AQSH bazasiga hujum va Bangladeshda muvaqqat hukumat (+video)

21:24 06 Avgust 2024 Dunyo
218 0

Afgʻoniston va Oʻzbekiston chegaralarini suv yuvib ketdi

Afgʻoniston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi chegara suv toshqini tufayli yuvilib ketgan va u qaytadan aniqlanadi. Bu haqda Afgʻoniston Energetika va suv resurslari vaziri vazifasini bajaruvchi Abdullatif Mansur maʼlum qildi.

“Tojikiston, Oʻzbekiston va Turkmaniston bilan chegaralarimiz suv toshqinlari tufayli yuvilib ketdi. Muhimi shundaki, biz oʻtmish chegaralarini belgilash boʻyicha muhim ishlarni amalga oshirmoqdamiz va yigirma kun avval bu masalani Afgʻoniston rahbari bilan muhokama qildik”, dedi u.

Unga koʻra, Afgʻoniston rahbari koʻrsatmalari asosida tuzilgan reja Ichki ishlar, Mudofaa vazirligi, Razvedka bosh boshqarmasi va Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda yangi strategiya boʻyicha amalga oshiriladi.

Vazir chegaralarni tiklash boʻyicha yangi strategiya qanday boʻlishiga aniqlik kiritmadi.

Shu bilan birga, Abdullatif Mansur Afgʻonistonning suv boshqaruvi va energiya ishlab chiqarishga boʻlgan ehtiyojini taʼkidlab, bu borada yirik toʻgʻonlarni qurish, suv, shamol va quyosh resurslaridan foydalanish orqali oʻzini oʻzi taʼminlashga erishishni maqsad qilganini aytdi.

Shuningdek, Afgʻoniston Energetika va suv resurslari vazirligining katta maslahatchisi Faruq Aʼzam suv resurslarini boshqarish qoʻshni davlatlarga zarar keltirmasligini taʼkidladi.

“Bizning hech bir harakatimiz qoʻshnilarimizga zarar yetkazishga qaratilmagan va biz qoʻshnilarimizga zarar yetkazish uchun oʻzimizga tegishli ulushdan koʻproq suv sarflaganimiz yoʻq va shunday qilish niyatimiz ham yoʻq”, dedi u.

Iroqqa yoʻllangan zarba oqibatida amerikaliklar yaralandi

Dushanba kuni Iroq gʻarbidagi Ayn al-Assad aviabazasiga ikkita “Katyusha” raketasi uchirildi. Bu haqda Isroq xavfsizlik xizmatidagi ikki manba “Reuters”ga xabar qilgan. Iroqdagi manbalardan birining aytishicha, raketalar baza ichiga tushgan. Hujum HAMAS yetakchisining oʻldirilishi ortidan Eronning oʻch olish zarbasimi yoʻqmi hozircha nomaʼlum.

«Associated Press» axborot agentligi AQSH mudofaa rasmiylariga tayanib, yetti nafar harbiy xizmatchi va tinch aholi vakillari jabrlanganini aytdi. Hozirda koʻrilgan zarar baholanmoqda.

AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin va Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant dushanba kuni telefon orqali gaplashib, hujum xavfi oshib borayapti degan fikrga kelishdi.

Oʻtgan hafta Isroilning Bayrutga uyushtirgan hujumi natijasida Livandagi “Hizbulloh” guruhining yuqori darajali qoʻmondoni Fuad Shukir ham oʻldirilgan edi. Eronga koʻra, AQSH Haniya oʻlimida Isroilni qoʻllab-quvvatlagan va javobgarlikni boʻyniga olishi kerak. Yahudiy davlati esa hozircha javobgarlikni oʻzidan soqit qilgan.

Har ikki tomon ham keng qamrovli urushga tayyor emas, degan fikr keng tarqalgan. Ammo keskinlik kuchayishi toʻqnashuv xavfi yuqori ekanligini anglatadi.

