Ijod maktabi — Ibrat maktabi
Margʻilon shahrida joylashgan Erkin Vohidov nomidagi ona tili va adabiyot fanini chuqur oʻqitishga hamda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatida “Ijod maktabi –ibrat maktabi” mavzusida tadbir oʻtkazildi.
Yuzma-yuz muloqotda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi rahbarlari, taniqli yozuvchi va shoirlar, jurnalist va blogerlar, keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Tadbir doirasida tashkil etilgan matbuot anjumanida jurnalist va blogerlarning maktab faoliyati, oʻquvchilar erishayotgan yutuqlar, shuningdek, respublikamizdagi 4 ta Prezident, 3 ta ixtisoslashtirilgan va 9 ta Ijod maktablari bilan oʻzaro hamkorlik samaralari haqidagi savollariga javob berildi.
Ayni paytda 134 nafar ijodkor oʻquvchilar tahsil olayotgan mazkur dargohda ixtisoslashtirilgan fanlar bilan birga umumtaʼlim fanlari va fakultativ mashgʻulotlar oʻtiladi. Yoshlarning bir nechta xorijiy tillarni mukammal oʻrganishi uchun oliy oʻquv yurtlari va xalqaro taʼlimning muqobil dasturlari asosida saboq beriladi.
“Buyuk elga endi daholar kerak” mavzusidagi sheʼriyat, mumtoz adabiyot, badiiy tarjima, bolalar adabiyoti va dramaturgiya adabiy toʻgaraklari aʼzolarining chiqishlari yigʻilganlar olqishiga sazovor boʻldi. Oʻquvchilar Erkin Vohidov sheʼrlarining ingliz, turk, qirgʻiz, qozoq, tojik va arab tillaridagi tarjimalarini oʻqidilar.
-Ijod maktabining ilmga, adabiyotga ixlosmand oʻquvchilari timsolida davlatimiz rahbari ishongan yangi avlod -Uchinchi Renessansning ertangi bunyodkorlarini koʻrganday boʻldik, -dedi viloyat hokimi Xayrullo Bozorov. – Bu navnihol, isteʼdodli oʻgʻil-qizlarimizning oʻzi duru gavhar, ularga yana-da sayqal berib, mahoratini oʻstirayotgan, katta ijod maydoniga tayyorlayotgan maskandan umidimiz katta.
Tadbir soʻnggida respublika koʻrik-tanlovlari, fan olimpiadalari gʻolibligini qoʻlga kiritgan, faol va kitobxon oʻquvchilar, mahoratli ustozlar diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandilar.
Botir Madiyorov,
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring