Internet orqali fuqarolarning pullarini oʻzlashtirib kelgan jinoiy guruh qoʻlga olindi (+video)

11:16 07 Yanvar 2026 Jamiyat
227 0

Internetda Bojxona qoʻmitasi nomidan soxta sahifalar ochib fuqarolar pullarini oʻzlashtirib kelgan jinoiy guruh qoʻlga olindi. Bu haqida Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xabar berdi.

Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan olib borilgan tadbir davomida Telegram va Instagram ijtimoiy tarmoqlarida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi nomidan soxta kanal va guruhlar ochib, fuqarolarning pul mablagʻlarini oʻzlashtirib kelgan jinoiy guruh fosh etilib, guruh aʼzolari qoʻlga olingan.

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, Andijon viloyatida yashovchi 22-25 yoshli 5 nafar shaxs joriy yil boshida jinoiy reja tuzib, Telegram va Instagram tarmoqlarida bojxona tizimi nomidan “Musodara tovarlar” va “Optom sklad” nomlari ostida kanal va guruhlar tashkil qilgan.

Mazkur guruhlarda “Bojxona qoʻmitasi admini”, “Ishonch siz bilan” kabi oʻnga yaqin soxta akkauntlar orqali oʻzlarini goʻyoki tizim xodimlari sifatida tanishtirib kelgan. Ular maishiy texnika, muzlatkich va televizorlar, isitish qozonlari, oshxona va bolalar mebellari, turli gadjetlar, jumladan iPhone telefonlarining soʻnggi modellari hamda kiyim-kechaklarni juda arzon narxlarda taklif qilib, aslida mavjud boʻlmagan motoskuterlargacha yetkazib berishni vaʼda qilgan.

Toʻlovlarning maʼlum qismi esa oʻzgalarning nomiga rasmiylashtirilgan bank kartalar orqali qabul qilingan. Natijada jinoiy guruh aʼzolari dastlabki tergovga qadar jami 60 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, firibgarlik yoʻli bilan 117 million soʻm pul mablagʻlari oʻzlashtirilgan va pullarni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.

Mahsulotni talab qilgan yoki qayta aloqaga chiqqan jabrlanuvchilar esa javobsiz qoldirilib, ijtimoiy tarmoqlarda “qora roʻyxat”ga kiritilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoiy guruh aʼzolariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” va “g” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Tergov harakatlari davom ettirilib, fuqarolarga yetkazilgan moddiy zararlarni qoplash choralari koʻrilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?