Istanbulda Markaziy Osiyo mamlakatlarida qurgʻoqchilikka qarshi kompleks kurash muhokama qilindi

20:09 31 Oktyabr 2023 Iqtisodiyot
134 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Oʻzbekistondagi CACILM-2 loyihasi jamoasi mintaqaning boshqa mamlakatlari vakillari bilan birgalikda Markaziy Osiyoda qurgʻoqchilikka qarshi kompleks kurashishni rejalashtirish boʻyicha seminarda ishtirok etdi.

Tadbir Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Global Ekologik Jamgʻarma (GEF)ning moliyaviy koʻmagi bilan amalga oshirilayotgan CACILM-2 – “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurgʻoqchil va shoʻrlangan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” mintaqaviy loyihasi doirasida tashkil etildi.

Seminarda FAO, Yevropa komissiyasining Birlashgan tadqiqot markazi va boshqa xalqaro tashkilotlarning ekspertlari, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan mutaxassislar ishtirok etdi. Uch kun davom etgan tadbirda 6 ta sessiya davomida qurgʻoqchilik xavfini baholashning yangi konsepsiyasi va usullari, suv monitoringi tizimlari va ularning qurgʻoqchilikka qarshi kurashdagi oʻrni, zaiflik va taʼsirni baholash sohasida jahon amaliyotidan foydalanish, qurgʻoqchilikni kompleks boshqarish uchun rejalashtirish jarayonida gender masalalarini hisobga olish kabi muhim masalalar boʻyicha taqdimotlar oʻtkazildi.

Qayd etilishicha, 2000 – 2016-yillarda Markaziy Osiyoda qurgʻoqchilikdan koʻrilgan iqtisodiy yoʻqotishlar 2 milliard dollardan oshgan. Hukumatlararo komissiya maʼlumotlariga koʻra, iqlim oʻzgarishi allaqachon qurgʻoqchilikning tezligi, intensivligi va davomiyligini oshirib, koʻplab iqtisodiyot tarmoqlariga, jumladan oziq-ovqat va energiya ishlab chiqarishga jiddiy taʼsir koʻrsatmoqda.

CACILM-2 loyihasining mintaqaviy muvofiqlashtiruvchisi Mahmud Shoumarovning taʼkidlashicha, dunyoga mashhur olimlar tomonidan olib borilgan tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, yaqin kelajakda bu sohadagi harakatsizlik bahosi bugungi harakat bahosidan 10 baravar yuqori boʻladi, yaʼni landshaftni tiklash va qurgʻoqchilik xavfini boshqarish dasturlariga bugun investitsiya qilingan bir dollar kelajakda 10 dollarni tejaydi.

Seminarda qayd etilganidek, BMTning Choʻllanishga qarshi kurash toʻgʻrisidagi Konvensiyasi Qurgʻoqchilikka qarshi kurash tashabbusini yoʻlga qoʻydi va bu, oʻz navbatida, qurgʻoqchilikka qarshi kurash boʻyicha milliy rejalarni ishlab chiqishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha keng koʻlamli dasturni boshladi. Oʻzbekistonlik ishtirokchilar olgan bilim va tajribalaridan mamlakatda choʻllanish va qurgʻoqchilikka qarshi kurash choralarini qoʻllab-quvvatlashda foydalanishlarini taʼkidladilar.

– Seminar qurgʻoqchilikni boshqarishni kompleks rejalashtirishning oʻziga xos xususiyatlarini yaxshiroq tushunishga yordam berdi va mamlakatlar va texnik tashkilotlar oʻrtasida oʻzaro tajriba almashish va oʻqitish uchun yaxshi maydon boʻldi, – dedi CACILM-2 loyihasining Oʻzbekistondagi milliy boshqaruvchisi Muhammadjon Qosimov. – Bu yerda qurgʻoqchilikni boshqarish boʻyicha resurslar, bilimlar, shuningdek, zamonaviy yondashuvlar haqida umumiy maʼlumot taqdim etildi. Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va qoʻshma harakatlarni kuchaytirish iqlim oʻzgarishi, qurgʻoqchilik, shuningdek yer va suv resurslaridan foydalanish bilan bogʻliq muammolarni hal qilishda juda muhimdir.

CACILM-2 mintaqaviy loyihasining asosiy maqsadi qurgʻoqchilik va shoʻrlanish sharoitida qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga koʻmaklashish, tabiiy resurslardan, birinchi navbatda suv hamda qishloq xoʻjaligi yerlaridan, oqilona foydalanishga alohida eʼtibor qaratishdir. Loyiha BMTning Choʻllanishga qarshi kurash toʻgʻrisidagi Konvensiyasi va Markaziy Osiyo mintaqasida iqlim oʻzgarishi boʻyicha BMT doiraviy Konvensiyasini amalga oshirishga katta hissa qoʻshmoqda.

Oʻzbekistonda loyiha Qishloq xoʻjaligi vazirligi va bir qator milliy hamkorlar bilan hamkorlikda qurgʻoqchilik va shoʻrlanishga eng moyil hududlar – Buxoro viloyatining Buxoro va Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanlarida amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida mutaxassislar shoʻrlanish jarayonlarini boshqarish boʻyicha koʻrsatmalar ishlab chiqmoqdalar, shu jumladan, joylarda shoʻrlanishni kamaytirish boʻyicha innovatsion yondashuvlar va texnologiyalar, shuningdek, shoʻrga va qurgʻoqchilikka chidamli ekinlar joriy etilmoqda. FAO tomonidan zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikalari, issiqxonalar va boshqa daromad olish vositalari mahalliy dehqon va fermerlarga topshirilmoqda. Qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Negaki, suv Markaziy Osiyoda iqtisodiy oʻsish va inson farovonligini taʼminlashda muhim rol oʻynaydigan eng qimmatli tabiiy resurs hisoblanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?