Isroil Livandagi quruqlik harbiy amaliyotini kengaytirgan

17:05 15 Noyabr 2024 Dunyo
403 0

Isroil mudofaa vaziri Israel Kasning aytishicha, Isroilning Livan janubidagi quruqlik harbiy amaliyoti kengaytirilgan.

Katz operatsiyalarni kengaytirish toʻgʻrisidagi qaror qachon qabul qilinganiga aniqlik kiritmadi va bu nimaga olib kelishi haqida hech qanday maʼlumot bermagan. Isroil oʻtgan oy boshida “Hizbulloh”ni Livan janubidan chiqarib yuborish uchun cheklangan quruqlikdagi operatsiyani boshlagan edi.

“Biz Livan janubida quruqlikdagi manyovrni kengaytirdik va Bayrutning Dahiye tumanida, kerak boʻlsa «Hizbulloh” nishonlariga qarshi harakat qilmoqdamiz», — degan Kas.

Seshanba va chorshanba kunlari Isroil harbiylari Bayrut janubidagi “Hizbulloh” infratuzilmasiga qarshi 20 ga yaqin havo hujumlarini amalga oshirdi. Yangi tayinlangan mudofaa vaziri Isroil hech qanday sulhga rozi boʻlmasligini taʼkidlagan. Unga koʻra, Yahudiy davlati “Hizbulloh”ni qurolsizlantirish va Litani daryosi boʻylab olib chiqib ketishni taʼminlamaydigan hech qanday kelishuvga rozi boʻlmaydi. Litani daryosi Isroilning shimoliy chegarasidan taxminan 20 kilometr uzoqlikda joylashgan.

Livan sogʻliqni saqlash vazirligi va fuqarolik mudofaasi boshqarmasi maʼlumotlariga koʻra, payshanba kuni Isroilning Livan boʻylab uyushtirgan zarbalarida kamida 43 kishi, jumladan, sakkiz nafar mudofaa xodimi halok boʻldi.

Fuqarolik mudofaasi bosh boshqarmasining xabar berishicha, Isroilning hujumi Baalbek yaqinidagi Douris qishlogʻidagi shtab-kvartirasini vayron qilgan. Sogʻliqni saqlash vazirligining maʼlum qilishicha, xuddi shu zarbada yana uch kishi halok boʻlgan.

Tel-Aviv “Hizbulloh”ni Isroilga qarshi hujumlarini kuchaytirayotganlikda aybladi va guruh 2023-yil 8-oktyabrdan beri Isroilga 16 mingdan ortiq raketa otganiga urgʻu berdi.

Livan sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga koʻra, payshanba kuni ertalab Isroilning Baalbekdagi Ash-Shab mahallasiga bergan zarbasi oqibatida sakkiz kishi halok boʻlgan va 27 kishi jarohatlangan.

Sogʻliqni saqlash vazirligi payshanba kuni xabar berishicha, Isroilning hujumi Livan janubidagi Arabsalim qishlogʻidagi “Hizbulloh”ga qarashli Islom sogʻliqni saqlash boshqarmasining mobil markazini nishonga oldi. Shundan soʻng olti kishi, jumladan, toʻrtta tibbiyot xodimi halok boʻlgani maʼlum.

Isroilning Livan janubiga quruqlikdagi operatsiyasiga qaramay, “Hizbulloh” har kuni Isroil shimolining ayrim qismlariga raketa zarbalarini berib kelmoqda va Isroil shaharlariga qarshi uchuvchisiz uchish qurilmalaridan zarba beryapti. Isroil mudofaa kuchlari chorshanba kuni “Hizbulloh” tomonidan Livandan Isroilga 50 ga yaqin raketa uchirilganini maʼlum qildi.

Chorshanba kuni “Hizbulloh” Isroil va uning Livandagi qoʻshinlariga uchuvchisiz uchoqlar, raketalar bilan kamida 20 ta hujum uyushtirganini aytdi. Uning harakatlari Falastin xalqi va Livanni himoya qilish bilan bogʻliqligini bildirgan.

Isroilning Livandagi “Hizbulloh”ga qarshi hujumi tinch aholi orasidan qurbonlar keltirishda davom etmoqda. Livan sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga koʻra, yakshanba kunidan beri Livanning bir qancha shaharlariga havo hujumlari oqibatida kamida 20 nafar bola halok boʻlgan. Livan janubidagi Joun shahrida seshanba kuni kamida sakkiz bola halok boʻlgan. Seshanba kuni Bayrutning janubi-sharqidagi Baalchmay shahrida ikki bola oʻldirilgan.

Chorshanba kuni Isroilning Bayrut janubidagi qishloqqa uyushtirgan hujumi oqibatida uch bola halok boʻldi. Yakshanba kuni Isroilning Bayrut shimolidagi qishloqqa amalga oshirgan zarbasi oqibatida yetti nafar bola qurbon boʻlgan.

UNICEF vakilining maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi 50 kun ichida Livanda oʻldirilgan bolalar soni oʻtgan yili oʻldirilgan barcha bolalarning 80 foizini tashkil qiladi. “Livandagi bolalar bu urushning eng halokatli bosqichini boshdan kechirmoqda”, — deya qoʻshimcha qildi u. Sentyabr oyidan buyon esa hududda 3 mingga yaqin inson urush qurboni boʻlgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер