Ijtimoiy nafaqalarni taqsimlashda inson omili saqlanib qolyapti — Davletov

23:16 25 Noyabr 2020 Jamiyat
866 0

Joriy yilning 25-noyabr kuni Adliya vaziri Ruslanbek Davletovning Facebookʻdagi “Xalq bilan muloqot/Dialog s narodom” guruhida fuqarolar bilan onlayn muloqoti boʻlib oʻtdi.

Muloqot davomida adliya vaziri Ruslanbek Davletov mahallalarda “bola puli” va boshqa ijtimoiy nafaqalarni olish jarayonidagi byurokratiya haqidagi savolga quyidagicha javob berildi:

Ijtimoiy nafaqalarni taqsimlashda, afsuski, respublika boʻyicha yagona amaliyot bor deb ayta olmaymiz. Sababi, norasmiy sektorda daromadga ega boʻlgan oilalar bor. Ularning daromadini hisoblab chiqishda subyektivlik mavjud. Shuningdek, byurokratik holatlar, bir mahalla ikkinchisidan farqli ravishda oʻzi oʻylab topadigan (bizga yoqmaydigan) maʼlumotnomalar talab qilish holatlari ham kuzatiladi. Shuning uchun bu borada Vazirlar Mahkamasining 44-son qarori boʻyicha harakat qilinishi kerak. Agarda mahallalarda shu narsaga amal qilinmayotgan boʻlsa, ular faoliyatini boshqaradigan, muvofiqlashtiruvchi tashkilotlar bor. Shu bilan birga, adliya boʻlimi ham ushbu masalani koʻrib chiqishi mumkin. Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda prokuratura organlari bunga huquqiy baho bera oladi.

Hozirda yangi qaror asosida Sirdaryoda eksperiment asosida ijtimoiy nafaqalar boʻyicha yagona reyestr shakllanyapti. Bu yerda hammasi avtomatizatsiya boʻlishi koʻzda tutilgan. Mezonlar masalasi ham juda katta ahamiyatga ega. Yangi yildan keyin yangi tartib asosida ish boshlansa, soha tartibga tushadi. Lekin baribir inson omili saqlanib qolyapti. Chunki daromadni aniqlash masalasi oson emas. Oilaning mol-mulki, daromadi, tushayotgan pullar hisobga olinishi kerak”, dedi Davletov.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?