Kelgusi yilda asosiy soliq turlari boʻyicha stavkalar oʻzgarishsiz qoldiriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Soliq va byudjet siyosatining 2025-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqilishda va “Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 429-moddasiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihalari birinchi oʻqishda jihatdan koʻrib chiqildi.
Maʼlum qilinishicha, “Soliq va byudjet siyosatining 2025-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasida aholi va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash, ularga qulay sharoitlar yaratish maqsadida quyidagilar nazarda tutilyapti.
Xususan, kelgusi yilda asosiy soliq turlari, jumladan foyda soligʻi, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi, ijtimoiy soliq, aylanmadan olinadigan soliq, qoʻshilgan qiymat soligʻi, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq turlari boʻyicha stavkalar oʻzgarishsiz qoldiriladi.
Shuningdek, mobil aloqa xizmatlari sohasiga investitsiyalar miqdorini koʻpaytirish, mobil aloqa va internet xizmati sifatini oshirish maqsadida mobil aloqa operatorlari uchun aksiz soligʻi bekor qilinmoqda. Bundan tashqari, mahalliy byudjetlar daromadini oshirish, ish oʻrinlarini legallashtirish hamda soliq boʻyicha Xalq deputatlari mahalliy kengashlar vakolatlarini oshirish maqsadida ularga yakka tartibdagi tadbirkorlarning qatʼiy belgilangan miqdorlardagi stavkalarini faoliyat turi va joylashgan hududiga qarab belgilash vakolati beriladi.
Qonun loyihasiga koʻra, yakka tartibdagi tadbirkorlarning yollagan xodimlari uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi yoki oʻzlari uchun belgilangan qatʼiy soliqning 50 foizini toʻlash huquqini berish hamda bozor va savdo komplekslarida faoliyat yuritayotgan yakka tadbirkorlarning yollagan xodimlari uchun ijtimoiy soliq stavkasini pasaytirish kabi normalar kiritilmoqda.
Deputatlar tomonidan biznes uchun soliq stavkalari oʻzgarishsiz saqlab qolinayotgani mamlakatimizda investitsiyaviy muhitga ijobiy taʼsir koʻrsatishi, tadbirkorlarning yanada rivojlanishiga xizmat qilishi alohida eʼtirof etildi.
Muhokamalarda xalq vakillari mahalliy Kengashlar vakolatlarini kengaytirish boʻyicha oʻz munosabatlarini bildirdi. Xususan, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qatʼiy belgilangan soliq stavkalarini mahalliy kengashlar tomonidan belgilash, suv soligʻi stavkasiga hamda noruda qurilish materiallari uchun qatʼiy belgilangan stavkalarga koeffitsiyent qoʻllash va nashriyot-matbaa korxonalarini foyda soligʻidan ozod qilishga oid normalar maʼqullandi.
Shuningdek, Jahon savdo tashkiloti talablariga qonunchiligimizni uygʻunlashtirish, atrof muhitni asrash, soliq maʼmurchiligini takomillashtirish orqali soliq bazasini yanada kengaytirishga qaratilgan choralar qoʻllab-quvvatlandi.
Qonun loyihasining qabul qilinishi iqtisodiyotda investitsiyaviy muhitni yaxshilash, tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida teng shart-sharoitlarni taʼminlash hamda biznes yuritishni yengillashtirishga xizmat qiladi. Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi oʻqishda qabul qilindi.
“Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 429-moddasiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda konseptual jihatdan koʻrib chiqilishi ham juda eʼtibor markazida boʻldi. Qayd etilganidek, respublikamizda shaharlar tobora kengayib borishi natijasida tumanlar hududidagi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer maydonlari shaharlar va shaharchalarning maʼmuriy chegaralariga oʻtib bormoqda.
Bu esa oʻz navbatida, shaharlar va shaharchalarning maʼmuriy chegarasida joylashgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer maydonlari mavjud korxonalar tomonidan toʻlanadigan yer soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlash tartibini takomillashtirishni taqozo etmoqda. Ushbu qonun loyihasi bilan, Soliq kodeksiga shaharlarning maʼmuriy chegaralarida joylashgan tumanlarida qishloq xoʻjaligi yerlari uchun yer soligʻini 2 baravar koʻp miqdorda toʻlash talabini bekor qilishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish kiritilyapti.
Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi shahar va shaharlarning maʼmuriy chegaralarida joylashgan qishloq xoʻjaligi korxonalari faoliyatini yanada yaxshilash, ularga qulay shart-sharoit yaratishga xizmat qiladi. Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi oʻqishda qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring