Ijtimoiy tadbirkorlik — mamlakatimizda nodavlat ijtimoiy himoya siyosatini rivojlantirish yoʻlidagi muhim qadam

17:14 17 Noyabr 2020 Iqtisodiyot
289 0

Mamlakatimizda aholining zaif qatlamini ijtimoiy himoyalash masalasi doim davlatimiz diqqat markazida boʻlib kelgan va bugungi kunda ham bu dolzarb masalaga katta ahamiyat qaratilmoqda. Ammo bugungi davr ijtimoiy ahamiyatga molik muammolarni hal etishda yangicha yondashuvlarni, xalqaro tajribalarni qoʻllagan holda nodavlat ijtimoiy himoya siyosatini rivojlantirishni yaʼni ijtimoiy tadbirkorlikni joriy etishni taqozo etmoqda.

Xoʻsh, endi savol tugʻilishi mumkin, ijtimoiy tadbirkorlik nima oʻzi? Bu yuridik shaxslar yoxud yakka tartibdagi tadbirkorlarning aholini muayyan ijtimoiy muammolari va ularning oqibatlarini yengillashtirish yoki hal qilishga qaratilgan faoliyatdir. Yoki buni nodavlat ijtimoiy himoya vositasi deb atasak, yana-da tushunarliroq boʻladi.

Bunda ijtimoiy tadbirkorlik subyekti oʻz faoliyatida jamiyat manfaatini ustuvor hisoblaydi. Imkon qadar aholining zaif qatlamlarini ish bilan taʼminlash, nogironligi bor va keksa kishilar uchun maxsus mahsulotlar ishlab chiqarish yoki ularga koʻmak berish, turmush darajasini yaxshilashda faollik koʻrsatadi.

Partiyamiz fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida aynan shu masala – “Ijtimoiy tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi deputatlarimiz tomonidan qizgʻin muhokama qilindi. Toʻgʻri, amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq aholining ijtimoiy zaif qatlamlari uchun ish oʻrinlari yaratish, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun mahsulot va asbob-uskunalar ishlab chiqaradigan korxonalar uchun soliq va boshqa turdagi imtiyozlar belgilangan. Ammo amaldagi qonunchilikda “Ijtimoiy tadbirkorlik”ning huquqiy tushunchasi va ijtimoiy tadbirkorlikka oid munosabatlarni huquqiy tartibga solish mexanizmlari aniq belgilanmagan.

Fraksiyamiz aʼzolari tomonidan muhokama qilingan mazkur qonun loyihasida “ijtimoiy tadbirkorlik”, “ijtimoiy korxona”, “ijtimoiy korxonalarning reyestri”, “aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari”, “ijtimoiy loyiha”, “ijtimoiy tovar”, “ijtimoiy xizmatlar”, “ijtimoiy sohadagi faoliyat” va “favqulodda holatlar” kabi tushunchalar belgilanmoqda va bu tushunchalarning aniq taʼrifi amaldagi qonunchilikda oʻz ifodasini topmagan.

Endi qanday korxonalar ijtimoiy tadbirkorlik subyekti hisoblanadi, degan savolga ham javob berib ketay. Agar xodimlarning umumiy sonida aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga mansub shaxslar kamida 70 foizni tashkil etadigan hamda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga mansub shaxslarning mehnatiga haq toʻlash fondi mehnatga haq toʻlash umumiy fondining kamida 70 foizini tashkil etadigan tadbirkorlik subyektlari, shuningdek, ishlab chiqaradigan tovarlarini yoki koʻrsatadigan xizmatlarini sotishdan tushgan tushum umumiy hajmining kamida 50 foizi ijtimoiy tovarlarni sotishdan yoki ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishdan tushgan tushum tashkil etadigan tadbirkorlik subyektlari vakolatli organ tomonidan yuritiladigan reyestriga kiritiladi.

Eng muhimi, ijtimoiy korxonalar davlat tomonidan moliyaviy qoʻllab-quvvatlanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan kreditlar ajratiladi, kreditlar boʻyicha kafillik beriladi va foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiyalar toʻlanadi.

Qizgʻin muhokamalarga sabab boʻlgan bu qonun loyihasi fraksiya aʼzolar tomonidan birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

Aminmanki, “Ijtimoiy tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi amaldagi qonunchiligimizni yana-da takomillashtirishda va tadbirkorlikning ijtimoiy sohadagi oʻrni va nufuzini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mavluda IBRAGIMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʼzLiDeP fraksiyasi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?