Investisiyalar sohasini jadal rivojlantirishga oid qonun muhokama qilindi

18:48 08 Yanvar 2025 Siyosat
308 0

Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»

2025 yil 8 yanvar kuni Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investisiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining navbatdagi majlisida “Investisiyalar va investisiya faoliyati to‘g‘risida”gi Qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Majlisda senatorlar, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining doimiy komissiyalari a’zolari, mutaxassis va ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda qulay investisiyalar muhitini yaratish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiyalarni faol jalb qilish, shuningdek sohada faoliyat yuritayotgan mahalliy va xorijiy investor hamda tadbirkorlarning huquqlarini kafolatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu bilan birga, investisiya faoliyatini asossiz tekshiruvlardan himoyalashni kafolatlash, investorlarning kafolatlari, huquq va majburiyatlari hamda ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, amaldagi investisiya qonunchiligidagi ilg‘or xalqaro standartlar, jumladan Jahon savdo tashkilotining qoidalariga moslashtirish zarurati bugungi kunning talabi bo‘lmoqda.

Mazkur Qonun bilan investisiyalar va investisiya faoliyatiga oid asosiy tushunchalar, ushbu faoliyatning asosiy prinsiplari va maqsadlari belgilanmoqda, investisiya faoliyatining kafolatlari va uning huquqiy jihatdan himoyasi tartibga solinmoqda.

Xususan, adolatli va teng huquqli munosabatda bo‘lish, investisiya faoliyatini asossiz tekshiruvlardan himoya qilish, investisiyalash erkinligi,  ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash, biznesni boshqarish erkinligi hamda mablag‘larni erkin tasarruf etishga doir kafolatlar belgilanmoqda.

Shuningdek, “ustuvor investisiya loyihasi” tushunchasi kiritilib, investisiya hajmiga ko‘ra kichik, o‘rta, yirik, strategik investisiya loyihalariga Qonunga muvofiq imtiyozlar berish ko‘zda tutilmoqda.

Investisiyalarni rag‘batlantirish choralari va imtiyozlar doirasi kengaytirilmoqda. Chet el investisiyalari ishtirokidagi korxonada ustav fondining kamida 15 foizi chet el investisiyalarini tashkil etishi lozimligi to‘g‘risidagi amaldagi norma 10 foizga tushirilmoqda.

Shuningdek, qo‘mita majlisida “O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi Shartnomani (Dushanbe, 2024 yil 18 aprel) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonuni ham muhokama qilindi.

Mazkur Shartnoma O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2024 yil 18 aprelda Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifi doirasida Dushanbe shahrida imzolangan. Shartnoma ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yangi – ittifoqchilik darajasiga olib chiqishga qaratilgan.

Ushbu hujjat xalqaro huquq normalariga amal qilgan holda mintaqaviy mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish, davlat chegaralarini demarkatsiya qilish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish, suv-energetika sohasida o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish, parlamentlar o‘rtasida parlament diplomatiyasini rivojlantirish va o‘zaro aloqalarni mustahkamlash kabi yo‘nalishlardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishni nazarda tutadi.

Shuningdek, iqtisodiy, investisiyaviy, fan-texnika, madaniyat, ta’lim, sport va turizm sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish, terrorizm, ekstremizm va transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Majlis yakunida Qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?