Islohotlar shtabi: Endi Namanganda har bir dastur nazoratda

Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari dasturiga koʻra, bu yil 4,2 mlrd. soʻmlik sarmoyani jalb etish, eksport hajmini 1 mln. dollarga yetkazish, 323 ming yangi ish oʻrinlari yaratish orqali 55 ming oilani kambagʻallikdan chiqarish yuzasidan katta marralar belgilangan.
Bir qarashda ayni raqamlar ortida jiddiy amaliy harakatlar zarurati turganini ilgʻab olish qiyin emas. Amalda esa har bir yoʻnalish zamirida real loyihalar bor. Bu loyihalar ijrosi viloyatda yaqinda faoliyat boshlagan islohotlar shtabining qatʼiy nazoratiga olingan. Oʻz soʻzini ayta oladigan tajribali mutaxassis, ilgʻor tadbirkor va xorijiy inspektorlardan iborat bu tuzilma mahallalar kesimida tayyorlangan dasturlarni sinchiklab oʻrganib, tahlildan oʻtkazadi, soʻngra ijroga yoʻnaltiriladi.
Aytish kerakki, viloyatda kichik biznes va tadbirkorlik sohasi iqtisodiyotning muhim tayanchiga aylanib bormoqda. Hozirgi kunga kelib hududda mehnatga yaroqli aholining 82 foizi ayni yoʻnalishda band boʻlib, yalpi hududiy mahsulotning 76 foizi ular tomonidan ishlab chiqarilmoqda. Hududlardagi qoʻshimcha kuch va manbalarni harakatga keltirish hisobiga ushbu koʻrsatkichlar yanada oʻsib borayotir.
Yilning toʻrt faslida ham suvga serob boʻlgan Norin tumanida xushtaʼm va xaridorgirligi jihatidan ichki va tashqi bozorda talab yuqori boʻlgan forel baligʻini yetishtirish uchun qulay shart-sharoit mavjud. Hududdagi yer osti suvlari mahalliy tilda “xonbaliq” deb ataladigan ushbu jonivorlar parvarishiga toʻla mos — qishda muzlamaydi, yozda isib ketmaydi. Shundan kelib chiqib, uni aholi tomorqalarida boqish ham yoʻlga qoʻyildi. Tuman boʻyicha 84 ta tik quduqlar kovlanib, davlat-xususiy sheriklik tamoyilida xonadonlarga berish boʻyicha tayyorlangan loyihaning dastlabkisi Xoʻjaqoʻrgʻoncha mahallasida amal oshirilmoqda.
— Ishni uyim tomiga 5 kVtli quyosh paneli oʻrnatishdan boshladik, — deydi xonadonda baliq yetishtiruvchi Nurillo Mahmudov. — Keyin tik quduqqa motor oʻrnatib, “bochka” usulida hovuz qurdik. Forel baligʻi boqishning afzalliklari va foydasi haqida yaxshilab oʻrganganimiz qoʻl keldi. Hovuzga 1 ming donadan koʻproq chavoq tashlagandik. Uch oyda bir tonna baliq yetishtirish hisobiga 31 mln. soʻmdan ziyod sof foyda olish mumkin ekan. Baliqning bu turi juda pokiza boʻladi. Agar tozalikka ahamiyat qaratsangiz yaxshi oʻsadi. U 2 mahal oziqlantiriladi. Ozuqani mutaxassislar orqali Eron, Turkiya, Polshadan import qilib olyapmiz. Hozir baliqlarning tirik vazni bir kilogrammdan oshdi. Avgust oyida sotuvga chiqaramiz.
Xoʻjaqoʻrgʻonchada ellikka yaqin xonadon hovlisida tik quduqli hovuzlarda forel parvarishlayapti. Koʻpchilik oilaviy biznesning bu turida ish boshlab toʻgʻri qilganiga amin boʻlmoqda. Xullas, azaldan baliqchilik boʻyicha ancha-muncha koʻnikmaga ega Norinda ushbu usul bilan ish olib borilayotgani viloyatning boshqa tumanlariga ham ibrat boʻlmoqda. Bu yerda birinchi mavsumning oʻzidayoq 8,5 ming tonna parhezbop va eksportga moʻljallangan goʻsht yetishtirish orqali aholi bandligi va xonadonlar daromadini oshirishga erishiladi.
Islohotlar shtabi aʼzolari Mingbuloq tumani ahliga oʻrdakchilikni rivojlantirish borasidagi loyihalarni maʼqullab, toʻgʻri ish qildi. Koʻplab sugʻorish tarmoqlariga ega bu hududda odamlar ilgaridan oʻrdak va gʻoz boqish bilan shugʻullanib kelishgan. Endilikda bu yumush joylarda madaniylashtirilgan holda amalga oshirilmoqda. Ariq, zakan va zovurlar tozalanib, ihotalangan holda oʻrdakxonalarga aylantirilyapti. Umuman olganda, tumanda 1,7 ming kilometr zovurlar taʼmirlanib, ularning 938 kilometr qismida 515 tonna baliq, 505 kilometr qismida esa 1,4 ming tonna parranda goʻshti va 1,2 mln. dona tuxum yetishtirish harakati boryapti.
Hozirgi kunda 300 ta fermer xoʻjaligi va 800 nafar fuqaro tomonidan 16,4 mlrd. soʻm mablagʻ yoʻnaltirilib, oʻrdak va baliq boqish uchun infratuzilma tayyorlanmoqda. 32 ta fermer xoʻjaligi va 15 ta tadbirkor 50 ta oʻrdakxona tashkil etib, 40 ming dona oʻrdak parvarishlashni boshlagan.
— Oʻrdak boqishning muhim bir yaxshi jihati bor, — deydi “Azizbek Jamoliddinovich“ fermer xoʻjaligi rahbari Azizbek Kenjayev. — Bu jonivor zakanlardagi oʻt-oʻlanlarni tag-tomiri bilan yeb tashlaydi. Qolaversa, koʻp suzishi evaziga zakan xas-xashaklardan tozalanib, suv yoʻllari ravonlashadi. Muhimi, ularni parvarish qilish uchun katta maydon, koʻp sonli ishchi kuchlari talab etilmaydi.
Bu singari istiqbolli loyihalar viloyat iqtisodiyotining boshqa yoʻnalishlari, masalan, tekstil va toʻqimachilik, oziq-ovqat sanoati, qurilish ashyolari va boshqa isteʼmol mollari ishlab chiqarish korxonalari, xizmat sohalarida ham roʻyobga chiqarilmoqda. Joriy yilning 7-iyul kuni davlatimiz rahbariga Namangan viloyatida islohotlar natijadorligi, hududlardagi ishlarning borishi va loyihalar ijrosi yuzasidan berilgan hisobotda bular haqida ham atroflicha fikr yuritildi.
Ayni paytda islohotlar shtabi aʼzolarining saʼy-harakati bilan yana 1 mln. dollar qiymatidagi yangi loyihalar ham taqdim etildiki, uning ijrosi bilan qoʻshimcha ravishda yana 12 ming ish oʻrni ochiladi, byudjet 200 mln. soʻmga boyiydi. Bundan tashqari, 160 mln. dollarlik mahsulotni xorijga eksport qilish uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochiladi.
Bu hazilakam koʻrsatkich emas!
Qudratilla NAJMIDDINOV
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring