Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun qabul qilindi

11:53 24 Dekabr 2024 Siyosat
189 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda muhokama qilindi.

Mazkur qonun loyihasi davlat moliyaviy nazoratini takomillashtirish hamda iqtisodiy jinoyatlarni tergov qilish boʻyicha vakolatlarni aniq belgilash maqsadida bir qator qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutadi. Shuningdek, loyiha bilan Jinoyat-protsessual, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi hamda Byudjet kodekslariga tegishli qoidalar kiritilmoqda.

Qonun loyihasida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining vakolatlari aniq belgilab berilgan. Ularga davlat moliyaviy nazoratini amalga oshirish, iqtisodiy jinoyatlarni tergov qilish va tegishli choralarni koʻrish vazifalari yuklanmoqda. Mazkur oʻzgartishlar davlat organlari oʻrtasidagi vakolatlarni qonuniy asosda belgilashga va ularni aniq bajarilishini taʼminlashga xizmat qiladi.

Qonun loyihasining qabul qilinishi sud-huquq islohotlari uchun muhim huquqiy zamin yaratadi. Loyiha asosida jinoyatlarni tergov qilishda qonunchilik bazasini mustahkamlash va davlat organlari faoliyatida aniqlik yaratish koʻzda tutilgan. Shuningdek, bu oʻzgarishlar byudjet qonunchiligining bir xil qoʻllanilishini taʼminlashga ham yoʻnaltiriladi.

Majlis davomida deputatlar loyihaning huquqiy asoslarini atroflicha muhokama qilib, uning ijtimoiy va iqtisodiy ahamiyatini taʼkidladilar. Qonun loyihasi byudjet moliyasi va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash borasidagi davlat islohotlarining huquqiy jihatdan mustahkamlanishi uchun muhim qadam sifatida eʼtirof etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?