Inson qadri ulugʻlangan yurt

18:00 30 Avgust 2024 Siyosat
263 0

Zahmatkash xalqimizning uzoq yillik orzu-umidlari roʻyobi boʻlmish Mustaqillik, shubhasiz, barchamiz uchun eng ulugʻ neʼmat.

Mamlakatimiz Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yangi davrga qadam qoʻyarkan, taraqqiyotning butunlay yuqori pogʻonalariga koʻtarildi. Oʻzgarishlarning hayotbaxsh nasimlari kirib bormagan biror soha yoki tarmoq qolmadi. Xalqimizga tom maʼnoda erkin va hur yashash, barcha istak-niyatlarini roʻyobga chiqarish, jahonda tenglar ichra teng boʻlish baxti nasib etdi. Biz bugun tenglik, qonun ustuvorligi, erkin iqtisodiyot va ijtimoiy adolat tantana qilgan, milliy qadriyatlarimiz tiklanayotgan, madaniyat va maʼnaviyat tobora yuksalayotgan jamiyatda yashamoqdamiz.

Ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida inson qadrini ulugʻlash, uning hayotdan rozi boʻlib yashashini taʼminlash islohotlarimizning bosh maqsadi sifatida belgilab berilgani milliy davlatchiligimiz tarixida yangi sahifa ochdi — el-yurt ravnaqi, fuqarolar farovonligini taʼminlashga qaratilgan yangidan-yangi tashabbuslar, keng koʻlamli loyihalar hayotga tatbiq etila boshlandi. Iqtisodiyotimizni rivojlantirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, ilm-fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash sohalarini yangi bosqichga olib chiqish borasida amaliy qadamlar qoʻyildi. Mamlakatimizning barcha hududida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlari ishlab chiqilib, aholi turmushini yaxshilashga qaratilgan ezgu ishlar amalga oshirilmoqda.

Eng muhimi — bu oʻzgarishlar xalqimiz kundalik hayotida yaqqol aks etmoqda. Yuzlab mahallalar obod boʻldi, minglab ijtimoiy obyektlar barpo etildi, yangi ish oʻrinlari yaratildi. Bu ishlar izchil davom ettirilmoqda. Endilikda qishloqlarimiz bir vaqtlardagidek faqat paxtazorlardangina iborat emas. Qayerga bormang, bogʻ-u rogʻlarga, koʻrkam turarjoylarga, zamonaviy sanoat korxonalariga, shod-u xurram hayot kechirayotgan odamlarga koʻzingiz tushadi. Har bir aholi punkti oʻz infratuzilmasiga ega. Odamlar uchun zarur boʻlgan barcha qulaylik yaratilgan. Qisqacha aytganda, Prezidentimiz bot-bot taʼkidlab keladigan — xalqimizni rozi qilishga qaratilgan saʼy-harakatlar oʻz natijasini bermoqda.

Bunga xalq vakillari sifatida hamyurtlarimiz bilan qilgan muloqotlarimiz chohida ham guvoh boʻlyapmiz. Yurtdoshlarimizning soʻzlarida shukronalik, nigohlarida ertangi kunga ishonch aks etmoqda. Islohotlar insonlarning turmush sharoiti yaxshilanishiga xizmat qilishi bilan bir qatorda, ularning dunyoqarashini ham oʻzgartirmoqda. Bugun yurtdoshlarimiz qalbida oʻz Vatani taraqqiyotiga daxldorlik hissi bor. Xalqimiz oʻzligini namoyish etmoqda. Shunday yurtda tugʻilganidan gʻururlanib yashamoqda.

Xalq bilan muloqot — muvaffaqiyatlar garovi

Xalqimizning xohish-irodasi, taklif va tashabbuslari bilan yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizda davlat hokimiyatini tashkil etishning yangi samarali modeli joriy qilindi. Oʻzbekiston ijtimoiy davlat ekani alohida eʼtirof etilib, inson manfaatlarini taʼminlashga doir eng muhim moddalar kuchaytirildi.

Shuni ishonch bilan ayta olamizki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning davlat rahbari sifatidagi faoliyati davomida xalq bilan muloqot davlatimiz siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Har bir soha mutasaddisi, xalq vakili doimiy ravishda joylarga borib, aholi bilan bevosita muloqot qilib, ularning muammolarini, dard-u tashvishlarini oʻrganmoqda, vakolati doirasida masalalarni hal etish choralarini koʻrmoqda. “Xalq davlatga emas, davlat xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan tamoyil toʻlaqonli ravishda davlat va jamiyat hayotiga chuqur singib ketdi, oltin qoidaga aylandi.

Hududlarning rivojlanishi va aholi bandligini taʼminlashda har bir tuman va shaharning oʻziga xos jihatlaridan kelib chiqib, iqtisodiyotda drayver sohalar belgilanmoqda va qoʻllab-quvvatlanmoqda. Natijada eng ustuvor vazifalardan biri sifatida koʻrilayotgan aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish borasida sezilarli natijalarga erishilyapti.

Aholi turmush sharoitlarining yaxshilanishi mamlakatimizda inson kapitalining rivojlanishiga xizmat qilmoqda. Bugun oʻz oldiga katta maqsadlarni qoʻygan, bir nechta xorijiy tillarda bemalol gaplasha oladigan, fanning turli yoʻnalishlarida katta yutuqlarni qoʻlga kiritayotgan, zamonaviy kasb va bilimlarni chuqur oʻrganishga bel bogʻlagan istiqbolli avlod voyaga yetmoqda. Madaniyat, sanʼat, ilm-fan, sport sohalarida Oʻzbekistonning nomini jahonga tanitayotgan oʻgʻil-qizlarimiz Vatanimiz faxriga aylanmoqda.

Yaqinda Parijda boʻlib oʻtgan yozgi Olimpiya oʻyinlarida oltin, kumush va bronza medallarini qoʻlga kiritgan, qator rekord natijalarni qayd etgan sportchilarimiz butun xalqimizning olqishiga sazovor boʻldi, qalblarimizni Qurur va iftixorga toʻldirdi. Bu yoshlarimiz, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, xalqimizning chinakam qahramonlari, botir oʻQil-qizlari, Vatanimiz iftixorlaridir. Ulardan har qancha gʻururlansak arziydi.

Albatta, bu yutuqlarga oʻz-oʻzidan erishilgani yoʻq. Davlatimiz rahbari tomonidan ijtimoiy sohalarga qaratilayotgan eʼtibor, yoshlar masalalari davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani hamda bu borada olib borilayotgan tizimli ishlar oʻzining ijobiy samarasini berayotganini eʼtirof etishimiz kerak.

Yangi Oʻzbekistonda boshlangan keng koʻlamli islohotlar parlament yuqori palatasida ham oʻzgarishlar davrini boshlab berdi. Milliy parlamentning mana shu jarayonlarda bevosita ishtirokini taʼminlash, uning roli va nufuzini izchil oshirib borish maqsadida eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy vazifalarni hal etishdagi vakolatlari sezilarli darajada kengaydi. Endi Oliy Majlis Senati ham yangi davrga monand yangicha ruhda faoliyat olib bormoqda.

Biz endi faqat qonun ijodkorligi bilangina cheklanib qolmasdan “hududiy parlament” sifatida joylarda aholi bilan muloqotlar olib bormoqdamiz, yuzaga kelgan muammolarning bartaraf etilishida amaliy koʻmak koʻrsatmoqdamiz. Asosiy eʼtibor hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish koʻlamini kengaytirish, bu borada qabul qilingan tegishli dasturlar ijrosi ustidan samarali parlament nazoratini kuchaytirish, ayniqsa, ijtimoiy soha, xotin-qizlar, yoshlar, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash borasida tegishli ijro organlari bilan hamkorlik qilish kabi masalalarga qaratib kelinmoqda.

