Inson qadri va mehnat muhofazasi – doimiy eʼtiborda
Foto: “Xalq so‘zi”
Navoiy shahridagi NKMK tarixi muzeyida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari kuni bayrami munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston – yangi kasaba uyushmalari” mavzuida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda Navoiy kon-metallurgiya kombinati kasaba uyushmasi Kengashi raisi Isroil RAHMATOV ishtirokchilarni bayram bilan qutlab, inson qadrini ulug‘lash va mehnati muhofazasi yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarga atroflicha to‘xtaldi. Taʼkidlanganidek, korxonaning 73 ming nafardan ortiq ishchi-muhandis va xizmatchilardan iborat jamoasi 6 qo‘mita va 41 boshlang‘ich tashkilotga birlashib, kasaba uyushmalarining kasbiy, ijtimoiy, iqtisodiy, maʼnaviy, ekologik, intellektual va qonuniy manfaatlarini himoyasini doimiy ravishda his etib kelishmoqda.
Xususan, kasaba uyushmasi tasarrufida tashkil etilgan “Birdamlik” jamg‘armasi tomonidan 2020-2021 yillarda 900 nafar kam taʼminlangan, yolg‘iz pensionerlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj ishchi-xodimlarga 1,4 milliard so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi. Boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitalari tomonidan kam taʼminlangan, yolg‘iz pensionerlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj, ko‘p farzandli ishchi-xodimlarga 5,7 milliard so‘m miqdorida moddiy yordam pullari ajratildi. Jamoatchilik asosida faoliyat olib borayotgan 11 ming 456 nafar kasaba uyushmalari faollari 2,8 milliard so‘m miqdorida rag‘batlantirildi.
Kombinat xodimlari va ish beruvchi o‘rtasidagi munosabatlar Jamoa shartnomasida o‘zining to‘la ifodasini topib, unda nazarda tutilgan barcha huquq va majburiyatlar kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan doimiy nazoratga olingan. Ayniqsa, mehnat muhofazasi alohida nazoratda. Boisi kon-metallurgiya sohasidagi murakkab texnologik jarayonlar maʼlum xavf-xatarlardan xoli emas. Shu sabab ishlab chiqarishni imkon qadar xavfsiz qilishni ko‘zlab, davriy tekshiruvlar davomida aniqlangan kamchiliklar zudlik bilan bartaraf etilmoqda.
Kombinatda ishchi-xodimlar, ularning oila aʼzolari va pensionerlar salomatligini tiklash, sog‘lomlashtirish kasaba uyushmalari Kengashi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Shu maqsadda mamlakatimizning sakkiz hududidagi so‘lim go‘shalarda korxonaning sanatoriy-profilaktoriy va oromgohlari faoliyat ko‘rsatadi. Ushbu sanatoriy, pansionat va dam olish maskanlarida har yili imtiyozli yo‘llanmalar bilan kombinatning 14-15 ming nafardan ortiq ishchi-xodimlari o‘z oila aʼzolari bilan dam olish imkoniyatiga ega.
NKMK tizimidagi “Zarafshon”, “Sarmish”, “So‘g‘diyona”, “Bolajon”, “Pahlavon”, “Kelajak”kabi shahar tashqarisidagi hamda “ Tabassum”, “Yulduz”, “Bulbulcha” kabi ichki bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida har yili 10,5 ming nafardan ziyod bolalar yozga taʼtilni maroqli o‘tkazadi. Shuningdek, Tomdi, Uchquduk, Nurota tumanlaridagi kam taʼminlangan oilalar farzandlari uchun mazkur oromgohlarga 500 ta bepul yo‘llanma ajratiladi..
Korxonada pensionerlar, konchilik sanoati faxriylarini qo‘llab quvvatlash hamda ichki turizmni rivojlantirish maqsadida respublikamizning Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Shahrisabz kabi qadimiy va navqiron shaharlariga sayohatlari muntazam uyushtirilib, joriy yilning o‘n oyida 3 ming 227 nafar kishi bundan bahramand bo‘lishdi.
Kombinatda 9 ming nafar ishchi-xizmatchi sportni o‘z kundalik hayotining muhim qismiga aylantirgan. Ular sport bilan muntazam shug‘ullanishishlari uchun, korxona bo‘linmalarida zamonaviy o‘yingohlar, suzish basseynlari, sport saroyi, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish majmuasi, 90 ta zal faoliyat ko‘rsatmoqda. Sunʼiy qoplamali yangi mini futbol maydonlari qurilmoqda. Ishchi-xizmatchilarning esa to‘rt ming nafarga yaqin bolalari sport to‘garaklarida qatnashadi.
Bir so‘z bilan aytganda, korxonada kasaba uyushmalari tom maʼnoda mehnatkashlar, ularning oila aʼzolari va farzandlari himoyachisi, manfaatlari taʼminotchisiga aylanib, mehnatda yangi-yangi marralar sari qanot bo‘lmoqda.
Temur ESHBOYEV, “Xalq so‘zi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring