Intellektual mulk aqlni pulga aylantiradi

10:01 17 Aprel 2021 Jamiyat
2679 0

Inson tafakkuri va izlanishlari mahsuli boʻlmish intellektual mulk samarasini bugun barcha jabhada koʻrish mumkin. Binobarin, hozir foydalanayotgan zamonaviy texnologiyalar, umuman, kundalik ehtiyojimiz qanoati ana shu salohiyat bilan chambarchas bogʻliq. Mamlakatimizda intellektual mulk qay darajada rivojlanmoqda? Olimu tadqiqotchilarimizga zarur shart-sharoitlar yaratib berilyaptimi? 

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professori, siyosiy fanlar doktori Baxtiyor OMONOV bilan shular xususida fikrlashdik.

— Bunga Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 12-oktyabr kuni intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan yigʻilishda aytgan fikrlaridan javob olishimiz mumkin, — deydi suhbatdoshimiz. — Xususan, yigʻilishda davlatimiz rahbari «Ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish, bu sohadagi yutuqlarni yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotga aylantirishda intellektual mulkning ishonchli himoyasini taʼminlash juda muhim. Dunyoda tovarlarning brend qiymati yuqori hisoblanadi. Intellektual mulk Yevropada yalpi ichki mahsulotning 45 foizini, Xitoyda 12, Rossiyada 7 foizini tashkil etadi. Afsuski, mamlakatimiz bu borada dunyo bozoridan uzoqlashib ketdi.
Na tegishli idoralar va na hudud rahbarlari intellektual mulk masalasiga eʼtibor berdi. Shu sababli ixtirochi olim va ijodkorlarimiz xorijga chiqib ketdi. Ilmiy institutlarimiz innovatsiyalar, tarmoqlar esa xaridorgir ishlanma va brendlar yarata olgani yoʻq. Oʻtgan yili 400 ga yaqin ixtirolar, 110 ta foydali model, 170 ta sanoat namunasi, 36 ta seleksiya yutugʻi roʻyxatga olingan boʻlsada, atigi 43 ta ilmiy ishlanma tijoratlashtirilgan, xolos», deya taʼkidlagandi.
Demak, bundan koʻrinadiki, hali bu borada qilinadigan ishlar talaygina. Olimu izlanuvchilarimiz va boshqa soha vakillari oldida koʻplab masʼuliyatli vazifalar turibdi. Shu bois quyida bu borada kengroq fikr yuritishga, oʻquvchilarga intellektual mulkning oʻzi nimayu, ahamiyati qandayligi haqida batafsil tushuncha berishga harakat qilamiz.

Soha haqida tushuncha
“Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 3-moddasida “Intellektual mulk agentligi sanoat mulki obyektlarini huquqiy muhofaza qilish sohasidagi yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini taʼminlaydi”; 5-moddada “Sanoat mulki obyektiga boʻlgan huquq muallifga (hammualliflarga) yoki uning (ularning) huquqiy vorisiga (huquqiy vorislariga) tegishli boʻladi va patent bilan tasdiqlanadi... Agentlikka patent berish haqidagi talabnoma topshirilgan sanadan eʼtiboran hisoblaganda ixtiro patenti yigirma yil mobaynida, sanoat namunasi patenti oʻn yil mobaynida, foydali model patenti besh yil mobaynida amal qiladi”, deb yozilgan. Ixtironing patentga layoqatlilik shartlari (6-modda) uchta boʻlib, agar ixtiro sifatida koʻrsatilgan obyekt yangi, ixtirolik darajasiga ega va uni sanoatda qoʻllash mumkin boʻlsa, u huquqiy muhofaza qilinadi. Bundan ham muhimi shuki, ixtiro haqidagi talabnoma toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrib chiqish uchun qabul qilingan talabnoma topshirilgan sanadan eʼtiboran oʻn sakkiz oy oʻtganidan keyin rasmiy axborotnomada eʼlon qilinadi. Demak, ariza berilgach yigirma oylardan keyin masala ijobiy hal etilsa, ixtirochiga patent 20 yil muddatga beriladi. Statistikaga koʻra, Oʻzbekistonda har oʻnta arizadan faqat uchtasiga ixtiro patenti topshirilmoqda.

Bugungi kunga kelib, Oʻzbekiston ham intellektual mulk qonunchilik bazasida katta bosqichni bosib oʻtdi. Mustaqillik yillarida intellektual mulkni muhofaza qilish sohasida 10 ta davlatlararo, 12 ta hukumatlararo va 21 ta idoralararo shartnoma hamda bitimlar tuzilib, amal qilmoqda. Bulardan tashqari, toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan 5 ta qonun, Adliya vazirligida roʻyxatdan oʻtkazilgan umummajburiy xarakterdagi 25 ta hujjat, hammasi boʻlib idora faoliyatini tartibga soladigan 140 dan ziyod normativ hujjatlar roʻyxatga olinganligini qayd etib oʻtmoqchimiz.

Ixtirolar, foydali modellar, tovar belgilari intellektual mulkning obyektlari sifatida dunyoda moddiy aktivlardan kam baholanmaydi, balki ayrim hollarda ulardan anchagina yuqori turadi. Umumjahon sanoat ishlab chiqarishining yillik oʻsish surʼatlari 2,5-3 foizdan oshmaydi, intellektual mulkka boʻlgan huquqlar bilan savdo qilish hajmi esa yiliga 12 — 14 foiz oʻsmoqda. Ushbu holat yangi gʻoyalar, kashfiyotlar va ixtirolar nafaqat ularning yaratuvchilariga, balki butun jamiyatga naf keltirishini isbotlaydi. Shu sababdan, davlat tomonidan beriladigan yagona monopol huquq, bu — intellektual mulk obyekti egasining undan foydalanish hamda tasarruf etishga boʻlgan mutlaq huquqidir. Mohiyati jihatidan patent — yangilik sirining toʻliq ochib berilishi va belgilangan miqdordagi patent bojining toʻlanishi evaziga davlat tomonidan uning muallifiga ixtiroga boʻlgan huquqlarini muhofaza qilish kafolati beriladigan shartnoma. Bunda jamiyat yangilik yaratuvchi huquqini qonuniy rasmiylashtirish evaziga ijod mahsulidan foydalanish huquqini qoʻlga kiritadi. 

Jahon tajribasi guvohlik berishicha, patent faolligi koʻrsatkichi davlat iqtisodiy qudratining bilvosita koʻrsatkichi hisoblanadi.

Jahonda tizim qanday ishlaydi?

Mutaxassislar fikricha, XIX asr oʻrtalaridayoq mualliflik huquqini xalqaro miqyosda himoya qilish ehtiyoji tugʻilgan. Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (BIMT) hukumatlararo xalqaro tashkilot boʻlib, qarorgohi Shveysariyaning Jeneva shahrida joylashgan. Ushbu tashkilot BMT tizimiga kiruvchi 16 ta ixtisoslashtirilgan muassasadan tarkib topgan, 160 ga yaqin davlatlar unga aʼzo. 

BIMTning asosiy maqsadlari deb quyidagilar eʼtirof etiladi:
— butun dunyoda davlatlararo, ayrim hollarda xalqaro tashkilotlarda intellektual mulk himoyasini ragʻbatlantirish, intellektual mulk himoyasini taʼminlash hamda ragʻbatlantirish borasida yangi va har tomonlama zarur boʻlgan xalqaro shartnomalarning yuzaga kelishida vositachilik qilish;
— intellektual mulkka oid boʻlgan va faoliyat koʻrsatayotgan bitimlarning oliy organlari oraligʻida maʼmuriy faoliyatni bajaradi. BIMTning kotibiyati sifatida Bitimlar maʼmuriy boshqaruvi hamda Xalqaro byuro harakatda boʻladi. Shu kunga qadar BIMT mualliflik huquqi va turdosh huquqlar himoyasi bilan shugʻullanuvchi quyidagi bitimlarning maʼmuriy vazifasini bajarib keladi: Adabiy va badiiy asarlarni himoya qilish haqidagi Bern konvensiyasi, ijrochilar, fonogramma ishlab chiqaruvchilari va koʻrsatuv organlari manfaatlarini himoya qilish haqidagi Rim konvensiyasi, Fonogramma ishlab chiqaruvchilarning fonogrammalaridan noqonuniy ravishda foydalanishdan himoya qilish haqidagi Jeneva konvensiyasi, Sunʼiy yoʻldoshlar orqali uzatiladigan signallar dasturlarini tashuvchilarni tarqatish haqidagi Bryussel konvensiyasi, Filmlarni reyestr qilish va audiovizual asarlarni xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish haqidagi shartnoma. 

Oʻzbekiston mazkur konvensiyalarning aksariyatiga qoʻshilgan.

Rivojlangan davlatlar, shu jumladan, AQSH, Yevropa Ittifoqi (YEI) davlatlari, qariyb ikki yuz yildirki, ixtirochilar, olimlar va ishlab chiqaruvchilarning oʻzaro hamkorligini yaxshi yoʻlga qoʻyish orqali iqtisodiyotni tiklab olishdi. Bunda iqtidorli ixtirochilar bilan davlat oʻrtasida ikki tomonlama manfaatli aloqaning mavjudligi oʻzaro ishonch hamda umid uygʻotdi. 

Masalan, 1973-yilda «Motorola» kompaniyasi bosh muhandisi Martin Kuper mobil telefonda birinchi marta gaplashib, simsiz aloqa orqali insoniyatning orzulari ushalishiga yoʻl ochgan va u tijorat maqsadida 1983-yilda ishga tushgan boʻlsa, bugungi kunda jahonning 4 milliard aholisi mobil telefonda gaplashayotir. 1989-yilda AQSHlik Berners Li jahon “oʻrgimchak toʻri” — internetni ixtiro qildi. Internet dunyoni kichik qishloqchaga aylantirib, unda axborot tovush tezligida odamlarga yetkazilmoqda... 
Odamlarning mushkulini oson qilgan mazkur ikki ixtironing kuchini qarang! 

Haqiqat shuki, AQSH, Germaniya, Yaponiya singari sanoati taraqqiy etgan davlatlarda yalpi ichki mahsulot oʻsishining 80 — 95 foizi texnika va texnologiyalarda oʻz ifodasini topgan yangi bilimlar hamda innovatsiyalar ulushiga toʻgʻri keladi. 

Patentlar iqtisodiy rivojlanishga zamin yaratadi

Ixtirolarga patentlar iqtisodiy rivojlanishni qanday qilib ragʻbatlantirishi mumkinligi masalasi katta jildlikka ilmiy mavzu boʻladi. 

Biz quyida ulkan jarayonning faol ishlashi boʻyicha bir necha misollar keltiramiz. 

Patentlar toʻrt yoʻnalishda qoʻllaniladi: 1) patent axboroti texnologiyalarni uzatishni va toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyasini olib kelishni yengillashtiradi; 2) universitet hamda tadqiqot markazlarida tadqiqot va ishlanmalarni oʻtkazish imkonini oshiradi; 3) yangi texnologiyalar hamda tadbirkorlik amaliyoti katalizatori; 4) korxonalar patentlarni toʻplash hisobiga bu aktiv asosida ularni litsenziyalashtirish, qoʻshma korxonalar va boshqa daromadli kelishuvlarda qatnashadi. 

Oʻtkazilgan tadqiqotlarga koʻra, AQSHning 70 foiz kompaniyalari ishlatish imkoniga ega boʻladigan texnologik aktivlarni qoʻlga kiritgan (ularning hajmiy qiymati 200 milliarddan to 1 trillion AQSH dollariga yetadi). Qariyb 100 milliard AQSH dollarilik shunday harakatsiz innovatsiyalar intellektual mulkning yirik kompaniyalari portfellarida saqlanmoqda. Vaqti kelganida, ularni sotish va litsenziyalashtirish mumkin. 

Intellektual mulk litsenziyasi juda ham foydali. “IBM” kompaniyasi birgina 2015-yilning oʻzida patentlarni litsenziyalashtirish hisobidan 2,5 milliard AQSH dollari miqdorida daromad olgani, jahonda patentlarni litsenziyalashtirishdan olingan umumiy daromad 1990-yildagi 15 milliarddan 2015-yilga kelib 250 milliard AQSH dollariga yetgani buning tasdigʻidir. 

Yutuqlar yaxshi, ammo kamchiliklar ham yetarli

Endi davlatimiz rahbarining yaqinda istiqbolli soha oldiga qoʻygan yuksak vazifalaridan kelib chiqib, intellektual mulk sohasining tashkiliy, psixologik va maʼrifiy jihatlariga ham toʻxtalib oʻtsak. 

Qayd etish kerakki, innovatsion biznes davlat, investorlar tomonidan qoʻllab-quvvatlanib, davlat dasturisiz ham rivojlanishi mumkin. Olimlar, ixtirochilar bilan biznes ahli dunyoqarashi turlicha boʻlgani uchun narx-navolarda, shartnomaviy kelishuvlarda turli bahonalar yuzaga chiqishi ehtimoli mavjud. Ammo buning yechimi bor. Mabodo, arzigulik ixtirolar boʻlsa, unga chet mamlakatdan buyurtmalar tushadi.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, ilmiy va ijodiy faoliyat, jumladan, ixtirochilik faoliyati ancha faollashdi. Bugungi kunga kelib, Oʻzbekistonda Intellektual mulk agentligi (IMA) tomonidan 22 mingdan ziyod tovar belgilari, 10 ming ixtiro, EHM uchun 3,5 ming dastur va maʼlumotlar bazalari, 2,4 mingta sanoat namunasi, mingta foydali model davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan. Ammo ularning qoʻllanilish miqdori haqida aniq maʼlumot qoʻlimizda mavjud emas. Bu tizim sohalararo kompleks yaxshi yoʻlga qoʻyilmaganidan darak beradi. 

Soʻnggi yillardagi yirik innovatsiyalar qatorida tiniq suyuq tibbiy-biologik obyektlarning rangli tasvirdagi mikroskopik tadqiq qilish usulini koʻrsatib oʻtishimiz mumkin. Bu innovatsiya uchun FAning Elektronika institutiga patent berilgan. Usul yuzasiga tadqiq etilayotgan suyuqlik surtilgan yarimoʻtkazgichli materialdan foydalanish evaziga oddiy mikroskopda tahlil uchun olingan namunalardan nozik tuzilishdagi qon elementlari va mikroflora detallarining kontrast rangli tasviriga ega boʻlish imkonini beradi, bunda tasvir sifatli hamda tabiiy ranglarda olinadi. Buning evaziga reagentlardan foydalanish, optik sxemasida fazali-kontrast uzellarga ega boʻlgan maxsus mikroskopdan foydalanishga ehtiyoj qolmaydi. Endilikda eng murakkab va muhim tahlillarni, hatto oddiy tibbiy muassasalarda ham oʻtkazish imkoniyati yuzaga keladi, namunani olib, uni bosib chiqarish uchun esa sanoqli daqiqalar kifoya.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Patologik anatomiya respublika ilmiy-amaliy markazida akademik M. Abdullaxoʻjayeva rahbarligida 2011-yilda ixtiroga olingan patentda aniqlanishicha, agar mikroskop uchun predmet oynasiga saraton hujayralari joylansa, mikroskop okulyarida ular yorishib turganini koʻrish mumkin ekan. Bu saraton hujayralarining vizual markeri boʻlib qoldi. Ixtironing qimmati shundaki, saraton kasalligini uning eng dastlabki bosqichida, shish hali hosil boʻlmasdan, faqat uni keltirib chiqaradigan hujayralar paydo boʻlgandayoq tashxislash imkoniyati tugʻildi. 
Shu oʻrinda taʼkidlash joiz, oʻzbek olimlari va muhandislarining eng yaxshi ixtirolari AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Shveysariya, Fransiya, Rossiya, Kanada, Yaponiya, Xitoy, Turkiya va boshqa mamlakatlarda patentlangan. Masalan, Oliy oʻt oʻchirish-texnik maktabi qoshidagi Yongʻin xavfsizligi ilmiy-tadqiqot markazining boshligʻi Mirjalil Usmonov 18 davlatda oʻz patentiga ega boʻldi. U ishlab chiqqan yongʻinga qarshi ekranlar issiqlik oqimi surʼatini yuz va undan koʻproq martaga susaytirishi bilan eʼtiborga molik. 

Jahonda jami 8 million patent roʻyxatga olingan boʻlsa (4 millioni AQSHga tegishli), har yili yana 600 — 700 ming patent qoʻshilib bormoqda. Ixtirochilik daromadli biznes boʻlib, patentlar va “nou-xau”lar boʻyicha litsenzion ajratmalarning umumiy summasi yiliga 250 milliard dollarni tashkil etadi. Biroq, afsuski, Oʻzbekistonning bu sohadagi hissasi hozircha maqtangulik emas. Agar oʻtgan asrning 80 yillarida oʻzbekistonliklar ixtirolarga yiliga oʻrtacha 2 ming 170 tadan talabnoma topshirgan boʻlsa, 2020-yilda bu koʻrsatkich 400 taga tushdi, yaʼni ixtirochilik faoliyati surʼati 5,5-marta tushib ketdi. Jahonning rivojlangan mamlakatlarida aholi ixtirochilik faolligining eng yuqori koeffitsiyenti 2011 — 2015-yillarda Yaponiya (10 ming aholiga 28,5 — 30,5 talabnoma), Koreya Respublikasi (15,5 — 25,1), AQSH (6,2-7,0), Germaniya (5,9-6,4), Finlyandiya (3,5-4,6), Daniya (3,1-3,4), Buyuk Britaniya (2,9-3,4), Rossiyada (1,65-2,5) kuzatildi. Oʻzbekistonda ushbu koʻrsatkich 0,09-0,21 talabnomani tashkil etgan.

Bir-biriga bogʻliq ikki tizim

Bugungi kunda intellektual mulk hamda innovatsiya respublika milliy iqtisodiyotini rivojlantirish uchun suv va havoday zarur sohalarga aylangan. Bu ikki egizak tizimni bir-birining ishtirokisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Ammo shu bilan birga, ikkala tizim infratuzilmasi, intellektual mulk bozori yurtimizda hali shakllanmaganini ham tan olish zarur. Bu boradagi ilk gʻoyalar hamda tashabbuslar ham qogʻozda qolib ketayotir.
Bir dalil. Respublika patent idorasida rahbar boʻlib ishlagan yillarda mutasaddi vazirlik va kompaniyalar, yirik ishlab chiqaruvchilarning eʼtiborini tortish maqsadida 2009-yildan boshlab “Istiqbolli ixtirolar” toʻplamini chop etgan edik. Yaʼni biz, 2011-yilgacha 200 dan ziyod ixtirolarning taʼrif hamda tavsiflarini eʼlon qilib borganmiz. Ammo mazkur istiqbolli ixtirolarning keyingi taqdiridan bexabarmiz.

2008 — 2010-yillarda 50 dan ziyod oliy oʻquv yurtlari, shuningdek, Navoiy, Olmaliq, Bekoboddagi yirik korxonalarda seminar-trening, oʻqitishlar oʻtkazilib, shartnomaviy munosabatlarga kirishilgan, 2010-yilda sohani rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilib, hayʼat majlisida tasdiqlangan edi. Ixtirochilar va ishlab chiqaruvchilar aloqasini bogʻlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi departamentlarini yigʻib, taqdimotlar oʻtkazilgan...
Oxirgi uch yilda davlatimiz tomonidan ilm, fan, maʼrifat ahliga, xususan, isteʼdodli olimlarga grantlar, iqtisodiy koʻmaklar berilayotgani ijobiy hodisa, albatta. Ammo ilm-fan, innovatsiya va ishlab chiqarish tandemida intellektual mulk imkoniyatiga alohida yondashuv boʻlishini istardik. 
Aslida, intellektual mulk, bu, koʻp sonli yaratuvchilar bilan tovarlar, xizmatlarni ishlab chiqaruvchilar oʻrtasida toʻplangan katta mablagʻni adolatli taqsimlash instrumenti. Turgan gapki, u ikki tomonni, birinchi navbatda, davlatni iqtisodiy boy qiladigan mexanizm. Biroq kuzatiladiki, jamiyatning ayrim boy-badavlat kishilari intellektual mulk rolini ochiqdan-ochiq rad etish barobarida boshqalarni shunga daʼvat etishga urinadi. Chet elda esa buning aksini koʻramiz. Sababi bunday tizim va infratuzilma ishga tushib ketsa, koʻplab “uddaburon tadbirkor”larning bojxona, soliqchilar koʻzini shamgʻalat qilish hisobiga boyib qolishi, yengil-yelpi yoʻl bilan daromad olishi barham topadi. Bundan anglashiladiki, ayrim biznes kishilari, uyushgan guruhlar intellektual mulk sohasida kutilayotgan islohotlarga, demakki, milliy iqtisodiyotning rivojiga turli darajada toʻsqinlik qilishga har jihatdan intiladi. Misol uchun, yiliga 10 milliard soʻmlab daromad olayotgan CD, DVD disklari sotiladigan “qaroqchilik” bozori qonunga itoat qilmayotgani ham shundan dalolat.

Demak, aytish mumkinki, intellektual mulk — oʻn minglab ixtirochilarning jasorat maydoniga aylanib borayotir. Bu haq gap. Binobarin, intellektual mulk yuqori texnologiya va oʻta iqtidorlilar biznesiga kiradigan oʻn minglab intellektuallarning fundamental instrumenti hamdir. AQSH, Shvetsiya, Fransiya, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Malayziya va boshqa iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlar intellektual mulk instrumentidan jahon pul oqimini qayta taqsimlash maqsadida foydalanadi. 

Oʻzbekistonda Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi mutasaddilari Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda bozor iqtisodiyoti sharoitida navbatma-navbat bilimlar iqtisodiyoti tizimini barpo etishga doir Strategik dasturlarini tayyorlab borishi maqsadga muvofiq. Bunday dasturlar tezroq ishga tushirilmasa, vaqt hamda imkoniyatdan yutqazamiz. Yurtimizda aniq fanlarda ilmiy maktablar davomchilari sanoqli boʻlsada hozircha borligi va ularning astoydil harakati eng muhim yutugʻimizdir. Buning aksi boʻlsa, oʻn yildan soʻng bunday yaxshi imkoniyat qoʻldan boy berilishi mumkin. 

Muhim vazifalar oʻz yechimini kutmoqda

Masalaga nega bunchalik jiddiy va kuyunchaklik bilan qaramoqdamiz? Gap shundaki, birinchidan, biz dunyo yurgan iqtisodiy yoʻldan qadam tashlar ekanmiz, ilm-fan, bilim, innovatsiyaga doir muammolarni koʻz oldimizga keltirishimiz, undan choʻchimasligimiz lozim. Ikkinchidan, Oʻzbekiston Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishni moʻljallab turibdi, agar masala hal boʻlsa, yetakchi ishlab chiqarish korxonalari, xususan, milliy iqtisodiyotning xom ashyosiz sektorida ancha murakkab vaziyat yuzaga keladi. 

Bizningcha, murakkab ahvoldan qutulishning yoʻllari quyidagilardan iborat: birinchidan, barcha sanoat korxonalari rahbarlari intellektual mulkni ommaviy rad etish, uni chetlab oʻtib ketish psixologiyasidan butunlay voz kechishi kerak. 

Ikkinchidan, intellektual mulk hisobiga qurilgan biznes gʻoyalarni joriy etish jarayonini boshidan oxirigacha ragʻbatlantirib borish tizimini yaratish lozim. (Mualliflarni mukofotlar berish yoʻli bilan moddiy ragʻbatlantirish ham katta ahamiyatga ega. 1991-yilga qadar ixtirolar uchun bir marta beriladigan ragʻbatlantiruvchi mukofot va asosiy mukofot belgilash amalda qoʻllanilgan).

Uchinchidan, «Nomaterial aktivlar hisobi» roʻyxatini kengaytirish, unga eng kamida “nou-xau” — “ishlab chiqarish sirlari”ni ham kiritish zarur.

Toʻrtinchidan, yetakchi davlatlar tajribasidan kelib chiqib, innovatsion loyihalar uchun uzoq muddatga jalb etiladigan mablagʻlarga soliq imtiyozlari berilishi maqsadga muvofiq. Mazkur imtiyozlar kelgusida ortigʻi bilan qaytib kelishi bilan birga, Oʻzbekistonda biznesning ildam oʻsishiga, byudjet surʼatining sezilarli koʻpayishiga olib keladi. Qaroqchilik mahsulotlari bozori (CD, DVD disklar savdosi)dan byudjetga mablagʻ kelib tushish tushumini oshirishni ham jiddiy oʻylab koʻrish fursati yetdi, nazarimizda. Oʻzbekiston Respublikasi Adabiy va badiiy asarlarni himoya qilish Bern konvensiyasiga aʼzo boʻlgan hamda 2006-yil 22-iyunda “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi Qonunning yangi tahriri qabul qilinganligi munosabati bilan respublikamiz hamda chet el mualliflarining huquqlarini, shuningdek, yaratilgan asarlarni noqonuniy takrorlash — litsenziyasiz mahsulotdan himoya qilish oldimizda turgan eng dolzarb masalalardan biri boʻlib qolayotir. Tarmoqlararo ishlash mexanizmi hanuzgacha yoʻq. Natijada yurtimiz bozorlarida mualliflar bilan shartnoma tuzmasdan sotuvga chiqarilgan qaroqchilik audio-video mahsulotlari koʻpayib, milliy huquq egalariga yetkazilayotgan maʼnaviy va iqtisodiy zarar hamda davlat xazinasiga toʻlanmayotgan soliqlar katta summani tashkil etmoqda.

Iqtisodchilar uzoq yillar mobaynida baʼzi mamlakatlarda iqtisodiyot boshqalarnikiga qaraganda nega jadal rivojlanishini tushuntirishga, boshqacha aytganda, nega ayrim davlatlar boy-badavlat, boshqalari esa kambagʻal ekanligini isbotlashga harakat qilib keladi. Bilamizki, soʻnggi paytlarda iqtisodiyotning rivojida bilim va ixtirolar, shubhasiz, muhim rol oʻynamoqda. Mashhur iqtisodchi Pol Romerning taʼkidicha, bilimlarni toʻplash iqtisodiy oʻsishni harakatga keltiruvchi kuchdir. Uning nazariyasiga koʻra, iqtisodiy siyosatda oʻsishni osonlashtirmoqchi boʻlsangiz, mamlakat yangi tadqiqotlar va ishlanmalarga investitsiyalarni koʻpaytirib borishi lozim. 

Ilm, fan va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yilining imkoniyatidan unumli foydalanib, keyingi besh yilda matematika, kimyo, biologiya, farmatsevtika, axborot texnologiyasi kabi ustuvor yoʻnalishlardagi ixtirolarga 20 yilga patent himoya hujjati olingan intellektual mulk obyektlari (asosan, ixtirolar va foydali modellar) tezda xatlovdan oʻtkazilishini taklif etamiz. Chunki koʻplab ixtirolar joriy etilishi kechikkani bois qaysi yoʻllar bilandir chet elga chiqib ketishi kuzatilmoqda. Xatlov xulosalaridan masalaning real holati ayon boʻladi. Shunda soha ekspertlari aniqlagan eng yaxshi ixtirolar, foydali modellar 2020 — 2025-yillarning davlat dasturlariga kiritilishi, maqsadli moliyalanishi, yil yakunida mustaqil ekspertlar rahbariyatga hisobot kiritishi kerak. Shuni qayd etish lozimki, isqtiqbolli ixtironi joriy etishga olimlarning saʼy-harakati ham, mablagʻi ham yetishmaydi va uni davlat toʻliq zimmasiga olishi darkor. Axborotlashgan jamiyatda ixtirolar texnologiyasi hamda qoʻllash mexanizmi 2-3 yilda eskirib qolishini hisobga olsak, bu masalani tezlikda hal etish lozim.

Yana bir nechta takliflar: sanoat korxonalaridagi patent boʻlimlari va konstruktorlik byurolarini qayta tiklash; 
OTMda “Patentshunoslik” va “Innovatsiya menejmenti” mutaxassisligi boʻyicha kadrlar tayyorlashni amalga oshirish; 
Intellektual mulk agentligida ixtirochilik, foydali model, tovar belgilari va brend mahsulotni tayyorlash texnologiyasi oʻqitiladigan bir oylik pullik malaka oshirish kurslarini ochish maqsadga muvofiq.

XXI asr — intellektual boylik hukmronlik qiladigan asr ekanligini hisobga olsak, bu amaliy takliflar oʻzini har jihatdan oqlashiga ishonamiz.
Oʻzbekiston Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish harakatida ekan, davlat hokimiyat tizimi bilan iqtidorli olimlar, ishlab chiqaruvchilar, tovarlar va xizmat koʻrsatuvchi tizimlar tashkiliy, psixologik chora-tadbirlarni amalga oshirib, platforma yaratgan holda, axborot almashib turishi lozim. Bu vazifani Innovatsion rivojlanish va Adliya vazirliklari oʻz zimmasiga olishi kerak. 

Xulosa oʻrnida aytganda, Oʻzbekistonda intellektual mulk tizimini zamon talabi asosida qayta koʻrib chiqish va rivojlantirish payti keldi. Qolaversa, bu istiqbolli soha aqlni pulga hamda anʼanaviy iqtisodiyotni raqamli iqtisodiyotga aylantirish poydevori boʻlib xizmat qiladi. Zero, davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Intellektual mulk himoyasini mustahkamlay olsak, bu ham uchinchi Renessansga ishonchli poydevor boʻladi”. 

Dilshod ULUGʻMURODOV yozib oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?