Issiq qishning sovuq bahori bor

20:36 10 Yanvar 2024 Jamiyat
507 0

Dehqonchilik sirlari

Oʻtgan yilning dekabr va 2024-yilning yanvar oyi odatdagiga nisbatan iliq kelishi tufayli daraxtlar bevaqt uygʻondi. Surxondaryo va Qashqadaryoda Yangi yil bayrami arafasida bodom gulladi. Bu hech kimni quvontirgani yoʻq. Chunki qishda gullagan daraxt tuguni sovuq taʼsirida nobud boʻladi, bahorda kurtak chiqarmay qoʻyadi. Shuning uchun ham daraxtlar qor koʻrpasiga oʻranib, qish uyqusida orom olgani yaxshi.

Lekin bu yil iqlim oʻzgarishi va global isish taʼsirida qish-qirovli kunlar oʻrniga havo harorati kunduzi 12-15 daraja isib ketdi. Bu xalqimizning rizq-nasibasi boʻlgan serhosil bogʻu rogʻlarimizga qanday taʼsir qilmoqda? Daraxtlarni qish uyqusidan uygʻonib ketmasligi uchun qanday choralar koʻrish mumkin? Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimidagi Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot instituti boʻlim boshligʻi, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, professor Jamoliddin Fayziyev tavsiyalarini eʼtiboringizga havola qilamiz.

— Janubiy viloyatlarning baʼzi hududlarida qish oylarida bodom daraxtining gullash holati bu yangilik emas, — deydi J. Fayziyev. — Qish iliq kelgan yillarda bu kabi bevaqt daraxt uygʻonishi tabiatda uchrab turadi. Lekin buni bogʻbonu sohibkorlar ogohlik qoʻngʻirogʻi sifatida qabul qilib, zarur chora-tadbirlarni koʻrib qoʻyishsa, foydadan holi boʻlmaydi.

Xoʻsh, qish oylarida harorat necha darajaga koʻtarilganda daraxt gullaydi, degan savol tugʻilishi tabiiy. Mutaxassislar tili bilan aytganda daraxtlar qish oylarida tinim davrida boʻladi. Oʻsish va rivojlanishdan toʻxtaydi. Agar qish oyida harorat +100S va undan yuqori boʻlsa, daraxtlar novdalarining uchki qismidagi kurtaklar bevaqt gul yoza boshlaydi. Bu daraxt toʻliq gulladi, degani emas.

Bu yilgidek qish oylarida iliq harorat kuzatilganda, bogʻbonlarimiz daraxtlarning erta uygʻonib ketmasligi uchun daraxt qator oralarida chuqur ariq olib, gektariga 1500-2000 m3 yaxob suvi berishi lozim. Aslida qish chillasida yaʼni 25-dekabrdan 5-fevralgacha ikki marta yaxob suv berish talab etiladi. Bu usul qishning iliq yoki sovuq kelishidan qatʼi nazar amalga oshirilishi kerak. Chunki yaxob suvi daraxt ildiziga borib, namlikni hosil qiladi va bu namlik yoz oyining issiq vaqtida ham daraxtlarni chanqab qolishidan asraydi. Tajribali bogʻbonlarning aytishiga koʻra, yaxob suvi obitobida berilsa, mevaning moʻl va sersuv boʻlishiga olib keladi. Togʻ va togʻ oldi hududlardagi bogʻlar qator oralarida chuqur ariq qazib qoʻyilsa, qishda yoqqan qor va yomgʻir toʻplanadi. Natijada daraxtlarning tinim davri uzayadi, kech gullaydi.

Bundan tashqari bodomning erta uygʻonishi va gulini sovuq urmasligi uchun qish oylarida, xususan fevralda ohakka soz tuproq qoʻshib oqlash ham yaxshi samara beradi. Oq rang quyosh nurining oʻsimlik tanasiga toʻgʻridan-toʻgʻri tushishini pasaytiradi. Natijada daraxt nisbatan kechroq uygʻonadi, kurtak va gul chiqarishi sekinlashadi.

Yana shu jihatga eʼtibor qaratish kerakki, yuqori haroratda faol issiqlik yigʻindisi hosil boʻlganda daraxtlar novdasidagi kurtak boʻrtishi, baʼzan gul chiqarishi kuzatiladi. Bu yilgi sharoitda havo harorati 10 gradus iliq boʻlsada, tuproqda harorat past. Masalan, Toshkentda 2-3-marta qor yogʻdi, yer muzladi, bu daraxtlar ildizida sovuq haroratni ushlab turadi. Agarda har doim issiq boʻlsa, tuproq qatlami harorati koʻtarilsa, kurtak boʻrtishi mumkin. Endi yanvar oyida gullagan bodom haqida aytadigan boʻlsak, chiqargan novdasining uchginasi gullagan, qolgan kurtaklar “uxlab“ turibdi. Shuning uchun qolgan kurtaklarni saqlab qolish uchun daraxt ostidagi haroratni pasaytirishimiz kerak. Tomchilatib sugʻorish tizimi oʻrnatilgan bogʻlarda bu ishni amalga oshirish yaxshi samara beradi.

Qish iliq kelgan yillarda ham bu usulda daraxt ildizlarida namlikni saqlash va erta gullashining oldi olinadi. Intensiv bogʻlar tomchilatib sugʻoriladi. Bunda barcha mineral ozuqalarni suv orqali tomchilatib berish natijasida oʻgʻitlarni oʻzlashtirish samaradorligi ancha yuqori boʻladi. Yangi oʻzlashtirilgan qiyalik yerlarda barpo etilgan bogʻ va tokzorlarda tomchilatib sugʻorish yaxshi samara beradi: suvning tuproq sirtida oqib ketishi kuzatilmaydi, fizik parlanishiga ketadigan sarfi kamayadi, mahsulot sifati oshadi. Qish iliq kelgan yillarda ham bu usulda daraxt ildizlarida namlikni saqlash va erta gullashining oldi olinadi.

Bu usulning yana bir afzalligi shundaki, mineral oʻgʻitlarni suvda eritib berilganda, uni alohida qoʻllangandagiga qaraganda 40-50 foizgacha sarf-xarajat kamayadi. Meva sifati oshadi, taʼmi mazali va rangi toza, koʻrinishi bir tekisda boʻladi. Yangi ekilgan intensiv bogʻlar ikkinchi yili nishona beradi, 4-5-yilda toʻliq hosilga kirib, gektariga oʻrtacha 35-40 tonna meva terib olinadi.

Shakl berish, butash va qirqish ishlari daraxtlar qish oylarida to oʻsuv davri boshlanguncha, kurtak yozgunga qadar oʻtkaziladi. Agar sovuq tushguday boʻlsa (-5…-10°S haroratda) bu ishlar toʻxtatiladi. Sovuqqa chidamsiz boʻlgan danakli mevalar: oʻrik, gilos, shaftoli, olxoʻri, olcha, togʻ olcha va subtropik oʻsimliklardan xurmo daraxtlari bahorga yaqin, fevralning ikkinchi yarmi – mart oyi boshidan shakl berish, butash ishlari olib boriladi.

Mamlakatimizda 342,5 ming gektar bogʻ mavjud boʻlib, bozorlarimizga 3 million 520 ming tonna meva yetkazib berish koʻzda tutilgan. Iqlim oʻzgarishlari, suv tanqisligi va ob-havodagi nomutanosibliklarga qaramasdan bogʻbonu sohibkorlarimiz ichki va tashqi bozor uchun shirindan-shakar meva-cheva yetkazib berishga intilmoqdalar. Maqsadimiz xalqimiz dasturxonini toʻkin, rizqini butun va pirovardida yurtimiz iqtisodiyotini yuksaltirishga qaratilgandir. Zotan, issiq qishning sovuq bahori bor. Bahorning izgʻirinli kunlari qishdagidan koʻra xavfliroq. Albatta, ishonamizki, boy tajriba, yuksak mahorat va irodasi mustahkam bogʻbonlarimiz bunday sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtadilar.

Faxriddin BOZOROV

(“Xalq soʻzi”) yozib oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?