Karmanada eksportbop, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish oʻzlashtirildi

14:49 17 Yanvar 2024 Jamiyat
211 0

Karmana innovatsion tumanida respublikamiz hududida ilk marotaba Yadro Fizikasi Instituti tadqiqotlari asosida ishlash muddati uzaytirilgan, dezinfeksiyalash xossasiga ega kumush nano zarrachalari bilan modifikatsiyalashtirilgan teskari osmotik membranalar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Ushbu mahsulot isteʼmolga yaroqsiz suvlarni molekulyar darajada tozalab beruvchi uskunalarning asosiy va murakkab qismidir.

“AWAL TECH“ MCHJ tomonidan amalga oshirilgan ushbu loyiha Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan moliyalashtirilib, bugungi kunda 2 turdagi mutlaqo yangi mahsulotlar: “AWAL 4040 teskari osmos membranasi”. “AWAL 8040 teskari osmos membranasi” ishlab chiqarilmoqda. Teskari osmos membranalarida kumush nano zarrachalardan foydalanilganligi tufayli uning raqobatchi mahsulotlardan ustun boʻlishini taʼminlaydi.

— Loyiha qiymati qariyb 1,5 milliard soʻmni tashkil etib, oltita yangi ish oʻrni yaratildi, — deydi korxona rahbari Sanjar Ashurov. — Qilingan xarajatlar bir yilda oʻzini oqlaydi. Sababi korxona quvvati yiliga 800-1000 donani tashkil etib, hozirning oʻzdayoq 1 milliard 700 million soʻmlik mahsulot realizatsiyasi uchun shartnoma imzolandi.

Taʼkidlash joiz, mintaqamizda ichimlik suv tanqisligi bilan bogʻliq muammolar yildan yilga murakkablashib borar ekan, bu kabi loyihalarning ishga tushirilishi oʻta muhim ijtimoiy ahamiyatga ega. Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston kabi qoʻshni mamlakatlardan ham buyurtmalar berilayotganligi buning yaqqol dalilidir.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?