Ispaniya kompaniyasi Samarqandda maxsus avtomobillar va tez tibbiy yordam mashinalari ishlab chiqaradi

23:05 13 Iyul 2022 Iqtisodiyot
957 0

Foto: atlantico.net

Oʻzbekiston elchixonasi koʻmagida “SamAuto” MCHJ rahbarlarining Ispaniyaga amaliy safari tashkil etildi.

“Dunyo” AA xabariga koʻra, safar chogʻida Oʻzbekiston vakillari “Rodriguez Lopez Auto” kompaniyasining Orense (Galitsiya) shahridagi zavodida boʻlib, korxona rahbarlari bilan tez tibbiy yordam mashinalari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha qoʻshma loyihani amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.

Mamlakatimiz elchixonasidan olingan maʼlumotga koʻra, “Rodriguez Lopez Auto S.L.U.” tez tibbiy yordam va maxsus avtomashinalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. 40 yildan ortiq vaqt mobaynida kompaniya bozorning 65 foizdan ortiq qismini egallagan holda Ispaniyada tez tibbiy yordam mashinalarining yetakchi ishlab chiqaruvchisiga aylandi. Ispaniya bozoridan tashqari, kompaniya Germaniya, Niderlandiya, Shvetsiya, Angliya, Fransiya, Belgiya, Slovakiya, Daniya va Portugaliya kabi mamlakatlarga oʻz mahsulotlarini eksport qiladi. Bundan tashqari, Marokash, Liviya, Senegal, Angola, Oʻmon, Mavrikiy, Bangladesh, Chili, Peru, Ekvador, Kolumbiya, Venesuela, Boliviya, Panama, Kosta-Rika va Dominikanga ham tez yordam mashinalari sotilmoqda. Oʻtgan vaqt mobaynida kompaniya dunyoning 25 mamlakati uchun 10 mingdan ortiq tez tibbiy yordam mashinasini ishlab chiqargan.

Kompaniya mahsulotlari ISO 9001:2015 sifat sertifikatidan tashqari YEIning 23 ta sertifikatiga ega boʻlib, texnik hamkorlik shartnomalari mavjud boʻlgan barcha ishlab chiqaruvchilar tomonidan vaqti-vaqti bilan tekshiriladi. Barcha tez tibbiy yordam mashinalari Yevropa koʻrsatmalariga muvofiq sertifikatlangan va EN1789: 2007 + A2 standartiga mos keladi.

2021-yil 24-27-avgust kunlari “Rodriguez Lopez Auto” kompaniyasi rahbarlari Oʻzbekistonda boʻlib, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, «Oʻzavtosanoat» AKda muzokaralar oʻtkazgan, shuningdek, Samarqand shahrida joylashgan “SamAuto” aksiyadorlik jamiyati zavodi faoliyati bilan tanishgan.  

Foto: “Dunyo” AA

Safar davomida “SamAuto” MCHJ direktorining ishlab chiqarish boʻyicha oʻrinbosari Husan Qobilov va taʼminot boʻyicha oʻrinbosari Bahodir Quliyev korxonadagi ishlab chiqarish, avtomashinalarni tez tibbiy yordam va boshqa maxsus avtomashinalarga jihozlashning barcha jarayonlari bilan tanishdi.

“Rodriguez Lopez Auto” kompaniyasi ijrochi direktori Xose Enrike Rodriges Xorxe bilan Samarqand shahrida “SamAuto” zavodi ishlab chiqaryvchilari bilan qoʻshma investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish yuzasidan muzokaralar oʻtkazildi.

 Oʻzbekiston avtomobil ishlab chiqaruvchisining imkoniyatlaridan kelib chiqib, “ISUZU” yengil va yuk avtomobillari shassilari asosida maxsus avtomobillar chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvga erishildi.  Ispaniya vakillarining texnik takliflari tayyor boʻlgani va hamkorlik shakli boʻyicha kelishuvlarga erishilgani bois, Oʻzbekistondan Ispaniyaga “SamAuto” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan bir nechta shassilar joʻnatilishi hamda Orense shahridagi zavodda ularga tez tibbiy yordam mashinalarini tajriba tariqasida oʻrnatilishi kutilmoqda. Kelgusida ispaniyalik mutaxassislarni jalb qilgan holda Oʻzbekistonda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.

 Loyiha ishga tushgach, yiliga 500 dan 800 tagacha tez tibbiy yordam va maxsus avtomashinalar ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Bu, oʻz navbatida, Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi, respublikaning idoraviy va xususiy tibbiyot muassasalarining avtotransport parkini yangilashga boʻlgan ichki ehtiyojni toʻliq qoplash, shuningdek, mahsulotlarni nafaqat qoʻshni davlatlarga, balki MDH davlatlari va Janubiy Osiyo mintaqasi mamlakatlariga eksport qilish imkonini beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?