“Yigitlikda yigʻ ilmning maxzani...”

19:45 08 Fevral 2024 Madaniyat
459 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 5-fevral kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ijtimoiy sohalardagi ustuvor vazifalar muhokama qilinar ekan, yoshlar taʼlim-tarbiyasi, ularning jamiyatda oʻz oʻrnini topishi masalasiga ham urgʻu berilgani xalqimizni juda xursand qildi. Axir besh asr muqaddam Alisher Navoiy bobomiz ham oʻz asarlarida ayni shu masalani badiiy talqin qilgan, ertangi kunimiz egalari baxtu saodati uchun kuyungan. Buyuk alloma orzularining bugungi roʻyobi har birimizni masrur qiladi.

Alisher Navoiy boqiy merosini oʻrganar ekanmiz, ularning zamirida inson qadri, kamoloti, xalq manfaatlari gʻoyalari yotganini koʻramiz. Masalan, ulugʻ shoir:

Yigitlikda yigʻ ilmning maxzani,

Qarilik chogʻi sarf qilgʻil ani,

der ekan, yoshlarni oʻtayotgan har daqiqadan unumli foydalanib, bilim olishga, kitob oʻqishga, maʼnan boyishga, ilm xazinasini kengaytirishga undaydi. Vaqt — oqar daryo. Keksayganingda mana shu xazina koringga yaraydi, hayotda oʻrningni topishingda, umr yoʻlingda uchragan toʻsiqlarni yengib oʻtishingda, obroʻ-eʼtibor, mavqe kasb etishingda, baxtli-saodatli, farovon yashashingda asqatadi, deydi u.

Ulugʻ mutafakkir “Hayrat ul-abror”da ham insonning umr bahori, eng goʻzal davri haqida soʻz yuritgan. Shoir insonga berilgan umrni fasllarga qiyoslaydi. Kishi umr bahorini shunday oʻtkazishi kerakki, yoshlik mevalari toʻkilib, baqo gulshanini goʻzallik tark etganda, oh ila nadomatlar chekmasin.

Hayotda koʻrib turibmizki, kimdir qisqa umrini mazmunli oʻtkazib, elga nafi tegadi. Kimdir esa mazmunsiz umr kechiradi. Alisher Navoiy taʼkidicha, har bir inson umrining bahori — yigitligini ilm-hunar egallashga safarbar etmogʻi lozim.

“Farhod va Shirin” dostonida Farhodning yoshligidan mehnat, ilm va hunar egallashga safarbar etilishida ham buyuk ajdodimiz ezgu orzu-niyatlari mujassamdir. Shoir doston qahramonini tasvirlarkan, “Jahonda qolmadi ul yetmagan ilm, Bilib tahqiqini kasb etmagan ilm”, deydi.

Doston voqeligi koʻrsatadiki, kimki ilmu hunarni puxta egallagan boʻlsa, oʻz orzulari roʻyobiga, albatta, erishadi. Oʻz ilmiga ishonch, tilsimlarni yechish, hunar va sanʼatini har sohada koʻrsata olish — Farhodning ilm jihatidan takomilga yetganini koʻrsatadi. Bu bilan hazrat Navoiy inson tafakkuri bilan har qanday muammoni hal etishi mumkinligini ham aytadi. Ilm bu yoʻlda insonga hamroh, yoʻl koʻrsatuvchi mayoq ekanini taʼkidlaydi. Jumladan, Farhod tilidan shunday deydi:

Dedi: har ishki qilmish odamizod,

Tafakkur birla bilmish odamizod.

Ulum ichra mango to boʻldi madhal,

Topilmas mushkule men qilmagan hal.

Farhodning kamol topishida Boniy, Moniy, Qoran, Aflotun, Suqrot, Jomasp, Xizr, Suxaylo kabi olim, donishmand, hakimlarning xizmati katta. Alisher Navoiy bejiz bu siymolarni dostonga kiritmagan. Inson umri davomida oʻrganadi va maʼnaviy boyib boradi. Farhod ham mana shunday ustozlar qoʻlida taʼlim-tarbiya topdi. Komil inson darajasiga yetdi. Ulugʻ shoir Farhod obrazi orqali ilmli boʻlish, hunar oʻrganish, maʼnaviy komillikka intilish, ezgu insoniy tuygʻular bilan yashash gʻoyalarini ulugʻlagan.

Umuman, mutafakkir bobomiz koʻplab asarlarida har bir insonni bilimli, hunarli boʻlishga undab, olimlikning foydalarini hayotiy misollar asosida koʻrsatib bergan. Birgina “Quyoshliq istasang, kasbi kamol et” hikmatining naqadar asosli va mantiqli ekanini mulohaza etishning oʻzi kishini hayratlantiradi.

Bugun mamlakatimizda ulugʻ bobomiz orzu-oʻylarining hayotga tatbiqi xalqimizni mamnun etmoqda. Prezidentimiz taʼlim-tarbiya sohasi rivojiga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratmoqda. Farzandlarimiz kamolotiga bogʻcha yoshidanoq gʻamxoʻrlik koʻrsatilyapti. Maktablarda, kollej va texnikumlarda, oliy oʻquv yurtlarida zamon andozalariga mos shart-sharoitlar yaratilayotir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtgan yigʻilishda taʼkidlanganidek, taʼlim sohasida vazifalar juda koʻp. Shu bois Loyiha ofisi tashkil qilindi va unga katta ilmiy-amaliy tajribasi bor mutaxassislar jamlandi. Endi mazkur ofis Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi bilan birgalikda maktablarda matematika, fizika, kimyo, biologiya va xorijiy tillar boʻyicha oʻquv reja va dasturlarini xalqaro standartlar asosida yangilaydi. Oʻquvchi va muallimlar bilimini baholashda xalqaro tajribalar (PISA, TIMSS, PIRLS) bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Prezident maktablari taʼlim dasturi yana mingta maktabda qoʻllaniladi. Ularning moddiy-texnika bazasi shunga muvofiq yaxshilanadi.

Xullas, yigʻilishda maktabgacha taʼlim, maktab, professional va oliy taʼlim tizimida sifat oʻzgarishlariga olib keladigan qator chora-tadbirlar belgilandiki, ularning barchasi yoshlarimizning zamonaviy bilimlarni, hunarlarni egallab, hatto xalqaro darajada raqobatbardosh kasb sohiblari boʻlib ulgʻayishiga zamin yaratadi. Bu esa ajdodlarimizning, jumladan, Alisher Navoiy bobomizning hayot tamoyiliga aylangan ezgu maqsadidir.

Margʻuba ABDULLAYEVA,

filologiya fanlari doktori, dotsent.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер