Xalqaro olimpiada sovrindorlari bilan uchrashuv tashkil etildi

13:18 02 Iyun 2023 Siyosat
306 0

Turkmanistonda boʻlib oʻtgan Ochiq matematika olimpiadasida matematika va informatika yoʻnalishida ishtirok etgan Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Kiberxavfsizlik fakulteti talabalari Asadbek Sindarov 2-oʻrinni, Ixtiyor Teshaboyev, Javoxir Isroilov hamda Muzaffar Saxidinov 3-oʻrinni egallashdi.

Shu munosabat bilan bugun, 27-may kuni Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ushbu Ochiq matematika olimpiadasida ishtirok etib, sovrindorlar qatoridan joy egallagan talabalar bilan uchrashdi.

Vazir ushbu xalqaro olimpiadada yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan hamda sovrindorlar qatoridan joy olgan talabalar bilan ochiq muloqot oʻtkazib, ularni tabrikladi va kelgusidagi oʻqish va ishlariga muvaffaqiyat tiladi.

Eslatib oʻtamiz, Turkmaniston taʼlim vazirligi Xalqaro gumanitar fanlar va taraqqiyot universitetida 2023-yilning 23-28-aprel kunlari tashkil etilgan Ochiq matematika olimpiadasi (OMOUS-2023)da respublikamizdan jami 41 nafar talaba ishtirok etdi.

Mazkur xalqaro olimpiadada 15 dan ortiq davlatning (Rossiya, Saudiya Arabistoni, Eron, Meksika, Germaniya, Vengriya, Oʻzbekiston va Ozarbayjon va boshqalar) oliy taʼlim muassasalaridan talabalar qatnashdi.

Uchrashuv yakunida axborot texnologiyalari sohasidagi bu kabi xalqaro tanlovlar va boshqa olimpiadalar roʻyxatini shakllantirib, ularga tayyorgarlik koʻrish va gʻoliblar hamda ustozlarini ragʻbatlantirish tizimini ishlab chiqishga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?