Ivanboy do‘xtirning yaxshiligi

10:47 04 May 2018 Jamiyat
2101 0
Фото: professiya-vrach.ru

“Xudo bandasining rahmini yeyman, desa, urushga ham qaramas ekan, keyin uni kerakli odamga duch qilib qo‘yarkan”, derdi otam. Bir gal Ikkinchi jahon urushi haqida gap ketganida, shunga yaqin voqeani hayajon bilan hikoya qilib bergani kechagidek yodimda.

...1943 yilning izg‘irinli yanvari. Bir yo‘la ikki joyim — bo‘yin va chap qo‘limdan yaralanib, gospitalga tushdim. Meni davolagan, serka soqoliyu qoshlari oqargan, yoshi keksaroq ko‘zoynakli do‘xtir Ivan Ivanovich, nimagadir, og‘ir kasallar ko‘p bo‘lishiga qaramasdan, nuqul men bilan gurunglashgani kelaverardi. Yaralarim bitib, oxirgi muolajalar ham tugay-tugay, deb qolganda, hujjat-qog‘ozlarimni sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirarkan, sof o‘zimizning tilda: “Qayerdan bo‘lasan?” deb so‘raganida hangu mang bo‘lib qoldim. “Buxoro viloyatidan”, deb javob berdim. U paytlarda Surxondaryomiz Buxoroga qarardi-da. “Buxorodanligingni bilib turibman, Buxoroning qayeridansan?” deb yana savol berdi. “Sariosiyodan” deganimni bilaman, soqoli selkillab, ko‘zoynagining ustidan ko‘zlarini katta-katta ochib, sinchkovlik bilan qaradi, keyin “Sariosiyoning qayeridan bo‘lasan?” dedi...

Ajablandim, chini bilan ajabtovur holat edi-da. Axir qirg‘inbarot urush bo‘layotgan bir joyda, qo‘li yoki oyog‘i kesilgan askarlar “oh-voh” chekib, ingrab-singrab yotgan, qolgan yaradorlar ham angrayib qarab turgan gospitalda harbiy do‘xtir, ustiga-ustak, o‘ris kishi — Ivan Ivanovichning men bilan o‘z ona tilimda bemalol savol-javob qilib turishi, haqiqatan ham, g‘alati, kutilmagan hol edi.

“Kundajuvoz” deganimni bilaman, do‘xtirning yuzi birdaniga yorishib, ko‘zi chaqnab ketdi. Keyin o‘rischalab “Safara Kasirova znayesh?”, “Abdukarima znayesh?”, “Mamasayida znayesh?”, “Zivar, Kishto‘d, Mullu Ishankula znayesh”, deb qatorasiga so‘rab ketdi. Azbaroyi Xudo, Kalamullo haqi, mazam qochib, dovdirab qoldim...

Otam Ivan Ivanovichning nogahoniy savollaridan qanchalik hayratga tushgan, taajjublangan bo‘lsa, ana shunday zavq-shavq bilan hikoya qilarkan, ko‘zlari beixtiyor yoshlanardi. So‘ngra “Hozir bormi-yo‘qmi, bilmayman”, deya Ivan boboning haqiga duolar qilardi. Orqasidan “Qo‘yinglar shu gurungni, urushning uyi kuysin”, deb gapni boshqa yoqqa burib yuborardi.

Otam keyinchalik shuni biladiki, Ivanovich, ya’ni Ivanboy do‘xtir urushdan oldin bir necha yil Hisorak, Kundajuvoz, Xo‘jasiddiq, Zevar va Kishto‘d singari tog‘ qishloqlarida mol do‘xtiri bo‘lib ishlagan, shu yerlik aholi bilan el bo‘lib, qarindoshlashib ketgan ekan. Rais Safar Kasir bova, Qurvali mergan, amakimiz Mamasayid bobolarimizni ham yaxshi eslarkan. Zevar, Xo‘jasiddiqdan qaytayotganda, bir-ikki marta bobomning uyiga kirib, mehmon bo‘lgan va choy-tuzini ichgan ekan.

Buni qarang, non-tuz hurmati, odamgarchilik haqi o‘shanda Ivanboy do‘xtir otamga bir oylik muddat bilan ruxsatnoma — ta’til yozib beribdi. Shu bois urushdan gap ketgan gurunglarda otam “Men 1943 yilda otpuskaga kelganimda...” deya eslagani zahoti Safar Kasir bova darrov gulduragan ovozda “Ha-a, Ivan do‘xtir bo‘lmaganda, otpuskaga kelarding-a! Ivanboyga rahmat ayt sen, u bo‘lmaganda, ko‘rardim, kelarmiding”, deya hazilnamo so‘z qotar edi.

...O‘sha gurunglarga qirq-ellik yil bo‘lganiga qaramasdan, hozir ham urush haqidagi kinolarda yaradorlarga qarayotgan cho‘qqisoqol, ko‘zoynakli harbiy do‘xtirlarni ko‘rsam, bobomning nonu tuzini totgan, otamga yaxshilik qilgan, shu bilan, bilmadim, necha-necha o‘limlardan olib qolgan qadrdon va mehribon inson, oqibatli do‘xtir Ivan Ivanovich — Ivanboyning istarali qiyofasi ko‘z oldimga kelib, diydalarimda beixtiyor yosh qalqiydi.

Sirojiddin SAYYID,
O‘zbekiston xalq shoiri.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?