Ishonch koʻpriklari yoxud Nurafshondagi kushxona atrofidagi oʻylar

11:38 20 Fevral 2025 Jamiyat
132 0

Otabek ISROILOV/“Xalq soʻzi”. Nurafshon shahridagi “Obod turmush” mahallasi hududidagi koʻp qavatli uylarning yaqinida joylashgan xonadonda eshak goʻshti sotilayotgani taxmin qilinib, Nurafshon shahri Ichki ishlar boʻlimida tekshiruv oʻtkazildi. Afsuski, taxmin haqiqat boʻlib chiqdi. Eshak goʻshti taʼmi, garchand, nomaʼlum boʻlsa-da, haqiqat achchiqdir.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hayʼati eshak goʻshti haqida yoʻllangan ushbu savolga muxtasar javob bergan.

«Eshak goʻshti haqida maʼlumot bersangiz. Uni harom deb eshitganmiz, lekin hozirgi kunda baʼzi joylarda sotilyapti ekan. Shu mumkinmi?

Javob: Bu mutlaqo mumkin emas. Chunki shariatda “isteʼmoli nojoiz boʻlgan narsaning savdosi ham nojoiz”, degan qoida bor.

Demak, eshak goʻshti – harom. Yakdil toʻxtam shu. Toshkent viloyatida eshak goʻshti bilan hodisa dastlab Oqqoʻrgʻonda boshlandi. Shu yilning yanvarida ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda Oqqoʻrgʻonda oʻn uch bosh eshakning ichak va suyaklari daryo yaqiniga tashlab ketilgan tasvirlar tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshligʻining matbuot kotibi Bobur Toʻlaganov rasmiy munosabat bildirib, ushbu ishga aloqadorlikda gumonlangan holda uch nafar shaxs ustidan tergovga qadar tekshiruv olib borilayotganini maʼlum qildi.

IIBB Karantin tadbirlarini tashkil qilish boʻlinmasi xodimlari tomonidan hamkorlikda tashkilotlar bilan davom ettirilgan harakatlar davomida jinoyat izi Ohangaronga borib taqalgan. Hududda dezinfeksiyalash ishlari olib borilgan. Jumladan, Ohangaron tumani “Gʻallaquduq” mahallasidagi sobiq fermer xoʻjaligi hovlisi xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilgan. Tezkor tadbir davomida fermada qonunchilik va sanitariya qoidalariga zid ravishda eshak goʻshti va suyaklari saqlanayotgani aniqlangan. Shuningdek, ushbu fermada yigirma besh bosh tirik eshak boqilayotgani ham maʼlum boʻlgan.

Holat boʻyicha 1965-yilda tugʻilgan shaxs va uning ikki nafar oʻgʻli tergovga qadar tekshiruv harakatlariga jalb qilingan.

Aholini xavfsiz oziq-ovqat bilan taʼminlash boʻyicha nazorat tadbirlari oqqoʻrgʻonlik aholi murojaatlaridan soʻng boshlangan. Jarayonda Ohangaron tumani va Nurafshon shahrida ham noqonuniy faoliyat fosh etilgan.

Yuzdan parda ketsa,

Dildan diyonat,

Mehr rishtalari zimdan uzilsa;

Yuraklarni bossa shubha, xiyonat,

Ishonch koʻpriklari buzilsa...

Ha, ishonch koʻpriklari qulagan joyda oʻzganing haqiga boʻlgan qoʻrquv hissi yoʻqoladi. Mayda soʻqmoqlar yoʻllarga aylanib, gʻaznalarga qoʻllar choʻziladi. Ishonch koʻpriklari buzilgan joyga qirgʻinga hojat qolmaydi.

1986-yilda Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov yozgan ushbu sheʼr bugungi kun odamlarini ayni holatdan ogohlantirayotgandek. Afsus. Nurafshon shahrida bir necha bosh eshak emas, odamlarning ishonchi nobud boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер