Kambagʻallikdan farovonlik sari

14:40 26 Sentyabr 2024 Jamiyat
166 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimizda toʻrt yil avval aholining muayyan qismi kambagʻal ekani qayd etildi. Bu shunchaki bunday qatlam mavjudligini tan olish boʻlmadi. Shu kundan eʼtiboran kambagʻal oilalarga koʻmaklashishga kirishildi. Kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha amaliy harakat, moliyaviy yechim, tashkiliy choralar uygʻunlashtirilgani esa oʻz samarasini berdi. Oʻtgan qisqa davrda koʻp yillar ogʻir vaziyatda boʻlgan uch million nafardan ziyod odamlarning iqtisodiy imkoniyatlari yaxshilandi.

Joriy yil 11-sentyabr kuni Prezidentimiz raisligida mahallalarda kambagʻallikni qisqartirish, kambagʻal oilalar bilan ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida kambagʻallikni qisqartirish umummilliy harakatga aylanishi belgilandi. Barcha darajadagi masʼullarga tegishli vazifalar berildi.

— Viloyatimizda mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”dagi 23,3 mingta oila 4 ming 700 dan ortiq mutasaddiga biriktirildi, — deydi Surxondaryo viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari Sherzod Rajabov. — “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturiga muvofiq aholini qoʻllab-quvvatlash choralari boʻyicha amalga oshirilayotgan vazifalar ijrosi shaxsan viloyat rahbari nazoratida.

Maʼlumki, 2021-yil hokim yordamchilari instituti joriy etilgan edi. Ular mahallalarda aholini tadbirkorlikka jalb qilib kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha ishladi. Bu dastlabki bosqich edi. Endigi bosqichda esa manzilli ishlash boʻyicha galdagi vazifalar belgilandi.

Viloyatda nisbatan kambagʻallik darajasi yuqori boʻlgan Muzrabot tumani yangi tizimni amalga oshirishda namunali hudud sifatida tanlab olindi. Kambagʻal oila sifatida qayd etilgan xonadonlarning har biriga masʼullar biriktirildi.

Masalan, viloyat Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Husniddin Mamadiyevga Muzrabot tumanidan kambagʻallikni qisqartirish uchun 5 ta oila biriktirilgan. Dastlab boshqarma boshligʻi oʻziga biriktirilgan oilalarda boʻldi. “Xonadonbay” olib borilgan oʻrganishlar davomida oilalar, asosan xotin-qizlarning muammolari tinglandi. Bir nafar ayol hududdagi 23-maktabga ishga joylashtirildi, yana biri esa tikuvchilik yoʻnalishida ish boshlashi uchun koʻmaklashildi. Shuningdek, 1 ta oila vakilining davolanishi uchun koʻmaklashilmoqda, qolgan 2 ta oila vakillari tadbirkorlikka yoʻnaltirildi.

Ogʻir hudud toifasidagi mahallalar infratuzilmasi yaxshilanyapti, aholiga qulay sharoit yaratish maqsadida ichki yoʻllar asfaltlanmoqda. Turli ijtimoiy obyektlar barpo etilyapti. Koʻmakka muhtoj oilalarga manzilli ijtimoiy yordamlar koʻlami kengaytirildi. Tumanda har qanday ijtimoiy yordam pirovardida aholi bandligi birlamchi masala sifatida qaralmoqda. Zero, ishsizlik har qanday oilani kambagʻallikka yetaklaydi.

Yaqinda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalardan 10 nafar xotin-qizga subsidiya asosida tikuv mashinkalari berildi. Shuningdek, tumandagi “Aziza-Ozoda” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan ushbu ayollar bilan mehnat shartnomalari tuzildi va tikuvchilik sexiga ishga qabul qilindi. Endi ular 1,5 — 2,8 million soʻmgacha oylik maoshli doimiy ish oʻrniga ega boʻlishdi.

Surxondaryoning iqlimi dehqonchilik uchun juda qulay, mahsulotlar erta pishadi. Shu bois viloyatda soʻnggi besh yilda meva-sabzavot asosiy ekin maydonlari 2,5 baravar koʻpaytirildi. Oʻtgan yil aholi uchun yana 8 ming 500 gektar ajratildi. Dehqonlarga sharoit yaratib, suv taʼminotini yaxshilab, oziq-ovqat mahsulotlari hajmini 2 baravarga oshirildi. Eksport hajmi esa 250 million dollarga yetkazildi.

Bu yil ham bu boradagi ishlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Aholiga foydalanish uchun ajratilayotgan yer maydonlari koʻplab oilalarning farovonligini oshirmoqda. Masalan, Muzrabot tumani sholi yetishtirishda qulay hudud sanaladi. Sholi esa daromadli ekinlardan. Ehtiyojmand oilalarning ishsiz yoshlariga uzoq muddatga foydalanish uchun sholi maydonlari ajratilyapti. Masalan, Buyuk ipak yoʻli mahallasidan Shahzod Sherodilov ham oʻz yer maydoniga ega boʻlgan yoshlardan.

— Shu kungacha ishsiz edim, — deydi Sh.Sherodilov. — Baʼzida xorijga mavsumiy ishga ham borib kelardim. Endi bu tashvishlarim aridi. Uzoq muddatga sholi yetishtirishim uchun menga ham yer ajratildi. Ayni paytda menga berilgan maydondan 2,5 tonna sholi hosilini olishni moʻljallayapman. Shu yer ortidan oila aʼzolarimizning ham bandligi taʼminlanmoqda.

Muxtasar aytganda, mamlakatimizda boshlangan navbatdagi bosqichda Surxondaryo kambagʻallik va ishsizlikdan mutlaqo xoli hududga aylanishiga shubha yoʻq. Barcha darajadagi masʼullar ana shu yoʻlda yanada jipslashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?