Katta muvaffaqiyat kichik gʻoyalardan boshlanadi

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Kichik va oʻrta biznes sanoat raqobatbardoshligining oʻsishiga, innovatsiyalarning kuchayishiga, ish oʻrinlarini yaratishga, aholining katta qismini daromad bilan taʼminlashga, ijtimoiy himoya qilishga sezilarli taʼsir koʻrsatadi. Har bir yirik kompaniyaning ortida kichik biznes, gʻoya va harakat, davlatimizning qoʻllab-quvvatlashi turibdi. Bugungi kundagi yirik tadbirkorlik subyektlari ham kichik biznesdan boshlab, mehnatsevarlik, tashabbuskorlik va rivojlanishga intilish, qulay shart-sharoitlardan unumli foydalanish orqali yuksak yutuqlarga erishgan. Shu bois yurtimizda kichik va oʻrta tadbirkorlar soni besh yilda ikki barobarga koʻpaydi.
Surxondaryo viloyatida ham oʻtgan yili kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish, oilaviy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash maqsadida tijorat banklari tomonidan 8,6 trillion soʻm kredit mablagʻi ajratildi. Shundan, 23 ming 752 nafar kichik biznes subyektlariga 3 trillion 886 milliard soʻm kredit mablagʻlari berildi.
Denov tumani “Qoʻzichoqli” mahallasida joylashgan “Kamfor PROF” MCHJga 1,2 milliard soʻm miqdorida kredit ajratilgandi. Tashabbuskor tomonidan “Pinoplas” ishlab chiqarish loyihasining ishga tushirilishi natijasida qoʻshimcha 10 ta yangi ish oʻrni yaratildi. A.Navoiy nomidagi mahallada joylashgan “Farm Dunyo MPKS” MCHJga 2 milliard 900 million soʻm miqdorida kredit olib berilishi natijasida tadbirkor tomonidan “Tibbiy niqoblar va qoʻlqoplar” ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi. Natijada 15 ta yangi ish oʻrni ochildi. Sherobod tumani “Taroqli” mahallasida yashovchi Hakim Boymurodov ham oʻz xonadonida plastik toʻqima stol-stul ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydi. Tijorat bankining imtiyozli 50 million soʻmlik krediti evaziga oilaviy korxonasini kengaytirib, oltida doimiy ish oʻrni yaratdi.
— Internetdan plastik stol-stul toʻqishni oʻrgandim, — deydi tadbirkor Sevara Tursunova. — Turmush oʻrtogʻim metalldan stol-stullarning asosini tayyorlab bersa, men ustiga plastik toʻqima qopladim. Bugun mahalladagi olti nafar ishsiz yoshlarni doimiy bandligini taʼminladik. Ayni paytda bir kunda 3-4 jamlama stol-stul tayyorlayapmiz. Mahsulotimiz xaridorgir. Daromadimiz ham yaxshi. Faoliyatimizni kengaytirib, mahsulotimiz turini koʻpaytirishni rejalashtiryapmiz.
Denovlik Qurbonali Qozoqov ham yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, “Qurbonali tekstil” oilaviy korxonasini tashkil etdi. Oilaviy korxona avtomobillar oʻrindigʻi uchun qoplamalar ishlab chiqarmoqda.
— Faoliyatimizni boshlaganimizda xomashyoning barchasini sotib olardik, — deydi tadbirkor. — Hozirgi kunda ishimiz uchun zamonaviy uskunalar oʻrnatdik. Natijada mahsulotning 70-80 foizi oʻzimizda tayyorlanmoqda. Bir kunda 100 donadan ortiq 15 xildagi qoplama ishlab chiqaramiz.
Korxona 2017-yilda oʻz faoliyatini boshlagan. Dastlab 5 nafar tikuvchi bilan ish boshlagan boʻlsa, hozirda hududdagi 80 nafardan ziyod xotin-qizlar mazkur korxonada faoliyat koʻrsatmoqda. Ular ishlab chiqarayotgan qoplamalarga mahalliy bozorda talab yuqori. Bugun hududlardagi kichik va oʻrta biznes vakillariga yaratilayotgan imkoniyat va koʻrsatilayotgan koʻmak kelgusida ularning yirik tadbirkorlik subyektlariga aylanishiga asos boʻladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring