan tashqariga chiqish hamda Oʻzbekistonga moneliksiz qaytish huquqi mustahkamlanayotganidir.

Sir emaski, yaqin oʻtmishimizda erkin harakatlanish huquqini asossiz cheklovchi qonunosti hujjatlari mavjud edi. Masalan, baʼzida poytaxtga kelish uchun yoʻllardagi nazorat postlaridan pasportsiz oʻta olmas edik. Endilikda mazkur konstitutsiyaviy qoida kiritilishi bilan erkin harakatlanish qadriyat darajasida oliy huquqiy hujjatda oʻz aksini topmoqda.

Bir soʻz bilan aytganda, yangilanayotgan Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklariga oid normalar soni 3,5 barobarga oshmoqda. Ayniqsa, insonning shaxsiy huquqlari va erkinliklari kafolati eng ilgʻor xalqaro standartlarga muvofiq kuchaytirilyapti. Shu jihatdan, Bosh qomusimizni tom maʼnoda xalq Konstitutsiyasi desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Sardor GʻIYOSOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?