Ijarama-ijara yurgan yetmish yoshli kutubxona binoli boʻldi

16:03 20 Avgust 2024 Jamiyat
207 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Gap Qorovulbozor tuman axborot kutubxona markazi haqida bormoqda. Bundan chamasi yetmish yilcha muqaddam tashkil topgan ushbu ziyo maskani “Otangga bor, onangga bor” qabilidagi munosabat ortidan necha oʻn yil davomida ijarama-ijara yurdi. Bu orada qanchadan-qancha kutubxonachilarning koʻrkam, shinam xonalarda ishlash orzu-umidi chil-parchin boʻldi.

Hechdan koʻra kech, deganidek, nihoyat, kutubxona uchun ikki qavatli zamonaviy bino qad rostladi.

— Shu paytga qadar ikki xonadan iborat ijara binoda faoliyat koʻrsatib kelayotgandik, — deydi markaz direktori Sharofat Yoʻldosheva. — Birida kitoblarimiz, birida xodimlarimiz joylashgandi. Oʻquv zali, kompyuter xonasi haqida gapirmasam ham boʻladi. Endi u kunlar oʻtmishda qoldi. 40 mingta kitob fondimiz, qariyb 11 ming nafar foydalanuvchimiz bor. Yangi binoda elektron kutubxona, fondlarni saqlash xonalari, oʻquv zali mavjud. Xodimlarning foydalanuvchilarga sifatli xizmat koʻrsatishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan.

Qoʻsh qavatli zamonaviy bino qurilishiga 1 milliard 800 million soʻm sarflandi. Shuning 1 milliard 200 million soʻmi “Open byudjet”ga ovoz berish orqali yutib olindi. Tuman hokimligi tomonidan 600 million soʻm ajratildi. Axborot kutubxona markazi jamoasi “Open byudjet”ning yana bir mavsumida qatnashib, 400 million soʻm miqdoridagi mablagʻga ega boʻldi. Oʻz navbatida, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi 360 million soʻm ajratib, ziyo maskanini qoʻllab-quvvatladi. Natijada zamonaviy kompyuterlar xarid qilish, markazning joylardagi filiallarini jihozlash imkoniyati tugʻildi.

Istiqlol bayrami arafasidagi bu qulaylik qorovulbozorlik kitob ixlosmandlarini ham behad xursand qilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер