Xalq qabulxonalari xalq tomonda
Davlatimiz rahbari faoliyatining dastlabki kunlaridanoq xalqni rozi qilish maqsadida ishni Prezident qabulxonalari ochishdan boshlagani ayni muddao boʻldi. Vaholanki, oʻsha kezlarda jamiyat va davlat tizimidan norozilik sezilarli darajada kuchayib ketgan edi. Shu sababli dastlabki kunlarda xalq qabulxonalariga arz bilan keluvchilar qadami uzilmasdi. Bugun esa xalq qabulxonalari orqali muammo va kamchiliklar birin-ketin tizimli bartaraf etilayotgani tufayli murojaatlar soni yildan-yilga kamayib bormoqda.
Sohadagi ishlar tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, qaysi hududda murojaatlar yechimi topilmayotgan boʻlsa, oʻsha joyda ommaviy va sayyor qabullar orqali muammo sinchiklab oʻrganilyapti va bu saʼy-harakatlar oʻzining ijobiy samaralarini bermoqda. Oʻrnatilgan qatʼiy jadval asosida joriy yil mobaynida poytaxtda turli vazirlik va idoralarning oʻndan ortiq xuddi shunday qabullari tashkil etilgani ham fikrimizga aniq misol boʻla oladi.
Tegishli Farmon asosida “Mahalla – sektor – Xalq qabulxonasi – mahalla” tamoyili asosida hamkorlik tizimi joriy qilindi. Buning samarasi oʻlaroq joriy yilda poytaxtimizdagi mavjud 585 ta mahalla fuqarolar yigʻinida oʻtkazilgan sayyor qabullar chogʻida 462 ta muloqot oʻtkazildi. Unda 12 125 ta muammo aniqlandi va 10 mingdan ziyod masala mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda ijobiy hal etildi. Yechimi anchayin murakkab boʻlgan, katta mablagʻ va vaqt talab etadigan masalalar tumanlar hokimliklari tomonidan bajariladigan ish rejasiga kiritildi.
Toshkent shahar Xalq qabulxonalari tomonidan oʻtgan yillar davomida kuz-qish mavsumini juda ogʻir kelganligi xulosa qilinib, bu yilgi mavsumga tayyorgarlik erta boshlab yuborildi. May oyidan Xalq qabulxonalari tomonidan poytaxtimizning 585 ta mahallasida 4000 dan ortiq koʻchalar, 11 077 ta koʻp qavatli uylarda uyboshi va koʻchaboshilik qilayotgan faollar hamda boshqaruv servis kompaniyalari oʻrtasida amaliy hamkorlik oʻrnatildi.
Xalq qabulxonalari huzurida tashkil etilgan ishchi guruh shtabiga malakali mutaxassislar jalb etilib, uyboshi, koʻchaboshi va boshqaruv servis kompaniyalari masʼullari bilan manzilli muloqot olib borilmoqda. Xalq qabulxonalari tomonidan 5 bosqichda olib borilgan oʻrganishlar davomida 14 800 dan ortiq muammolar aniqlanib, ularning roʻyxatlari mahalla va sektor kesimida shakllantirildi.
Aniqlangan muammolarni tezkorlikda hal etish maqsadida roʻyxatlar tuman sektor rahbarlari va tashkilot idora masʼullariga aniq muddatlarga binoan yoʻnaltirildi. Hozirda muammolarning 6621 tasi ijobiy hal etildi. Ijobiy hal etilgan har bitta masala boʻyicha murojaatchining rozilik xati olinishi yoʻlga qoʻyildi. 3174 ta masala mablagʻ talab etilganligi sababli oʻrnatilgan tartibda yoʻl xaritalariga kiritildi.
Shu oʻrinda oʻtgan yili hokimlik, sud idoralari va sogʻliqni saqlash boshqarmasiga oid murojaatlar soni aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri olib borilgan muloqotlar tufayli ancha kamayganligini ham alohida qayd etib oʻtish lozim. Misol tariqasida aytadigan boʻlsak, Yashnobod tumani Behizor mahallasining Munavvar 1-tor koʻchasida 300 metr masofadagi taʼmirtalab yoʻl asfalt qilinib, obodonlashtirildi va yashil maydonlar tashkil etildi. Olmazor tumani Beshqoʻrgʻon koʻchasi 6-uyning yertoʻlasidagi 1995-yildan buyon taʼmirlanmagan oqava suv quvurlari toʻliq yangilandi.
Chilonzor tumani “Sharq” mahallasidagi 16-uyning tom qismi mukammal taʼmirga muhtojligi, issiq va sovuq suv quvurlari yaroqsiz holga kelib qolganligi aniqlandi. Bu masala Xalq qabulxonasi tomonidan tuman hokimligi bilan hamkorlikda ijobiy hal etildi.
Yakkasaroy tumanidagi Qushbegi mavzesi 2a-uyning yaroqsiz holga kelib qolgan qolgan lift ishlatildi. Shuningdek, Xalq qabulxonalari tomonidan kuz-qish mavsumini betalafot oʻtkazishga doir muloqotlarda aniqlanayotgan muammolarni yechimiga ham jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, Mirzo Ulugʻbek tumanidagi “Katta Qorasuv” MFY aholisi 600 metr uzunlikdagi yaroqsiz ichimlik suvi quvuri toʻliq almashtirildi. Olmazor tumani “Achaobod” MFY aholisi tomonidan bildirilgan murojaatga binoan eski simyogʻochlar oʻrniga yangisi oʻrnatildi. 1500 metr masofaga yangi kabel tortildi.
Xuddi shu kabi Bektemir tumani, Chirchiq koʻchasida joylashgan 2, 4, 6, 7, 8 — uylarda yashab kelayotgan aholi ham bir necha yillardan beri issiq suv quvurlari yaroqsizligidan shikoyat qilib kelgan edi. Ularning shikoyatlari ham tegishli idoralar tomonidan bartaraf etilishiga erishildi. Shu hududdagi 111-uyning tom qismi boʻyicha aholi murojaati hal qilib berildi. Yunusobod tumanida joylashgan 532-sonli maktabgacha taʼlim binosi ham Xalq qabulxonasi saʼy-harakati bilan taʼmirlandi.
Aholini ijtimoiy himoya qilishga doir masalalar ham Xalq qabulxonalarining doimiy diqqat markazida. Gap aholi salomatligini mustahkamlash haqida ketar ekan, oʻtgan yili poytaxtning 63 ta holati ogʻir deb hisoblangan hududlarida sayyor qabul va tibbiy koʻriklar tashkil qilinib, 12 366 fuqaro tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Natijada, 5000 ziyod bemorga bepul dori-darmon tarqatildi, 231 nafar fuqaro maxsus order bilan davolanish muassasalariga yuborildi. Shu maqsadda respublika tibbiyot muassasalaridan 17 nafar oliy toifadagi fan nomzodlari va tajribali shifokorlar ham jalb etildi.
Toshkent shahar Xalq qabulxonalari tomonidan amalga oshirilayotgan bu kabi ezgu va xayrli ishlar zamirida shubhasiz, xalqni rozi qilishdek ulugʻ maqsad mujassam. Buni chuqur anglab yetgan holda aniq reja va tizimli ish usuliga binoan faoliyat olib boryapmiz.
Darhaqiqat, har qanday muammo hech qachon oʻz-oʻzidan vujudga kelmaydi. U yillar davomida yigʻilib boradi. Shuning uchun ham muammolarni oʻz vaqtida bartaraf etish, ariza va shikoyatbozlikning oldini olish, xalq tili bilan aytganda, “temirni qizigʻida bosish” maqsadga muvofiqdir. Buning uchun tashkilot va idoralarda fuqarolar qabuli jadvaliga qatʼiy rioya qilish, masala va muammolar yechimini kechiktirmasdan hal qilish, aholining dard-hasratiga oʻz vaqtida eʼtibor qaratish bugungi kunning eng muhim vazifasidir.
Tohir MULLAJONOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Toshkent shahar Xalq qabulxonasi mudiri.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring