Istirohat bogʻining ayanchli ahvoli...

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona tumanining tabiati soʻlim, xushmanzara qishloqlari, ajoyib hordiq maskanlari viloyat nomi bilan ataluvchi ushbu hududning oʻziga xos tashrif qogʻozidir. Tumanning koʻhna tarixi solnomasida bitta marvarid boʻlgan hamda oʻz bagʻrida milliy qadriyat va anʼanalarimizni asrab-avaylab kelayotgan “Chinortagi” madaniyat va istirohat bogʻi yaqin yillargacha viloyatning mashhur dam olish maskanlaridan biri sifatida eʼtirof etilar edi. Afsuski, keyingi yillarda ushbu fayzli bogʻ koʻz oʻngimizda nurab, toʻkilib bormoqda.
Tuman markazi – Vodil qishlogʻida joylashgan va 3,5 gektar maydondan iborat istirohat bogʻi uzoq yillar davomida tuman ahli uchun turli bayram tadbirlari, uchrashuvlar oʻtkazish, shirin diydor onlari uchun qadrdon maskan vazifasini bajarib kelmoqda. Ayniqsa, Navroʻz bayrami, xalq sayillari, milliy sport oʻyinlari va tomoshalari paytida bogʻ juda ham gavjum boʻlib ketadi. Bogʻ hududidagi Otalar choyxonasi nuroniylarning sevimli maskani, bir piyola choy ustidagi maroqli suhbatlarning gashti boshqacha. Ammo soʻnggi yillarda bu maskanda mehmonlar, dam olishga keluvchilar tobora kamayib borayotgani ayni haqiqatdir.
Bir paytlar Shohimardon markazidagi dam olishga moʻljallangan joylar ham mazkur bogʻ tasarrufida boʻlgan edi. Purviqor togʻlar bagʻridagi Shohimardon va Yordon qishloqlariga oshiquvchilar avval “Chinortagi”dagi Xoʻja Ahmad Valiy yodgorligini ziyorat qilib, ming yillik chinorlar tomoshasidan hayratlanib, soʻng yana yoʻlida davom etib ketardi. Bogʻdagi tilga tushgan choyxonada bir choʻqim osh yeyish uchun hatto kunlab navbat kutilardi. Bugun u kunlar oʻtmish, tushga aylangan...
— Asosan yozgi mavsumda uch oy faoliyat koʻrsatamiz. Oʻtgan yili ham yozda uch oy ishlab, davlat gʻaznasiga 30 million soʻm mablagʻ topshirdik, —deydi “Chinortagi” madaniyat va istirohat bogʻi rahbari Adhamjon Mallayev. — Yilning qolgan davrida esa bogʻ hududi deyarli boʻm-boʻsh, huvullab yotadi. Ayni paytda atigi ikkita – rahbar va bosh hisobchi shtati mavjud boʻlib, bogʻ maʼmuriyati bir paytlar fotostudiya boʻlgan bitta xonada jon saqlaymiz. Yozda issiq, qishda sovuq boʻladigan mazkur eski binoda risoladagidek ishlashning imkoni yoʻq.
Bogʻ hududida faoliyat koʻrsatayotgan 8 ta attraksionning baʼzilari bundan salkam 40 yil oldin olib kelingan. Texnika xavfsizligi, xizmat koʻrsatish sifati talabga javob bermaydi. Ularning atrofidagi himoya toʻsiqlari vazifasini bajarayotgan temir panjaralar nihoyatda eski. Dam oluvchilar oʻtishi mumkin boʻlmagan xavfli hududlar qurilish buyumlari yordamida oddiy, qoʻlbola usulda toʻsib qoʻyilgan.
Aslida bir qarashdayoq bogʻ allaqachon mukammal taʼmirga muhtoj ekanligini anglab olish qiyin emas. Bogʻ hududi boʻylab aylansangiz, chiqindi qutilariga koʻzingiz tushmaydi. Shu bois ariqlar, yoʻlaklardagi xunuk manzara kayfiyatni buzadi. Orastalik va ozodalik boʻlmagan joyda esa fayz-baraka boʻlmasligi aniq. Atrofdagi bundan 63 yil oldin qurilgan, maʼnan eskirgani uchun Renovatsiya dasturiga tushgan 3 ta ikki qavatli uylar ham bogʻ manzarasini buzadigan koʻrinishlar sirasiga kiradi.
Bosh hisobchi Arofat Mallaboyevaning maʼlum qilishicha, bogʻ hududida 750 tupga yaqin chinor, sosna, baqaterak daraxtlari bor. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida soʻnggi yillarda yangi manzarali daraxtlar ekilyapti, lekin koʻkarib ketmayapti. Nazarimizda, yangi daraxt ekish yumushlari shunchaki rasmiyatchilik uchun emas, mehr bilan va sidqidildan bajarilishi zarur. Shu bois hududning tabiiy iqlim sharoitini oʻrganish uchun ekologiya sohasi mutaxassislarini jalb etish kerak. Boʻsh maydonlarga mavsumiy gullar ekish, koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari ham koʻngildagidek emas. Vaholanki, yilning toʻrt faslida ham ariqlarda zilol suv oqadi.
Mehnat faxriysi, tuman tarixini puxta oʻrgangan sobiq tarix fani oʻqituvchisi Xoldorali Qulfiddinov oʻn yildan ortiq vaqt davomida bogʻ hududida moʻjazgina muzey tashkil qilib, baholi qudrat tarixiy eksponatlar va maʼlumotlar yigʻish bilan shugʻullanib kelmoqda. Ammo uzoq yillar mobaynida faxriy oʻqituvchi bu joyni Fargʻona viloyati tarixi va madaniyati muzeyi filialiga aylantirish orzusini amalga oshira olmayapti. Toʻgʻri, bu mablagʻ va boshqa tashkiliy ishlar bilan bogʻliq masala. Lekin bitta tuman miqyosida kichik bir muzey faoliyatini yuritish uchun nahotki mablagʻ boʻlmasa?
Bor, albatta. Faqat qunt, hafsala, begʻaraz qoʻllab-quvvatlash yoʻq.
Bogʻda sobiq ittifoq davrida mehnati tufayli dovruq qozongan Hamroqul Tursunqulovga oʻrnatilgan haykal bor. Biroq haykal daraxtlar ortida deyarli koʻzga tashlanmaydi, borib ziyorat qilishga bir yoʻlak yoʻq. Atrofini obod qilish, gul-u rayhonlar ekish, ikkita oʻrindiq oʻrnatish hech kimning xayoliga kelmaydi. Bunday manzaraga koʻzi tushgan odamning, ayniqsa, yoshlarning yurt qahramonlari borasidagi tasavvuri yomon tomonga oʻzgarishi mumkin.
Tuman hokimligi mutasaddilarining maʼlum qilishicha, bevosita Fargʻona viloyati hokimligi tashabbusi bilan joriy yilda istirohat bogʻi hududida qurilish-taʼmirlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirildi. Shu kunlarda bogʻning asosiy kiraverish darvozasidan boshlab piyodalar yoʻlaklarini yangilash ishlariga kirishildi. 10 ga yaqin noqonuniy qurilmalar buzib tashlandi.
Muxtasar aytganda, ayanchli va abgor holatga tushib qolgan istirohat bogʻi yangilanish hamda oʻzgarishlarga muhtoj. Ishonamizki, bu borada rejalashtirilgan ishlar yakuniga yetkaziladi hamda Fargʻona tumanining turizm manzillaridan biri boʻlgan “Chinortagi” madaniyat va istirohat bogʻi yaqin vaqt ichida bugungi davrga mos koʻrinishga ega boʻladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring