Italiyada “Boburnoma” asarining taqdimoti boʻlib oʻtdi

18:41 14 Fevral 2025 Madaniyat
296 0

Buyuk vatandoshimiz Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligi munosabati bilan Italiyada “Boburnoma” asarining italyan tilidagi tarjimasi taqdimoti boʻlib oʻtdi. Ushbu loyiha Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekistonning Italiyadagi elchixonasi hamda Rimdagi “Sandro Teti Editore” nashriyot uyi hamkorligida amalga oshirildi. Kitob Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning soʻzboshisi bilan nashr etildi.

Florensiya shahridagi tarixiy “Palazzo Strozzi” saroyida tashkil etilgan tadbirda tarixchilar, sharqshunos olimlar, jamoat va madaniyat arboblari ishtirok etdi. Unda Boburning hayoti va ijodi, “Boburnoma” asarining ahamiyati haqida atroflicha soʻz yuritildi.

Tadbir davomida Italiya Senati aʼzosi Rikardo Nenchini, “Sandro Teti Editore” nashriyoti rahbari Sandro Teti, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, professor Bahrom Abduhalimov, Oʻzbekistonning Italiyadagi elchisi Abat Fayzullayev, Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov va boshqa nufuzli mehmonlar “Boburnoma”ning Italiyada nashr etilishi ikki davlat oʻrtasidagi ijtimoiy-maʼnaviy hamkorlikning muhim voqeasi ekanini taʼkidlashdi.

Rikardo Nenchini ushbu asarni XV-XVI asrlarda Markaziy Osiyo, Afgʻoniston, Hindiston va Eron tarixiy voqealarini yorituvchi noyob ensiklopediya deb atadi. Shuningdek, “Boburnoma”ning XVIII asrdayoq Yevropa tillariga tarjima qilinganini, bugungi nashr esa Oʻzbekiston va Italiya oʻrtasidagi adabiy-madaniy aloqalarning yorqin namunasi ekanini qayd etdi.

Bahrom Abduhalimov esa asarning italyan tiliga ilk bor tarjima qilinishi Bobur ijodining Italiyada va umuman Yevropada keng ommaga tanilishiga xizmat qilishini bildirdi. Mazkur loyiha oʻzbek va italyan olimlari oʻrtasidagi ilmiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishi taʼkidlandi.

Taqdimot davomida Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov madaniy merosni asrab-avaylash va targʻib etish borasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning olib borayotgan islohotlari alohida ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

Tadbir ishtirokchilari Italiyada Amir Temur va temuriylar, Bobur va boburiylar merosiga boʻlgan katta qiziqishdan mamnun ekanini bildirishdi. Shuningdek, Florensiyadagi Uffitsi galereyasida Amir Temurning noyob portreti saqlanishi, Bolonya universiteti kutubxonasida Ibn Sinoning qoʻlyozma asarlari mavjudligi haqida ham soʻz bordi. Tadbir doirasida Vatikandagi mashhur kutubxonaga tashrif ham rejalashtirilgani maʼlum qilindi.

Italiyaning “Vico” kinokompaniyasi prezidenti Viktoriya Petrosyants esa ushbu tarjima yirik madaniy voqea ekanini qayd etib, Oʻzbekiston madaniy merosining boyligi va betakrorligini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, kompaniya bir necha yildan buyon Oʻzbekistonlik hamkorlar bilan buyuk allomalar hayoti haqida filmlar yaratmoqda.

Mazkur taqdimot va ilmiy-maʼrifiy tadbirlar Bobur merosiga boʻlgan qiziqishni yanada oshirdi va ikki xalq oʻrtasidagi madaniy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?