AQSH va Eronning kamdan-kam ittifoqchisi boʻlgan Iroq 2500 amerikalik askarni hududiga kiritgan.

Bangladesh armiyasi Bosh vazir Shayx Hasina qochib ketganidan keyin muvaqqat hukumatni eʼlon qildi

Bangladesh Bosh vaziri Shayx Hasina oʻz hukumatiga qarshi bir necha hafta davom etgan qonli namoyishlar ortidan isteʼfoga chiqdi va mamlakatni tark etdi. Endi asosiy eʼtibor Janubiy Osiyo davlatini kim nazorat qilishiga qaratilgan.

Armiya boshligʻi general Vaker-Uz-Zamon xalqqa murojaatida Bangladeshni vaqtinchalik hukumat boshqarib borishini eʼlon qilib, tinchlikka chaqirdi. Yigirma yilga yaqin mamlakatni boshqargan Hasina 5-avgust kuni vertolyot orqali mamlakatdan chiqib ketib, Nyu-Dehli yaqinidagi Hindon aviabazasiga qoʻngan. Manbalarga koʻra, u Britaniya pasportiga ega singlisi bilan Nyu Dehlidan Londonga uchishni rejalashtirgan.

Dushanba kuni katta olomon bosh vazir saroyiga bostirib kirib, Hasinaning nutq soʻzlashiga toʻsqinlik qildi. Namoyishlarda 300 ga yaqin odam halok boʻlgan. Minglab odamlar bosh vazirning ketishi haqidagi xabardan soʻng koʻchalarda bayram qilgan.

Namoyishlar oʻtgan oy talabalar noroziligidan boshlangan edi. Ularning aytishicha, boʻlishi kerak boʻlgan ish boʻldi, endi ular ozod. Namoyishchilar hech qanday diktatura yoki notoʻgʻri boshqaruvga toqat qila olmasliklarini aytishmoqda.

Mahmud Abbos Moskvaga bormoqchi. Nega?

Falastin prezidenti Mahmud Abbosning soʻzlariga koʻra, Isroil Gʻazoga qarshi urushni uzaytirish uchun HAMAS yetakchisi Ismoil Haniyani oʻldirgan.

“Shubha yoʻqki, Haniyaning oʻldirilishidan maqsad urushni uzaytirish va uning koʻlamini kengaytirishdir. Bu tajovuzni toʻxtatish va Isroil qoʻshinlarini Gʻazodan olib chiqish boʻyicha davom etayotgan muzokaralarga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Bu qoʻrqoqlik harakati”, degan Falastin prezidenti Rossiya davlat axborot agentligiga.

Abbos Moskvada Vladimir Putin bilan mojaroni muhokama qilishini aytdi. U 12-14-avgust kunlari Rossiya poytaxtida boʻladi.

“Tashrifimizdan asosiy maqsad Falastin va xalqaro maydondagi soʻnggi voqealar yuzasidan maslahatlashuvlar oʻtkazish, fikr almashish, pozitsiyalarni muvofiqlashtirish va barcha sohalarda ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashdan iborat”, deb qoʻshimcha qilgan Mahmud Abbos. Shuningdek, u 14-15-avgust kunlari Turkiyada boʻlishi kutilmoqda.

Shu bilan bir qatorda 5-iyun kuni Putinning yuqori darajali mulozimi Sergey Shoygu Tehronda Eron prezidenti Masʼud Pezeshkian bilan muzokaralar olib bordi va u strategik hamkor hisoblanadigan Rossiya bilan aloqalarni kengaytirishga qaror qilganini maʼlum qilgan.

Eron yetakchisining taʼkidlashicha, Eron va Rossiya oʻrtasidagi mushtarak pozitsiyalar global xavfsizlik va tinchlikni mustahkamlashga olib keladi.

AQSH Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller Shoyguning Tehrondagi muzokaralariga ishora qilib, Rossiya Yaqin Sharqdagi keskinlikni yumshatishda asosiy rol oʻynamasligini aytgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер