Kelgusi yili Navoiy kon-metallurgiya kombinatida suvni isitish toʻliq qayta tiklanuvchi manbalar orqali amalga oshiriladi
Foto: “Xalq soʻzi”
Navoiy kon-metallurgiya kombinati AJ mamlakatimiz iqtisodiyotining asosiy tayanchlaridan biri hisoblanib, shunga yarasha elektr energiyasi isteʼmolida ham yetakchilar safida.
Respublika Prezidentining «2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori navoiylik konchilar oldiga ham “yashil” energetikaga oʻtish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish orqali elektr energiyasi isteʼmoli yukini yengillashtirish vazifalarini qoʻygan.
Kombinat Bosh energetigi oʻrinbosari ishtirokida oʻtkazilgan brifing mazkur vazifalar ijrosiga bagʻishlandi.
Taʼkidlanishicha, joriy yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilish hisobiga 54,7 mln. kVt/soat elektr energiyasi hamda 1,2 mln. m3 tabiiy gazni tejash belgilanib, 1-oktyabr holatiga koʻra kombinatda 38 mln. kVt/soat elektr energiyasi tejashga erishildi.
— Bunda “EKG” rusumli ekskovatorlarga tranzistor oʻzgartirgichli dvigatel tizimini joriy etish, elektrodvigatellarga chastota oʻzgartirgichlarni qoʻllash, energiya tejamkor yoritish uskunalarini oʻrnatish, texnologik jarayonlarni takomillashtirish, mavjud uskunalarni kichik quvvatdagi uskunalarga almashtirish, modernizatsiya qilish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatish hisobiga erishilmoqda, — deydi korxona bosh energetik oʻrinbosari Ikromjon Shukurullayev. — Shuni alohida taʼkidlash joiz, kombina tuzilmalarida jami 1450 kVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyalari ishga tushirilib, hozirda ular tomonidan yiliga 2,465 mln. kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, joriy yil yakuniga qadar yana rejaga qoʻshimcha ravishda 2000 kVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushiriladi.
Natijada kombinat maʼmuriy binolarining elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojining 50 foizidan ortigʻi qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan qoplanadi.
Shuningdek, ayni kunlarda investitsiya loyihasi asosida “Auminzo-Amantoy” koni yaqinida 220 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasini qurish boʻyicha Birlashgan Arab Amirliklarining “Tepelen Group Holding Limited” kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda. Fotoelektr stansiyasi ishga tushirilgach, yiliga 374 mln. kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Quyosh suv isitish qurilmalarini joriy qilish yoʻnalishida esa ushbu qurilmalarning asosiy butlovchi qismlarini korxona tizimidagi sexlarda ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilib, ular xarajatining 50 foizgacha arzonlashishiga erishildi. 2023-yil rejasida 3346 dona vakuumli quyosh suv isitish qurilmasini ishlab chiqarish va oʻrnatilish moʻljallangan boʻlib, yil yakuni bilan uni 4993 taga yetkazish moʻljallangan. Natijada kelgusi yildan boshlab kombinat obyektlarining issiq suvga boʻlgan ehtiyoji 100 foizga taʼminlanadi. Buning hisobiga yiliga 1,7 mln. m3 tabiiy gaz va 15,8 mln. kVt/soat elektr energiyasi tejaladi. Tabiiyki, tejalgan gaz va elektr energiyasi aholi farovonligi va boshqa subyektlarda energiya taʼminoti barqarorligini yanada oshiradi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- “Oltin kuz” II Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali boʻlib oʻtadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring