Iqlim va suv muammosi

Unga panja ortidan qarashga haqqimiz yoʻq
Markaziy Osiyo — betakror tabiati, boy madaniyati va tarixi bilan alohida ajralib turuvchi mintaqa. Ammo soʻnggi yillarda bu goʻzal va dunyoda tengi yoʻq hudud iqlim oʻzgarishlarining jiddiy taʼsirini his qilmoqda. Havo haroratining koʻtarilishi, suv tanqisligi, choʻllanish va tabiiy ofatlarning koʻpayishi mintaqa kelajagiga jiddiy tahdid solmoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo — Xitoy” ikkinchi sammitida soʻzlagan nutqida ishtirokchilar eʼtiborini mintaqamizdagi iqlim oʻzgarishi muammolariga qaratgani ham bejiz emas. Chunki mamlakatlarimiz barqaror taraqqiyotiga katta xavf tugʻdiruvchi xatar, bu iqlim oʻzgarishlari oqibatlaridir. Xitoyning ilgʻor tajribasini keng joriy etish orqali bunday xatarlarni kamaytirish mumkin. Shuningdek, Xitoy tajribasi “yashil” kun tartibi va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi chora-tadbirlar samaradorligini sezilarli darajada oshirish imkonini ham beradi.
Bu jarayonda 2030-yilgacha moʻljallangan “Yashil” rivojlanish dasturini qabul qilish va uni amalga oshirishga imkon qadar tezroq kirishish muhim. Shu maʼnoda, davlatimiz rahbari choʻllanishga qarshi kurashish, degradatsiyaga uchragan yerlarni qayta tiklash, qurgʻoqchil va choʻl hududlarda bioekologik barqarorlikni oshirish sohasida muloqot va sheriklik uchun bizning formatda Ekologik alyansni tuzishni taklif etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan “yashil” rivojlanish strategiyasi mamlakatimizning barqaror kelajagini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega. Xoʻsh, Xitoyning “yashil” rivojlanishdagi muvaffaqiyat omillari nimada?
Xitoy soʻnggi yillarda “yashil” rivojlanish sohasida katta yutuqlarga erishdi. Xitoy hukumati “yashil” rivojlanishni milliy siyosat darajasiga koʻtardi va bu borada aniq maqsad hamda vazifalarni belgilab oldi. “Osmonosti mamlakati” “yashil” texnologiyalar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasiga katta miqdorda investitsiya kiritmoqda. “Yashil” texnologiyalar sohasida ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarni qoʻllab-quvvatlash orqali innovatsiyalarni ragʻbatlantirilayotgani ham sohada muvaffaqiyatlarga erishish imkonini beryapti. Shu bilan birga, rasmiy Pekin atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida qonunchilik bazasini takomillashtirdi va ekologik talablarni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirdi. “Yashil” rivojlanish sohasida boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan faol hamkorlik qilinayotgani ham eʼtiborga molik.
Demak, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan choʻllanishga qarshi kurashish, degradatsiyaga uchragan yerlarni qayta tiklash, qurgʻoqchil va choʻl hududlarda bioekologik barqarorlikni oshirish sohasida muloqot va sheriklik uchun Ekologik alyansni tuzish taklifi Oʻzbekistonning “yashil” rivojlanish yoʻlidagi muhim qadamlaridan biri, desak, sira mubolagʻa emas. Bunday alyans mintaqa davlatlarining ekologik muammolarni hal etishdagi saʼy-harakatlarini birlashtirishga, ilgʻor tajribalarni almashishga va qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.
Aslida ham, busiz mintaqamizdagi iqlim oʻzgarishi va suv yetishmovchiligi bilan bogʻliq muammolarni yechish mumkin emas. Zero, Markaziy Osiyoda harorat yildan-yilga koʻtarilib boryapti. Eʼtibor bering, yana bir xalqaro tashkilot hisobotida iqlim oʻzgarishi Markaziy Osiyo mamlakatlari hayotini qiyinlashtirishidan ogohlantirdi, tahdidga qarshi barcha amalni samarali muvofiqlashtirgan holda kurashish zarurligini taʼkidladi.
Jahon meteorologiya tashkiloti “2025 — 2029-yillar uchun iqlim istiqboli” uzoq muddatli prognozini eʼlon qildi. Ushbu hisobotga koʻra, Markaziy Osiyoda dunyoning boshqa joylariga solishtirganda ham havo harorati kuchliroq isib borayotir. Mintaqa mamlakatlari zudlik bilan qurgʻoqchilik, muzliklarning shiddat bilan erishi va beqaror yogʻingarchiliklar sharoitiga moslashishlari lozim, aks holda suv taʼminoti, qishloq xoʻjaligi va energetika bilan bogʻliq tahdidlar yanada kuchayadi.
Jahon meteorologiya tashkilotiga koʻra, 2025 — 2029-yillar davomida har bir yil 1991 — 2020-yillar normasidan issiqroq boʻlishi mumkin. Global harorat baʼzi yillarda sanoatgacha boʻlgan davrdagiga nisbatan solishtirganda +1.5 darajadan koʻtarilib ketish ehtimoli bor. Haroratning oshishi Qirgʻiziston va Tojikistondagi koʻp asrlik muzliklarning yanada tez erishiga olib keladi. Mintaqaning ikki yirik daryosi — Sirdaryo va Amudaryo asosiy suvlarini ana shu muzliklardan oladi, ularning tez erishi esa suv manbalariga xavf soladi.
Tojikiston mintaqadagi eng yirik muzlik — Fedchenko muzligining 40 foizidan va Qirgʻiziston oʻzining asriy muzliklarining 30 foizidan ayrilgan. Ayni holat Qirgʻiziston va Tojikiston kabi iqtisodiyoti gidroelektrostansiyalarga bogʻliq mamlakatlar uchun katta muammo. Odatda may — sentyabr oylarida mintaqaning aksar hududida yogʻingarchilik kuzatilmaydi, bundan buyogʻiga esa Jahon meteorologiya tashkiloti yoz oylaridagi vaziyatning normadan yuqori boʻlish ehtimoli 82 foizni tashkil etishi mumkinligidan ogohlantiryapti. Bu yozda yogʻingarchilik, keyin esa qurgʻoqchilik roʻy beradi, deganidir.
Oʻtgan yil tarixdagi eng issiq yil sifatida qayd etildi — harorat +1.55° darajaga koʻtarilgan. BMT maʼlumotlariga koʻra, suv taqchilligi Markaziy Osiyo iqtisodiy rivojlanishiga toʻsiq boʻlyapti.
Shuningdek, shu yil mart oyida Markaziy Osiyoni kutilmagan issiqlik toʻlqini qopladi. Iqlim oʻzgarishi va ekstremal ob-havo hodisalarini oʻrganadigan olimlar ittifoqi “World Weather Attribution” tadqiqotiga koʻra, mart oyi davomida havo harorati sanoat davrigacha boʻlgan oʻrtacha koʻrsatkichdan 10 daraja yuqori boʻlgan. Guruhning taʼkidlashicha, iqlim oʻzgarishi issiqlik toʻlqinini taxminan 4 darajaga oshirgan. Bu esa mintaqada allaqachon iqlim oʻzgarishidan jiddiy jabr koʻrayotgan qishloq xoʻjaligi va suv taʼminotini xavf ostiga qoʻyishi mumkinligidan ogohlantirish bildirilgan edi.
Markaziy Osiyo — iqlim oʻzgarishining taʼsirini eng koʻp his qilayotgan mintaqalardan. Orol dengizining qurishi, muzliklarning erishi, suv tanqisligi, choʻllanish va ekstremal havo hodisalarining koʻpayishi mintaqaning barqaror rivojlanishiga jiddiy tahdid solmoqda. Bu muammolar iqtisodiyot, ijtimoiy hayot va ekologiyaga salbiy taʼsir koʻrsatib, mintaqa davlatlaridan zudlik bilan choralar koʻrishni talab etadi. Iqlim oʻzgarishining asosiy muammolari, avvalo, suv tanqisligida koʻriladi. Markaziy Osiyo suv resurslariga boy boʻlmagan hudud.
Iqlim oʻzgarishi muzliklarning erishi va yogʻingarchilik miqdorining kamayishiga olib kelib, suv tanqisligini yanada kuchaytirmoqda. Bu qishloq xoʻjaligi, sanoat va aholining suv bilan taʼminlanishiga jiddiy taʼsir koʻrsatadi. Choʻllanish va yerlarning degradatsiyasi: iqlim oʻzgarishi va yerdan notoʻgʻri foydalanish choʻllanish jarayonini tezlashtirmoqda. Bu qishloq xoʻjaligi yerlarining hosildorligini pasaytirib, chorvachilik va dehqonchilik bilan shugʻullanuvchi aholining hayotiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Iqlim oʻzgarishi ekstremal havo hodisalarining, jumladan, qurgʻoqchilik, suv toshqinlari, sellar va kuchli shamollarning koʻpayishiga olib kelmoqda. Bunday hodisalar iqtisodiyotga katta zarar yetkazib, aholining hayoti va salomatligiga xavf tugʻdiradi. Ekologik muammolar: iqlim oʻzgarishi bioxilmaxillikning yoʻqolishi, oʻsimlik va hayvonot dunyosining kamayishi, oʻrmonlarning degradatsiyasi hamda ekologik muvozanatning buzilishiga olib kelmoqda.
Markaziy Osiyo davlatlari iqlim oʻzgarishining taʼsirini kamaytirish va barqaror rivojlanishni taʼminlash uchun qator choralarni koʻrishi kerak. Suvdan samarali foydalanish, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, sugʻorish tizimlarini modernizatsiya qilish va suv xoʻjaligini boshqarishning innovatsion usullarini qoʻllash zarur. Shuningdek, transchegaraviy suv resurslarini boshqarish boʻyicha mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish lozim.
Choʻllanishga qarshi kurashish uchun daraxt ekish, yerlarni tiklash, oʻrmonlarni koʻpaytirish va yerdan foydalanishning barqaror usullarini joriy etish maqsadga muvofiq. Energiya samaradorligini oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish orqali issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish mumkin. Bu quyosh, shamol, gidroenergiya va biomassadan foydalanishni ragʻbatlantirishni oʻz ichiga oladi. Qishloq xoʻjaligida iqlimga moslashuvchan usullarni qoʻllash, kam suv talab qiladigan ekinlarni yetishtirish, yerlarni muhofaza qilish va organik dehqonchilikni rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash va sotishning samarali tizimlarini yaratishga ehtiyoj sezilmoqda.
Aholini iqlim oʻzgarishining oqibatlariga tayyorlash, ekstremal havo hodisalariga qarshi kurashish, suv toshqinlaridan himoyalanish va qurgʻoqchilikka qarshi choralar koʻrishga chorlash eng ustuvor vazifalardan hisoblanadi.
Dunyo aholisi sonining oʻsishi, oziq-ovqat mahsulotlari isteʼmoli oshayotgani, sugʻorma dehqonchilik, iqlim isishi va iqtisodiy rivojlanish birgalikda dunyoda suv zaxiralari kamayishiga olib kelmoqda.
Jahondagi 400 ta mintaqa yoki hududda hozir suv oʻta taqchil. Bu boradagi tadqiqotlarni eʼlon qilgan Jahon zaxiralari institutiga koʻra, suv yetishmasligi sabab millionlab odamlar boshqa joylarga koʻchishga majbur boʻlishi, urushlar va siyosiy notinchliklar yuzaga kelishi mumkin.
Dunyoda eng koʻp chuchuk suv ekinlarni sugʻorish uchun ishlatiladi. Keyingi oʻrinda sanoat turadi. Bugun Yaqin Sharq, Hindiston, Pokiston, Botsvana, Eritreyada suv juda taqchil. Turkmaniston, Oʻzbekiston va Qozogʻistonda suv taqchilligi seziladi. Chili hamda Turkiyaning qator mintaqalarida ham suv yetishmaydi. Xitoy va Rossiyada suv zaxiralari yetarli, ammo bu ikki mamlakat poytaxtlari — Pekin hamda Moskvada suv kam. Yevropada esa Italiya va Ispaniya bugun suv taqchilligi muammosiga yuz tutmoqda. Oxirgi yarim asrdan koʻproq vaqt ichida yoki 1961 — 2020-yillar davomida dunyoda suv isteʼmoli 2 yarim baravar oshgan. Ayniqsa, qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorish uchun chuchuk suvning 67 foizi sarflanadi.
BMTning Sahrolashishga qarshi konvensiyasiga koʻra, choʻl va yarimchoʻl mintaqalaridagi ahvol hozirgidek davom etsa, 2030-yilga borib, dunyoda 24 milliondan 700 milliongacha odam oʻz uy-joylarini tashlab, boshqa yashaydigan joy izlashga majbur boʻladi.
Shu yil 20-iyun kuni Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutining 100-yilligiga bagʻishlangan “Markaziy Osiyoning global ekologik va suv muammolarini hal qilishda ilmiy yondashuvlar” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi. Unda 20 dan ziyod mamlakatlardan 300 dan ortiq deputatlar, elchilar, vazirlar, olimlar, xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashib, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning iqlim va suv muammolari boʻyicha amalga oshirayotgan ishlarini yuksak baholashdi.
Iqlim oʻzgarishi va suv muammosi yuzaga kelishiga bir qator omillar sabab boʻlmoqda: masalan, issiqxona gazlari chiqindilari. Koʻmir, neft va gazdan foydalanish natijasida atmosferaga koʻp miqdorda issiqxona gazlari chiqarilmoqda. Oʻrmonlar issiqxona gazlarini yutib oladi va iqlimni muvozanatda saqlashga yordam beradi. Oʻrmonlarning kesilishi esa iqlim oʻzgarishini tezlashtirmoqda. Yerdan notoʻgʻri foydalanish, suvni isrof qilish hamda kimyoviy oʻgʻitlarni koʻp ishlatish tuproqning degradatsiyasiga va iqlim oʻzgarishiga olib kelmoqda.
Bulardan kelib chiqadigan xulosa shuki, biz tabiatga befarq boʻlolmaymiz. Bunga haqqimiz yoʻq. Biz Prezidentimizning tashabbusini qoʻllab-quvvatlab, u kishining rahbarligida jipslashishimiz lozim. Sanoat korxonalarida, uy-joy kommunal xoʻjaligida va transport sohasida energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, sugʻorish tizimlarini modernizatsiya qilish, suv tejovchi texnologiyalarni qoʻllash va suv xoʻjaligini boshqarishning innovatsion hamda yerdan foydalanishning barqaror usullarini joriy etish, choʻllanishga qarshi kurashish, daraxt ekish, yerlarni tiklash, oʻrmonlarni koʻpaytirish, bundan tashqari, ekologik toza transportga oʻtish, jamoat transportini rivojlantirish kerak, deb hisoblaymiz.
Xitoyning ilgʻor tajribasini keng joriy etish, 2030-yilgacha moʻljallangan “Yashil” rivojlanish dasturini qabul qilish va uni amalga oshirishga imkon qadar tezroq kirishish, shuningdek, mintaqaviy Ekologik alyansni shakllantirish Oʻzbekistonning barqaror rivojlanishini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega. Bu yoʻldagi saʼy-harakatlar mamlakatimizning iqtisodiy oʻsishini taʼminlash, aholining turmush darajasini oshirish va atrof-muhitni muhofaza etishga xizmat qiladi.
Shavkat HAMROYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vaziri.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring