Yil oxirigacha Samarqandga qancha sayyoh keladi?

13:11 18 Noyabr 2024 Jamiyat
201 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Bugungi kunga kelib turizm sohasi dunyo iqtisodiyotining drayveriga aylanib boryapti, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Chunki hozir yaratilayotgan har 10 ish oʻrning bittasi aynan turizm sohasi hissasiga toʻgʻri keladi. Mamlakatimizda ham bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Turizm sohasida Samarqand viloyati oʻziga xos boʻlib, mazkur hududda 1626 ta arxeologik, 670 ta meʼmoriy, 37 ta diqqatga sazovor joy, 18 ta monumental, 21 ta memorial moddiy-madaniy meros obyektlari mavjud. Bularning barchasi viloyatning juda katta turistik salohiyatga egaligidan dalolat beradi.

Bugungi kunda xorijlik sayyohlarning Samarqandda qolishi oʻrtacha 2,7 kunni tashkil etadi va har bir sayyoh kuniga 85 dollardan 250 dollargacha mablagʻ sarflamoqda.

— Joriy yil oxirigacha viloyatimizga 4,7 million nafar mahalliy va 2,5 million nafar xorijiy sayyoh kelishi kutilmoqda, — deydi Samarqand viloyati turizm boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Dilshod Narziqulov. — Yil yakuniga qadar umumiy qiymati 751,1 milliard soʻmlik 55 ta yangi loyiha hisobiga, 1 ming 87 ta yangi ish oʻrni, shuningdek, turizmga yondosh xizmat koʻrsatish obyektlarida 3,5 mingdan ortiq qoʻshimcha ish oʻrinlari tashkil etiladi.

2024-yil 9 oyi davomida viloyatda 11 ta mehmonxona, 28 ta xostel va 57 ta oilaviy mehmon uylari foydalanishga topshirildi. Bugunga kelib Samarqandda 176 ta mehmonxona, 409 ta oilaviy mehmon uyi, 102 ta xostel faoliyat koʻrsatmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?