Yigirma nafar adabiyot va sanʼat fidoyilari Prezident nomidan taqdirlandi
Foto: Dinara Chirkova, “Xalq soʻzi”
Inson, avvalo, mukofot uchun emas, qalb amrini ado etish uchun, xalq uchun ijod qiladi. Bugungi kunda yurtimizda ana shunday adabiyot, sanʼat va madaniyat sohasidagi fidoyi ijodkorlarga yuksak eʼtibor qaratilayotgani sir emas. Bu borada Hukumatimiz tomonidan kun sayin yangi-yangi qonun hujjatlari, turli dasturlar hamda strategik rejalar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida boʻlib oʻtgan tadbirda ham bu borada batafsil soʻz yuritildi hamda Milliy madaniyatimiz rivojiga katta hissa qoʻshgan sanʼatkorlar hamda oʻzbek sanʼatini dunyo sahnalarida muvaffaqiyatli namoyish etib kelayotgan yoshlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan ragʻbatlantirildi.
— Uzoq yillar bir teatrda, umuman, bir muassasada faoliyat yuritish, qiyin damlarda ham unga sodiq qolish insondan yuksak fidoyilikni talab etadi. — deydi Ozodbek Nazarbekov, Madaniyat vaziri birinchi oʻrinbosari. — Oramizda ellik yillab sahna ortida mehnat qilib kelayotgan insonlar bor. Ularning koʻpchiligini oʻzining ijodiy jamoasidan boshqalar deyarli bilmaydi. Bugun ana shunday fidoyi ijodkorlar, sanʼatkorlar Yurtboshimiz tomonidan munosib eʼtirof etildi. Oʻzining sheʼrlari bilan, ssenariylari yoki boshqa bir koʻmaklari bilan ijodkorlarning ham taqdirlanishi bu har bir ijodkor alohida eʼtiborda ekanligidan dalolat beradi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahridan kompozitorlar, bastakorlar va sanʼatshunoslar, teatr, kino va ommaviy tadbirlar aktyorlari, rejissyor, dirijyor, baletmeysterlar hamda musiqa, xor, raqs, sirk, orkestr, ansambl ijrochilari va ushbu jamoalarning badiiy rahbarlari, doston ijrochiligi namoyandalari, shoir va yozuvchilar, muzey hamda moddiy va nomoddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish sohasida faoliyat koʻrsatayotgan xodimlar, tasviriy va amaliy sanʼat vakillaridan jami 20 nafari sertifikat bilan eng kam oylik ish haqining 50 barobaridagi pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
— Asli kasbim shifokor, ammo musiqaga boʻlgan kuchli ishtiyoqim va mehrim sabab oʻn olti yildan buyon oliygohda talabalarga anʼanaviy qoʻshiqlardan dars berib kelaman. — deydi Andijon davlat universiteti Musiqiy taʼlim boʻlimi oʻqituvchisi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Avazbek Mahmudov. — Ijodkor baribir qalb amriga boʻysunar ekan. Yoshlarimizga oʻzbek musiqasidan nimadir oʻrgata olganimni sezsam ruhlanaman. Bu esa yanada gʻayrat bilan ishlashimga turtki beradi. Bizning kichik mehnatlarimiz Yurtboshimiz tomonidan yuksak eʼtiborga munosib koʻrilganidan minnatdorman.
Yulduz OʻRMONOVA,
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring