Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti — TURKSOY va Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

18:53 03 Iyul 2025 Jamiyat
278 0

2025-yil 23-iyun kuni Toshkent shahrida joylashgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Ilmiy kengashning navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Tadbirda TURKSOY bosh kotibi, ilmiy kengash aʼzolari, ishchi guruh rahbarlari va xalqaro hamkor mutaxassislar ishtirok etdi. Yigʻilish avvalida markaz direktori, Ilmiy kengash raisi Firdavs Abduxoliqov Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida ishlab chiqilgan yangilangan konsepsiya va Vazirlar Mahkamasining yangi farmoyishi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi. Jumladan, markaz ekspozitsiyasini boyitish, kutubxona salohiyatini oshirish, xalqaro hamkorlik, global koʻrgazmalar va ilmiy tadbirlar tashkil etish hamda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Tadbirning asosiy mehmoni boʻlgan TURKSOY bosh kotibi Sultan Rayev oʻz chiqishida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini butun turk va musulmon olami uchun muhim hodisa deb atadi. U markaz Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan yangilangan Oʻzbekiston siyosatining yorqin namunasi ekanini alohida taʼkidladi. Yigʻilish doirasida TURKSOY va Islom sivilizatsiyasi markazi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Tadbir davomida markaz kolleksiyasini boyitish maqsadida hadya qilingan qadimiy tangalar, noyob eksponatlar va matolar namoyish etildi. Tarix fanlari doktori, professor Gʻaybulla Boboyorov qadimdan Markaziy Osiyo, xususan, Oʻzbekiston hududi tangalar topilmalari bilan ajralib turganini, 2500-yildan buyon savdo-sotiq va iqtisodiy aloqalar tangalar orqali amalga oshib kelayotganini taʼkidladi.

Yigʻilish kun tartibida, shuningdek, Prezident Mirziyoyevning markazga qilgan tashrifi, davlat rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan yangilangan konsepsiya va Vazirlar Mahkamasining 392m-sonli farmoyishi asosida belgilangan vazifalar ijrosi atroflicha muhokama qilindi. Jumladan, muzey ekspozitsiyasini boyitish, ilmiy-maʼrifiy va texnologik jihatdan takomillashtirish, kutubxona fondini shakllantirish va markaz ochilish marosimini yuqori saviyada tashkil etish masalalariga eʼtibor qaratildi.

Yigʻilishda, shuningdek, muzey ekspozitsiyasini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, ilmiy restavratsiya laboratoriyasini ishga tushirish, markaz ikkinchi qavatida “Kingʻs College” xattotlik maktabi taqdimoti, ekspozitsiyaning besh yoʻnalishi boʻyicha taqdimotlar, ochilish tadbirlari doirasida Londonda oʻtkaziladigan auksion va tarixiy-madaniy meros buyumlarini olib kelish, kutubxonadagi nodir kitoblarni zamonaviy texnologiyalar asosida skanerlash va saqlash, xalqaro ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik kabi muhim yoʻnalishlar ham muhokama qilindi.

Bundan tashqari, muzey ekspozitsiyasini boyitishga doir olib borilayotgan ishlar, 800 ga yaqin ishlab chiqilgan loyiha va ularning birinchi bosqichini jadallashtirish, markaz ochilish marosimini yuqori darajada oʻtkazish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi. “Islomdan avvalgi davr”, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlar, XX asr, Xonliklar davri va Yangi Oʻzbekiston — Yangi Renessans poydevori boʻlimlari ekspozitsiyasiga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha vazifalar belgilanib, barcha ishchi va kichik guruhlar faoliyatini muvofiqlashtirish topshirildi.

Maʼlumot uchun, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 23-iyundagi qaroriga koʻra, 2018-yilgi Ramazon hayiti kuni markaz qurilishi tamal toshi qoʻyilgan. Markaz binosi 7 gektardan ortiq maydonda joylashgan boʻlib, toʻrt tomonida 34 metrlik peshtoqlar va markazida 65 metrlik ulkan gumbaz qad rostlagan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер