Kelajak uchun eng katta investitsiya

06:16 24 Mart 2023 Jamiyat
688 0

Prezidentimizning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqi­ga yoʻllagan Murojaatnomasida yangi Oʻzbekiston uchun eng katta inves­titsiya — taʼlimni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilishi taʼkidlandi. Bundan koʻrinib turibdiki, endilikda taʼlim sifati va ushbu sohada faoliyat yuri­tayotgan pedagoglarning nufuzi yanada oshadi.

Qolaversa, ushbu Murojaatnomada oʻquvchi-yoshlarning kamida ikkita chet tilni bilishi umummilliy eʼtibor darajasiga koʻtarilishi ham aytildi. Bolalarimiz maktabdan ona tili va chet tillarni puxta oʻzlashtirib, kompyuterda ishlashni oʻrganib chiqishdan tashqari ularning kasb-hunarlarga, sanʼat hamda madaniyatga qiziqishi yanada kuchayadi.

Taʼkidlash joizki, bugungi kunda mamlakatimizda nav­qiron avlod uchun keng imkoniyatlar ­eshigi ochildi. Ularning oʻqishi, ilm-fan yoxud tadbirkorlik bilan shugʻullanishi uchun qator imtiyozlar, qulay shart-sharoitlar yaratilayotir. Shunday ekan, kelajagimizning mus­tahkam poydevori sanalgan yoshlar har jihatdan mukammal boʻlishi, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini egallashi, mustaqil fikrlay olishi, xorijiy tillarni puxta ­bilishi juda muhimdir.

Rivojlanish sari yuz tutayotgan mamlakatimiz yoshlari uchun xorijiy tillarni bilish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Shu maʼnoda joriy yilning yanvar oyida davlatimiz rahbari raisligida maktablarda xorijiy tillar va kasb oʻrgatish tizimini rivojlantirish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan kengaytirilgan yigʻilishda ham chet tillarni oʻqitish sifatini oshirish va oʻquvchilarni kasbga yoʻnaltirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Xoʻsh, chet tillarini oʻrganish borasida, xususan, taʼlim tizimida qanday kamchiliklar bor? Maktablarda 1-sinf­dan 11-sinfgacha xorijiy tillar qay darajada oʻrgatilmoqda va u talabga javob beradimi? 11 yil maktabda oʻqigan bola chet tilini nega mukammal egallay olmayapti?

Xorijiy til oʻquvchilarining asosiy konsepti erkin va kreativ fikrlashga qaratilgan boʻlishi, har bir oʻquvchining qobiliyati va chet tili boʻyicha mavjud bilim bazasi xatosiz tashxis qilingan holda oʻqitishning maqbul metodik yondashuvi ishlab chiqilishi va muayyan sohaga yoʻnaltirib oʻqitish kutilgan natijalarni beradi. Bu jarayonda ustoz-muallimlar, professor-oʻqituvchilar, taʼlimga daxldor barcha mutaxassislar faol boʻlishi va bu keng jamoatchilikning amaliy harakatiga aylanishi talab etiladi.

Taʼlim va tarbiya sifati talab darajasidami?

Taʼkidlash lozimki, taʼlim va ­tarbiya sifati, oʻqituvchilarning bilimi va mahoratini talab darajasida deb boʻlmaydi. Xabaringiz bor, 2012-yilda 1-sinf­dan boshlab xorijiy tilni oʻrganish yoʻlga qoʻyilgandi. Oliy taʼlim muassasalarida “PRESETT” das­turi asosida oʻqitish va til koʻnikmalarini rivojlantirish amalga oshirish boshlangan edi. Bugun oʻsha 1-sinflarda oʻqigan farzandlarimiz umumtaʼlim maktablarini tamomlab, ayrimlari oliy oʻquv yurt­lariga kirdi.

Xoʻsh, bugun ularning chet tili boʻyicha oʻzlashtirish darajasi talabga javob beradimi? Bu metodik yondashuvning samarasi qanday boʻldi? Kutilgan natijani berdimi?

