Yil yakuniga qadar 32 ta loyiha ishga tushiriladi

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”
Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi va investitsiya dasturlari doirasida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini jadallik bilan rivojlantirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni jalb etgan holda, ishlab chiqarish quvvatlarini keskin oshirish, aholini uzluksiz tabiiy elektr energiyasi bilan taʼminlash borasida jadal islohotlar olib borilmoqda.

Bu borada “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan yangi-yangi loyihalar hayotga tatbiq etilayotgani eʼtiborga molik. Jamiyat tomonidan joriy yil birinchi yarim yilligi davomida amalga oshirilgan ishlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, natijalar yaqqol koʻzga tashlanadi.

Jumladan, jamiyat tarkibidagi energiya hosil qiluvchi korxonalar tomonidan 3,6 mlrd. kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, belgilangan reja koʻrsatkich bajarilishi taʼminlandi.

Maʼlumotlarga koʻra, mamlakatda texnik gidroenergetika salohiyati yiliga 27,4 mlrd. kVt-soatni tashkil etadi. Hozirgi mavjud salohiyatning taxminan 25 foizidan foydalanilmoqda.

Gidroelektr stansiyalar (GES) barqaror kunlik elektr energiyasini taʼminlashning samarali vositasi, narxi boshqa manbalarga qaraganda ancha arzon va ekologik tozaligi bilan ham ahamiyatlidir. Shu bois, Prezidentimiz tomonidan 2024 — 2028-yillarda gidroelektr stansiyalar quvvatlarini 6 ming megavattga (2,7 barobar), oʻrtacha yillik ishlab chiqarish hajmini 17-19 mlrd. kVt-soatga yetkazish boʻyicha besh yillik dastur ishlab chiqish hamda buning uchun sohaga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish zarurligi alohida qayd etilgandi.

Shu nuqtai-nazardan, “Oʻzbekgidroenergo” AJ gidroenergetika rivojlantirish strategiyasiga muvofiq, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish hisobiga qoʻshimcha quvvatlarni yaratib, 2028-yilga borib umumiy elektr energiya ishlab chiqarish quvvatlarini 6 ming megavattga yetkazish va bu orqali oʻrtacha yillik ishlab chiqarish quvvatini qariyb 19 mlrd. kVt-soat yoki 3 baravar oshirish uchun zaruriy choralarni koʻrmoqda.

— Joriy 2025-yil gidroenergetika uchun yuksalish davri boʻlmoqda, — deydi “Oʻzbekgidroenergo” AJ Boshqaruv raisi oʻrinbosari Farrux Nurillayev. — Joriy yil davomida jamiyatimiz tomonidan 405 mln. dollarlik, yillik ishlab chiqarish quvvati 912,0 mln. kVt-soatga teng 32 ta loyiha ishga tushiriladi. Bu kabi koʻrsatkich mamlakat sanoatining hech qaysi bir yoʻnalishida ilgari kuzatilmagan.

Xususan, I yarim yillikda Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida quvvati 16 MVt, yillik oʻrtacha ishlab chiqarish quvvati 69,6 mln. kVt-soatga teng “Zarchob-3” kichik GES, Samarqand viloyatida 2 ta loyiha, shundan — jami quvvati 1,5 MVt, yillik ishlab chiqarish quvvati 7,3 mln. kVt-soat “Aylanma Dargʻom” kanalida mikroGES-2, GES-3, kichik GES foydalanishga topshirildi. Jizzax viloyatida jami quvvati 0,55 MVt, yillik ishlab chiqarish quvvati 5,7 mln. kVt-soat boʻlgan Jizzax suv ombori qoshida mikroGES ishga tushirildi.

Yana bir muhim jihat. Jamiyat bu bilan cheklanib qolmasdan, hududlarda kam suv va past bosimda samarali elektr energiya ishlab chiqarish qobiliyatiga ega mikroGESlarni, jumladan, Surxondaryo viloyatida umumiy quvvati 150 kilovattga teng 8 ta, Qoraqalpogʻiston Respublikasining Nukus va Xoʻjayli tumanlarida jami quvvati 145 kilovatt teng 5 ta kinetik turdagi turbinali mobil mikroGESlarni ishga tushirdi.

Bu hali hammasi emas. 2025-2026-yillarda “Chorbogʻ” suv ombori yuqori qismida Xitoy Xalq Respublikasining begʻaraz koʻmak grant mablagʻi evaziga umumiy quvvati 20 MVt, yillik ishlab chiqarishi 50 mln. kVt-soat teng 4 ta shamol stansiyasi qad rostlaydi hamda aholini elektr energiyasi bilan taʼminlash koʻrsatkichi yanada oshadi. Natijada AJ tarkibidagi umumiy GESlar soni 100 dan oshishi rejalashtirilgan.

Taʼkidlash joizki, muhandislik ishlari, transport-kommunikatsiya va geostrategik jihatdan muhim ahamiyatga ega, noyob gidroagregatlar ishlab chiqarish zavodi — “UzHydroPower” QKning ishga tushirilishi nafaqat yurtimizda, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi hayotida ham muhim voqeadir.

Mazkur korxonada respublikadagi birinchi milliy GES boʻlishi kutilayotgan “Norin GESlar kaskadi”ga oʻzimizda ishlab chiqarilgan mahalliy gidroagregatlar yetkazib berilishi yoʻlga qoʻyildi. Shu bilan bir qatorda, gidroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarish maqsadida zarur paytda xorijiy investorlarga “tayyor loyihalar”ni amalga oshirish uchun taqdim etish maqsadida jamiyatda “loyihalar fabrikasi” faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Bu yerda hozirga qadar umumiy quvvati 3,2 gigavattga teng 50 ga yaqin loyihalar ustida ish olib borilib, kelgusida gidroenergetika quvvatini amalga oshirish uchun zamin hozirlanmoqda. Bugungi kunda “loyihalar fabrikasi”da umumiy quvvati 408 MVt teng 9 ta loyiha amalga oshirish uchun tayyor holatda boʻlsa, umumiy quvvati 2 737 MVt teng boʻlgan 20 ga yaqin istiqbolli loyihalar doirasida manzilli ishlar olib borilmoqda.

Mazkur loyihalarning hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etilishi natijasida yaqin kelajakda gidroenergetika sohasida ishlab chiqarish salohiyati yiliga qariyb 20 mlrd. kVt-soatga yetadi.
Rahim ShERQULOV
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring