Kechagi kimsasiz dashtlar bugun bogʻu rogʻlarga aylanmoqda

21:32 22 Dekabr 2021 Jamiyat
880 0

Foto: Халқ сўзи

Mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini kafolatlashda qishloq xoʻjaligining oʻrni muhim, albatta. Shunga koʻra soʻnggi yillarda agrar sektordagi islohotlarni bekamu koʻst amalga oshirish, sohaga ilm-fan yutuqlari, ilgʻor texnologiya, innovatsion usullarni keng joriy etish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash chora-tadbirlariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Bugungi kunda Samarqand viloyatida sohada jami 51 ta klaster faoliyat koʻrsatyapti. Shulardan 9 tasi paxta-toʻqimachilik, 23 tasi gʻallachilik, 13 tasi meva-sabzavotchilik, 5 tasi kartoshkachilik va bittasi dorivor oʻsimliklarni yetishtirishga ixtisoslashgan. Ularga 200 ming gektar yer maydoni ajratilgan.

Tizimga yangiliklarni izchil jalb etib kelayotgan viloyat qishloq xoʻjaligi xodimlari bu yilgi mavsumda suv taqchilligi kuzatilgani va tabiat injiqliklariga qaramay, gʻalladan 627 ming tonna xirmon koʻtargan boʻlsa, 244 ming tonna paxta yetishtirib, har gektardan 32,4 sentner hosil yigʻib olindi. Ayni paytda paxtachilikda rentabellik darajasi 22 foizga toʻgʻri kelmoqda.

Bunga koʻp jihatdan viloyatda 9 ta paxta-toʻqimachilik klasteri asosida ish yuritilayotgani qoʻl kelayotir. Sugʻorish qiyin, yer unumdorligi nisbatan past boʻlgan maydonlarda tashkil etilgan paxta-toʻqimachilik klasterlari tez orada oʻz samarasini koʻrsatdi. 5400 gektar yerda tomchilatib sugʻorish usuli yoʻlga qoʻyildi. Xarajat fermer xoʻjaliklaridan koʻra 30 foizga qisqardi. Paxtadan oʻrtacha 33 sentnerdan hosil olindi.

Bundan tashqari 1,7 million tonna sabzavotlar, 711 ming tonna kartoshka, 128 ming tonna poliz mahsulotlari, 379 ming tonna sarhil mevalar, 565 ming tonna uzum, 3 ming tonna pilla, 315 ming tonna goʻsht hamda 1,4 million tonna sut tayyorlashga erishildi.

Yerni haqiqiy egasiga berish, ayniqsa, mahsulot yetishtirishdan tortib uni sotishgacha boʻlgan agrobiznesning yaxlit zanjirini oʻz ichiga qamrab olgan klaster modelini va kooperatsiya tizimini yoʻlga qoʻyish oʻz natijalarini koʻrsatmoqda.

Shu bilan birga viloyatda “Bir mahalla - bir mahsulot” tamoyili asosida 121 ta mahalla sabzavot, kartoshka, poliz va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishga ixtisoslashtirildi. Eʼtiborlisi, ularning nafaqat ichki bozorni toʻldirishda, balki eksportda ham hissasi katta boʻlmoqda. Joriy yilda viloyatdan 54 ta davlatga 105 million AQSH dollariga teng boʻlgan 130 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilindi.

Yana bir dolzarb jihat. Prezidentimizning “Respublikada pillachilik tarmogʻini jadal rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida pillani qayta ishlash korxonalari toʻliq modernizatsiyalashtirildi. “Kumush tola ijodkorlari” toʻrt mavsumda 3 ming tonnaga yaqin qimmatbaho sanoat xom ashyosi tayyorladilar. Hozirga qadar 14 million AQSH dollarlik ipak va ipak mahsulotlari xorijga eksport kilindi.

Bundan tashqari parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik va boshqa tarmoqlarda ham oldingi yillarga qaraganda koʻproq mahsulot yetishtirishga erishilmoqda. Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoatini rivojlantirishga karatilgan investitsiyaviy loyihalarning ijrosini taʼminlash buyicha manzilli ishlar roʻyobga chiqarilyapti.

Bugungi kunda Samarqand viloyatida 15 ming gektar yerda intensiv bogʻ mavjud boʻlib, bu yil 3,5 ming gektarda yangi bogʻlar barpo etildi. Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, ilgari intensiv koʻchatlar import yoʻli bilan xorijdan keltirilgan boʻlsa, bugungi kunda Jomboy va Toyloq tumanlarida faoliyat koʻrsatayotgan zamonaviy IN-VETRO laboratoriyalarida bir million tupdan ortiq istiqbolli hisoblangan bodom, yongʻoq, gilos, olma, shaftoli, hattoki uzum koʻchatlari tayyorlanib, fermer xoʻjaliklari va aholi tomorqalari uchun yetkazib berilmoqda.

— Joriy yilda birgina Samarqand tumanida qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoatini rivojlantirishga qaratilgan qiymati 82 milliard soʻmlik 18 ta loyihani amaliyotga joriy etish hisobidan 200 kishi ish bilan taʼminlandi, — deydi Samarqand viloyat qishloq xoʻjalik boshqarmasi boʻlim boshligʻi Asomiddin Oʻrinov. — Har biri 36-40 nafar ish oʻrnini yaratgan “Zarafshon parranda invest”, “Agro baxt saxovati” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi korxonalarda ishga tushirilgan yirik loyihalar shular jumlasidan.

Samarqand tumanidagi “Kurbon Azizov” koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi ham namunali ishlab chiqarish subyektlari sirasiga kiradi. Qishloq mulkdorlari uzum va meva yetishtirishda loyiha qiymati 136 ming AQSH dollariga teng suvni tejovchi texnologiyalarni qoʻllash hisobidan Ilonsoy qir-adirliklaridagi qariyb 70 gektar yerni oʻzlashtirib, tomchilatib sugʻorish usulining afzalliklaridan bahramand boʻlmokdalar.

— Oʻtgan yili 350 ming AQSH dollari miqdorida qishloq xoʻjalik mahsulotlari eksportga chiqarilgan edik, — deydi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi rahbari Jamshid Azizov. — Joriy yildagi moʻljal bu koʻrsatkichni 500 ming AQSH dollariga yetkazishdir. Xozirgi kunda sigʻimi ming tonnalik oltita sovutkichda meva va uzum mahsulotlari saqlanib, peshma-pesh ichki hamda tashqi isteʼmol bozoriga chiqarilmokda.

“Multi-Frut-Koreya” Oʻzbekiston-Koreya qoʻshma korxonasi innovatsion yoʻldan borayotgan yirik iqtisodiyot bugʻinlaridan biri hisoblanadi. 12 million AQSH dollarilik toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya kiritish orqali ish boshlagan korxona yerlari Ohalikning qir-adirliklariga tutash boʻlib, asosan jarlik, toshloq, past-balanddan iborat edi. Tadbirkorlarning tashabbusi, inson aql-zakovati, intilishi, tirishqoqligi bilan samarasiz yerlar bugun chinakam bogʻu-boʻston, gulistonga aylantirildi. Prezidentimizning “Qishloq xoʻjaligiga suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida mazkur hududda har biri 30 ming kub metr hajmdagi suvni saqlaydigan beshta maxsus membrana bilan oʻralgan hovuz tiklandi. Hozirgi kunda 574 gektar yerning 430 gektarida oʻstirilayotgan gilos, yongʻoq, anor, pavloniya daraxti koʻchatlarining har bir maydoni uchun alohida tomchilatib sugʻorish texnologiyasi oʻrnatilgan.

— Yaqinda yana bir innovatsion loyihaga qoʻl urildi, — deydi korxona ish yurituvchisi Sanʼat Hakimov. — Bu yerda zamonaviy sex ishga tushirilib, soatiga uch tonna anor, olma, shaftolini saralab, qadoqlaydigan texnologiya oʻrnatildi. Shu tariqa maxsus idishlarga joylashtirilayotgan mahsulotlarimiz toʻgʻridan-toʻgʻri xorijga eksport qilinmoqda. Kelgusida korxona qoshida gilosni qadoqlaydigan texnologiyani oʻrnatish ham koʻzda tutilmokda.

Korxonada intensiv koʻchatlar yetishtirish ham keng yoʻlga qoʻyilgan. Dastlab bunday koʻchatlar valyuta evaziga Turkiyadan keltirilar edi. Hozir esa koʻchatchilik xoʻjaligida 20 ming tup pavloniya, 25 ming tup gilos, 18 ming tup anor, 10 ming tup yongʻoq koʻchatlari payvand qilinib, ekishga shay holga keltirib qoʻyilgan.

Xullas, kechagi kimsasiz dasht yerlarda bugun hayot qaynamoqda. Bularning hammasi Yangi Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligida amalga oshirilayotgan islohotlarning dastlabki mevalaridir. Zotan, bunday jadal oʻzgarishu yangilanishlarni viloyatning har bir tumanida uchratish mumkin.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?