Toʻgʻri, bu borada bir qator yutuqlarga erishilgani shubhasiz. Avvalambor, xorijiy tilni oʻrganishning shaxs faoliyatidagi hamda jamiyat oldidagi ahamiyati yoshlar ongiga singdirildi. Yoshlarimiz tilni bilishi natijasida rivojlangan mamlakatlar oliy taʼlim muassasalarida oʻqish imkoniyati ­yaratildi. Til oʻrganishga qiziqish ­oldingidan sezilarli darajada kuchaydi va ommalashdi.

Ammo bugungi tahlillarga koʻra, bir qadar yutuqlar boʻlgani eʼtirof etilsa-da, barchamizni tashvishga soladigan jihatlar ham anchagina ekanligi ayon boʻlib bormoqda.

Masalan, Jizzax viloyatida 16 ming­ga yaqin bitiruvchilarning bor-yoʻgʻi 300 nafari imtiyozli chet tili sertifikatini egallashini ham yaxshi koʻrsatkich deb boʻlmaydi. Bu imtiyozli sertifikat olganlar, asosan, ingliz tilini chuqur oʻrganuvchilar, ammo fizika, ­ximiya va boshqa fanlarni tanlagan oʻquvchilar-chi?

Bugun davlat rahbari bitiruvchi oʻquvchilar kamida ikkita xorijiy tilni bilishi zarurligini uqtirmoqda. Afsuski, keyingi yillarda ingliz tilidan bosh­qa tillarni oʻrganish ragʻbatlantirilmadi. Oldingi yoʻl qoʻyilgan xatolar bu tillarni maktablarda deyarli oʻqitilmaslikka olib keldi.

Hozirgi paytda Jizzax viloyatida 17 nafar fransuz tili oʻqituvchisi, 23 nafar nemis tili oʻqituvchisi faoliyat yuritadi, xolos. Biron-bir maktabda sharq tillarini, jumladan, ­xitoy, koreys, yapon tillarini oʻrganish yoʻlga qoʻyilmagan. Shu maʼnoda, oʻquvchining maktabda ikkita xorijiy tilni oʻrganishi uchun ham tashkiliy, ham amaliy imkoniyat mavjud emas. Qolaversa, viloyat oliy taʼlim muassasalarida ingliz tilidan boshqa tillar boʻyicha mutaxassislar tayyorlanmaydi.

Fikrimizcha, oliygohlarda boshqa xorijiy tillarni ham oʻqitish va mutaxassislar tayyorlashga eʼtiborni kuchaytirish zarur. Jumladan, fransuz, nemis, xitoy, yapon, koreys tillari boʻyicha mutaxassislar tayyorlovchi boʻlimlarni yoʻlga qoʻyish, bundan ­tashqari, bu tillarni ikkinchi til ­sifatida oʻqitishni kuchaytirish ­maqsadga muvofiq.

Xususan, ingliz-fransuz, ingliz-nemis, ingliz-xitoy, ingliz-yapon, ­ingliz-koreys ixtisosligini berish amaliyotini joriy etish ham samara beradi deb oʻylaymiz.

Umuman, xorijiy tillarni samarali oʻqitishning kaliti — zamonaviy bilimi egallagan, saviyali xorijiy til koʻnikmasiga ega boʻlgan oʻqituvchilarni tayyorlash bilan bogʻliqdir.

Oʻzaro hamkorlikning amaliy natijalari

Bugungi kunda Jizzax davlat pedagogika universitetida bir yarim mingdan ortiq talabalar chet tillarni oʻrganmoqda. Xorijiy tillar fakultetida asosiy mutaxassislik fani sifatida ingliz tili, ikkinchi til sifatida esa nemis va fransuz tillari oʻqitilmoqda.

Ayni chogʻda nofilologik fakultetlarda ham chet tilini oʻrgatishga alohida eʼtibor qaratilayotir. Talabalar hamda professor-oʻqituvchilarimiz xorijiy tillarni bilish darajasiga, yaʼni xalqaro va milliy kvalifikatsiya, jumladan, “IELTS”, “CEFR”, “APTIS”, “TKT”, “CELTA”, “TESOL” kabi sertifikatlarni olishga alohida eʼtibor qaratilmoqda hamda ushbu sertifikatga ega professor-oʻqituvchilar, talabalar ragʻbatlantirilib borilayotir.

Universitet va Britaniya Kengashi bilan tuzilgan oʻzaro hamkorlik shartnomasi asosida Jizzax davlat pedagogika universitetida “IELTS” imtihonlari oʻtkazilmoqda. Shartnomaga koʻra, jizzaxlik talabalar, abituriyentlar, professor-oʻqituvchilar Jizzax shahrining oʻzida ushbu xalqaro imtihonni topshirish imkoniyatiga ega boʻldi.

Universitet professor-oʻqituvchilari oliy taʼlim tizimida xorijiy tillar oʻqitish uzviyligini taʼminlash, taʼlimning barcha yoʻnalishi uchun oʻquv ada­biyotlar va darsliklarning yangi avlodini chet ellik hamkorlar ishtirokida yaratish borasida ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Shuningdek, professor-oʻqituvchilarni xorijiy davlatlarga ilmiy stajirovkalarga va malaka oshirish kurslariga yuborish ustuvor yoʻnalishlardan biri hisoblanadi hamda bu borada jahondagi nufuzli xalqaro universitetlar bilan hamkorlikda ishlar amalga oshirilyapti.

Universitetimiz koʻplab xorijiy hamkorlar bilan yaqin ilmiy aloqalarni yoʻlga qoʻygan. Jumladan, Buyuk Britaniyaning Norvich va Portsmud, Fransiya, Turkiya va Qozogʻistonning bir nech­ta universitetlari, Rossiya Federa­siyasining Moskva va Tula davlat pedagogika universitetlari hamda ­boshqa koʻplab oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik shartnomalari imzolangan.

Yana bir muhim masala shundaki, oliy taʼlim muassasalari va umumtaʼlim maktablari oʻrtasidagi aloqani keskin darajada kuchaytirish lozim. Xalqaro (PISA, PIRLS, TIMSS, EGMA, EGRA) ­dasturlar talablari toʻgʻrisida hamda oʻquvchilarni mazkur tadqiqotlarda qatnashishga tayyorlash boʻyicha oliy taʼlim muassasalari oʻqituvchi-oʻquvchilari oʻrtasida keng tushuntirish ishlarini olib borishi lozim. Seminarlar, treninglar, davra suhbatlari tashkil etish maqsadga muvofiq.

2023/2024 oʻquv yilidan boshlab har bir shahar va tumanimizdagi bittadan umumtaʼlim maktabida ikkinchi xorijiy tilni oʻqitish yoʻlga qoʻyilib, oʻquvchi-yoshlarni zamonaviy kasblarga oʻrgatish boʻyicha rejalashtirilgan tajriba-sinov maktablari — Doʻstlik, Zomin tumanlari va Jizzax shahridagi 10 ta umumtaʼlim maktabida amalga oshiriladigan boʻldi.

Ilmiy-metodik ishlarga maktab oʻqituvchilarini jalb qilish, xalqaro baholash dasturlariga tayyorlovchi “stesting.uz” platformasi orqali umumtaʼlim maktablarining oʻquvchilarini “PISA”, “PIRLS”, “TIMSS” onlayn tayyorgarlik sinovlarida ishtirok etishini taʼminlash ham yaxshi natija beradi deb ishonamiz.

Maktab oʻquvchilari oʻrtasida “Spelling Bee”, “Brilliant Minds” fan olimpiadalarini oʻtkazish, maktabdan xorijiy tillarni puxta oʻzlashtirgan oʻquvchilarni saralab olib, xorijiy tilda “CLIL” (Content and Language Integrated Learning) texnologiyasi asosida oʻquv jarayonini tashkil etishga ustuvor ahamiyat qaratilishi lozim. Qolaversa, maktab oʻquvchilarida tanqidiy fikr­lash (Critical thinking); kollaboratsiya (Team Work — jamoaviy ishlash); kreativlik (Creativity — ijodkorlik); kommunikatsiya (Communicative skills — muloqot koʻnikmalari)ni shakllantiruvchi metodlar yuzasidan bahs-munozara oʻtkazish, xorijiy tillarni oʻqitishda “blended learning”, “flipped learning” texnologiyalaridan samarali foydalanish orqali oʻquv jarayonida oliy taʼlim muassasalari oʻqituvchilari maktab oʻqituvchilari bilan yonma-yon faoliyat yuritishi yaxshi samara beradi.

Xorijiy tillar taʼlim yoʻnalishi bitiruvchi kurs talabalarini taʼlim muassasalarida “CLIL” yondashuvi boʻyicha ishlashiga sharoit yaratish maqsadga muvofiq. Buning uchun bitiruvchi kurs talabalari oʻquv jarayonini tashkil qilishda dual taʼlim prinsiplarini joriy etish tavsiya qilinadi, yaʼni tabiiy fanlar yoki aniq fanlar yoʻnalishini bitirayotgan talabaga xorijiy tillar qoʻshimcha kvalifikatsiyasi berilishi natijasida, deylik, biologiya ­fanini ing­liz tilida oʻqitadigan ­mutaxassis yetishib chiqishiga im­koniyat yaratiladi.

Ezgu maqsadlarga bilim orqali erishiladi

Bugungi zamonaviy dunyoda kompyuter tarjimonlar, turli dasturlar va ovozni aniqlash texnologiyalaridagi rivojlanish sharofati bilan xorijiy tillarni oʻrganish imkoniyati yanada kengaymoqda. Mamlakatimizning har bir burchagida qator til markazlari faoliyat olib boryapti.

Jumladan, oliy taʼlim muassasalari qoshida ham xorijiy tillarni oʻrganishga qaratilgan markazlar yoshlar xizmatiga shay turibdi. Bu esa yoshlarning xorij tillarini puxta oʻrganish, oʻz sohasiga oid xalqaro tajribalarni egallash imkoniyatlarini kengaytiradi.

Masalan, maktablar qoshida ochilgan kasbga oʻrgatish markazlari oʻquvchilarni kasbga tayyorlashning samarali yoʻlidir. Biroq davlatimiz rahbari sohadagi mavjud muammolarni hal etish boʻyicha tanqidiy fikrlarni bildirar ekan, sharoit va mutaxassislar yoʻqligi sababli yoshlarni kasblarga qiziqtirish muhiti shakllanmaganligini, maktab bitiruvchilarining 50 foizi mehnat bozoriga hech qanday kasbga ega boʻlmasdan kirib kelayotganini afsus bilan taʼkidladi. Shu bois ham maktablarda kasb-hunar ustaxonalari tashkil etish, ularni jihozlash va zarur ashyolar bilan taʼminlash vazifasi qoʻyildi.

Bugun odamlarni ish bilan taʼminlash, biror faoliyat turiga jalb etishning eng samarali yoʻli — ularni kasb-hunarga oʻqitishdir. Maktab oʻquvchisiga hayotida asqatadigan biror-bir hunarni oʻrgatish, egallagan kasbi boʻyicha boʻsh ish oʻrni yaratish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi.

Maʼlumki, mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, ishsizlarni kasbga qayta tayyorlashga zarur sha­roitlar yaratilgan. Maktablar qoshida tashkil etiladigan monomarkazlar ­faoliyati oʻquvchi yoshlarni kasb-hunar, xorijiy til kurslari, raqamli texnologiyalarga oʻqitishga yoʻnaltirilgani bilan katta ahamiyatga ega. Xoʻsh, uni rivojlantirish uchun nimalarga eʼtibor qaratish kerak?

Eng avvalo, Prezidentimiz tomonidan kasbga yoʻnaltirish masalalari boʻyicha belgilab bergan vazifalar ijrosini taʼminlash uchun umumiy oʻrta taʼlim maktablarida kasbga oʻrgatish markazlari tashkil etib, 10 va 11-sinf oʻquvchilariga kasbiy tayyorgarlik taʼlimi berish, uzluksiz taʼlim tizimini yoʻlga qoʻyish dolzarb masala hisoblanadi. Kasbga yoʻnaltirish ishlarini takomillashtirish uchun umumiy oʻrta taʼlim maktablari qoshida mavjud oʻquv moddiy-texnika bazasini qayta koʻrib chiqib, tumanlar kesimida kasbga oʻr­gatish markazlarini ochish talab etiladi.

Eʼtiborlisi, bunda oʻquvchilarni hayotga tayyorlashda kasbiy bilimlar berish asosida mehnat, kasbiy koʻnikma hamda malaka mahoratini egallashi taʼminlanadi. Qolaversa, kasbga oʻrgatish markazlarida tegishli kasb-hunarning turiga koʻra hududdagi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlik shart­nomalari asosida amaliy mashgʻulotlar yoʻlga qoʻyiladi.

