Yoʻl harakati qoidalarini muntazam qasddan buzuvchilarga nisbatan jinoiy javobgarlik kuchaytiriladi

16:14 01 Dekabr 2021 Jamiyat
1029 0

Prezident Farmoni (PF–27-son, 29.11.2021-y.) bilan Oʻzbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasi tasdiqlandi

Konsepsiyaga koʻra, ommaviy tadbirlarni oʻtkazish va istirohat bogʻlari, xiyobonlar va bozorlarda jamoat tartibini saqlash Milliy gvardiya boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi.

2022-2023-yillarda tuman ichki ishlar organlari tarkibidagi konvoy boʻlinmalari bosqichma-bosqich viloyat ichki ishlar organlarining bevosita boʻysunuviga oʻtkazilib, yagona boshqaruv tizimi asosida tumanlararo xizmat oʻtash tamoyiliga muvofiq qayta tashkil etiladi.

2022-yil 1-martgacha kamida bittadan tumanlararo patrul-post xizmati boʻlinmalari tashkil etiladi.

2022-yil 1-maygacha ichki ishlar organlari konvoy faoliyatiga konvoy ostidagi shaxslarni elektron brasletlar orqali nazorat qilish tizimi joriy etiladi.

2024-yil 1-sentyabrdan Toshkent shahar ichki ishlar organlari, 2025-yil 1-sentyabrdan qolgan hududiy ichki ishlar organlari profilaktika katta inspektori lavozimlariga faqat oliy yuridik maʼlumotga ega xodimlar tayinlanadi.

Farmon bilan shuningdek, 2022–2025-yillarda Oʻzbekistonda jamoat xavfsizligini taʼminlash tizimini rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi.

Strategiyaga koʻra, jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida, jumladan, quyidagilarni amalga oshirish nazarda tutilgan:

— yoʻl harakati qoidalarini muntazam qasddan buzuvchilarga transportni boshqarish huquqidan uzoq muddatga mahrum qilishga oid jinoiy javobgarlik kiritiladi;

— har 5 ta mahalla uchun bitta mahalla huquq-tartibot maskani namunaviy loyiha asosida tashkil etiladi;

— “Jinoyat oʻchoqlari” boʻlgan hududlarda tungi vaqtda ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya boʻlinmalaridan iborat avtopatrul, otliq va piyoda patrullarning uzluksiz faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?