Mazkur yoʻnalishdagi kasbga oʻr­gatish markazi ishini faollashtirish uchun qator imtiyozlar berish, jumladan, oʻquv kurslarini davlat hisobidan tashkil etish, moliyalashtirishni davlat va mahalliy byudjetdan taʼminlash, xalqaro malaka sertifikatini olgan har bir oʻqituvchi uchun qoʻshimcha ustama belgilash, qoʻshimcha binolar qurish va maktab tasarrufidan tashqari boʻsh binolarni uzoq muddatga ijaraga berish, xorijdan keltiriladigan adabiyotlar va uskunalarni imtiyozli xarid qilish kabi yengilliklar berilishini nazarda tutish maqsadga muvofiq, albatta.

Har bir maktabning hududiy joylashuvini hisobga olib, kasbga oʻrgatish markazlarida ixtisosliklar boʻyicha kasb­larga tayyorlash, shuningdek, 3 ta xorijiy til, tadbirkorlik koʻnikmalari, kompyuter dizayni dasturlari boʻyicha oʻquv kurslari tashkil etiladi. Oʻquv kursi davomida jami 100 — 120 soatli kasbiy tayyorgarlik taʼlimi berilib, yakunda tegishli ixtisosliklar boʻyicha ishlab chiqarish amaliyoti oʻtkaziladi.

Kasbga oʻrgatish markazlarini muvaffaqiyatli tugatgan oʻquvchilarga tegishli ixtisosliklar boʻyicha mehnat qilish huquqini beruvchi Kasbiy malakani baholash markazidagi sinovlari asosida tegishli sertifikat berilishi koʻzda tutiladi. Mazkur sertifikat mutaxassisning kasbiy mahoratini tavsiflab, ahamiyatli jihati, oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimi diplomi darajasiga tenglashtiriladi va egallagan bilimlarini mehnat faoliyatida amalga oshirish huquqini beradi.

Tarbiyaning magʻzi va mazmuni

Umumiy oʻrta taʼlim maktablarida tashkil etiladigan kasbga oʻrgatish markazlarida kasbiy tayyorgarlik taʼlimini amalga oshirish, asosan, texnologiya taʼlimi oʻqituvchilari zimmasiga yuklanadi. Ammo hozirda tayyorlanayotgan texnologiya taʼlimi oʻqituvchilari umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 10 va 11-sinflari hamda kasb-hunar maktablarida kasbiy tayyorgarlik taʼlimi boʻyicha dars mashgʻulotlari olib borish uchun yetarli darajada kasbiy tayyorgarlikka ega emas.

Shu bois ham texnologiya taʼlimini texnologiya va dizayn, servis xizmati koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi asoslari yoʻnalishlari bazasida yoshlarga kasb­ga oʻrgatish markazlarida darslarni uyushtirish va oʻtkazishni uddalay olishga qaratilgan kasbiy tayyorgarlik taʼlimi ixtisosliklarini ochish bugungi kun talabidir. Qolaversa, bunday oʻqituvchilarni tayyorlashga qaratilgan oʻquv rejalariga bevosita texnologiya taʼlimiga bogʻliq boʻlgan kasbiy tayyorgarlik taʼlimi ixtisosliklarini qamraydigan oʻquv fanlarini kiritish lozim boʻladi.

Mehnat tarbiyasi — tarbiyaning magʻzini, mazmunini tashkil etadi. Barcha xalqlarning eng ilgʻor anʼanalari mehnat jarayonida paydo boʻlib takomillashadi. Mehnat anʼanalarining tayanchi sifatida yoshlarni hayotga, ijti­moiy foydali mehnat faoliyatga tayyorlash ham muhim ahamiyatga egadir.

Biz yoshlar tarbiyasida Texnologiya faniga hayotiy ehtiyoj sifatida qarashimiz bilan oʻquvchini betartiblik va dangasalikka chalinishining oldini olibgina qolmay uning kelajakdagi maʼlum bir kasb egasi boʻlishiga zamin yaratamiz. Aks holda, oʻsib kelayotgan yosh avlod oʻz holiga tashlab qoʻyilsa, mehnatga boʻlgan tabiiy intilish soʻnadi.

Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 10 mingdan ortiq umumiy oʻrta taʼlim maktablarini har yili 500 mingga yaqin oʻquvchi-yoshlar bitirib, ularning 30 foizi taʼlimning keyingi bos­qichlarida (oliy taʼlim muassasalarida) oʻqishni davom ettirishadi. Qolgan 70 foiz bitiruvchilar oʻzlarining mehnat faoliyatlarini boshlashi yoki professional taʼlim muassasalarida kasb-hunar oʻrganishlari uchun umumtaʼlim maktablarida Texnologiya faniga ajratilgan soatlar hajmi, oʻquv dasturi mazmunini xorijiy mamlakatlarning taʼlim dasturlari asosida tubdan qayta koʻrib chiqish va takomil­lashtirishni taqozo etadi.

Shu oʻrinda yana bir savolni oʻrtaga tashlamaslikning iloji yoʻq. Bugungi kunda umumiy oʻrta taʼlim maktablarining yuqori sinflarida oʻqitilayotgan ushbu fan dasturi mazmuni oʻquvchilarga dastlabki hayotiy kasbiy koʻnikmalarni egallashi uchun talabga javob beradimi?

Maʼlumotlarga koʻra, oʻquvchi-yoshlarga mustaqil ishlash koʻnikmalarini rivojlantirib borish maqsadida Rossiya­da Texnologiya fani oʻquv dasturi mazmuniga “Konstruksion buyumlardan materiallar yasash” (22 soat), “Chizmachilik va grafika” (10 soat) kabi mavzularni oʻqitish orqali kasbiy koʻnikmalari shakllantirilsa, Belarus maktablarida esa “Veb-saytlarni yaratish va konstruksiyalash” (6 soat), “Tadbirkorlik asoslari” (10 soat) kabi mavzular, Qozogʻistonda “Yogʻochga qoʻlda ishlov berish” (7 soat), “Metallarga qoʻlda ishlov berish” (8 soat) kabi mavzularni oʻqitish orqali kasbga yoʻnaltirish ishlari amalga oshirilib kelinmoqda.

Bundan koʻrinadiki, rivojlangan xorij mamlakatlari tajribasidan kelib chiqib, Oʻzbekiston umumiy oʻrta taʼlim tizimida 1 — 11-sinfgacha Texnologiya fanini kiritish hamda unga haftasiga kamida 2 soatdan ajratish, oʻquv dasturlarini tubdan qayta koʻrib chiqish va takomillashtirish maqsadga muvofiq boʻlar edi.

Aslida ham bilim va koʻnikma bir nuqtada birlashtirilgandagina mehnat bozori talablariga javob beradigan, yalpi ichki mahsulotning ortishiga ­xizmat qiladigan kadrlar shakllanishiga erishish mumkin. Maktablarda kasb-hunar taʼlimi esa ayni maqsadlarning amalga oshishiga xizmat qiladi.

Tan olish kerak, ilgari kasb-hunar kollejlari faqat diplom beradi deya tanqid qilinardi. Bu kinoyali ibora zamirida haqiqat uchqunlari ham yoʻq emas. Aslida bunday taʼlim maskanlarida bilim, amaliy koʻnikma, har qanday yangilikni qabul qila olish va moslashish qobiliyati shakllantirilishi lozim edi. Ming afsuski, jarayon sinf xonasidan tashqariga chiqmadi. Yoshlar faqat nazariy bilim bilan cheklanib qoʻya qoldi. Maktablarda oʻquvchilarni kasb-hunarga oʻrgatish, oʻz sohasi boʻyicha bevosita jarayonning oʻzida ishtirok etib, koʻnikma hosil qilish esa tamomila boshqa masala.

Umuman olganda, bugungi kunda taʼlim va kasbga tayyorlash yoʻnalishida olib borilayotgan islohotlar oʻz samaralarini bermoqda. Ammo bu bilan cheklanmasdan, bu boradagi ishlarni ­xalqaro tajribalardan kelib chiqib, yanada takomillashtirib borish davr taqozosidir.

Shavkat SHARIPOV,

Jizzax davlat pedagogika universiteti rektori,

pedagogika fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?