Senat hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalarini oʻrganar ekan, faqatgina nazorat, yaʼni mutasaddi vazirlik, idoralar faoliyatiga baho berish nuqtayi nazaridan emas, balki ular bilan birgalikda mavjud masalalarga samarali yechim topishga birlamchi eʼtibor qaratmoqda.

Bugungi kunda “Mahalla yettiligi” — Kengash — Senat” uch boʻgʻinli hamkorlik tizimi yoʻlga qoʻyildi. Senat mahalliy Kengashlar faoliyatini rivojlantirish va muvofiqlashtirib borishda ularga yaqindan koʻmak berib kelmoqda. Bu esa oʻzaro hamkorlik rivojiga ham xizmat qiladi.

Mahalliy Kengashlar huzuridagi doimiy komissiyalar faoliyati Senat qoʻmitalari yoʻnalishiga mos tarzda tubdan qayta tashkil etildi. Hozirda har bir qoʻmita raisi oʻz yoʻnalishidan kelib chiqqan holda doimiy komissiyalar bilan birgalikda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining bajarilishini oʻrganib, mavjud muammo va kamchiliklarning joylardagi ijro hokimiyati tomonidan hal etilishiga erishib kelmoqda. Ayrim ijtimoiy jihatdan muhim sanalgan oʻtkir muammolar Senatning yalpi majlislarida mutasaddilar ishtirokida muhokamadan oʻtkazilib, ularni hal etish yuzasidan choralar belgilanib, tegishli ijro organlari tomonidan ularning amalga oshirilishiga erishilmoqda.

Kengashlar faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish masalasi ham diqqat markazimizda turibdi. Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga asosan hokim va mahalliy Kengash raislari lavozimi ajratilgani munosabati bilan mahalliy davlat hokimiyati organlarining vazifa va funksiyalari xatlovdan oʻtkazildi hamda tahlil qilindi. Davlatimiz rahbarining shu yil 2-fevralda imzolagan “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni oʻz oʻrnida ularning yanada samarali faoliyat olib borishiga xizmat qiladi.

Xalqaro hamkorlik istiqbollari

Prezidentimizning siyosiy irodasi tufayli amalga oshirilayotgan pragmatik va strategik jihatdan puxta oʻylangan, oʻzaro tenglik va hurmat, har tomonlama va koʻp vektorli hamkorlik arxitekturasiga ega boʻlgan tashqi siyosat natijasida nafaqat yaqin qoʻshni davlatlar, balki dunyoning boshqa davlatlari bilan ham doʻstona munosabatlar qaror topmoqda. Bugun milliy parlamentimiz ham dunyoning barcha mamlakatlari parlamentlari bilan oʻzaro ishonchga asoslangan hamkorlik aloqalarini mustahkamlab, nafaqat davlat va jamiyat hayotida, balki xalqaro miqyosda ham oʻz oʻrniga ega boʻlib bormoqda. Buni biz parlamentlar delegatsiyalarining oʻzaro tashriflari sezilarli ravishda jadallashgan hamda global miqyosda dolzarb boʻlgan mavzularga bagʻishlangan xalqaro konferensiya, uchrashuv hamda forumlarning muntazam tashkil etib kelinayotganida ham koʻrishimiz mumkin.

Bugungi kunda xorijiy mamlakatlar bilan munosabatlarni yanada rivojlantirishda, xususan, Senatning roli ham ortib bormoqda. Bu, ayniqsa, davlatlararo yuqori darajada erishilgan kelishuvlarning ijrosi ustidan parlament nazorati oʻrnatilgani, ularning amalga oshirilishi qonunchilik nuqtayi nazaridan taʼminlanayotgani, shuningdek, hududlararo hamkorlikning samarali yoʻlga qoʻyilganida koʻzga tashlanadi.

Hozirgi kunda parlamentimiz koʻplab xalqaro tashkilotlar, jumladan, oʻzida 190 ta davlat parlamentlarini birlashtirgan Parlamentlararo Ittifoqning faol aʼzosi sifatida dolzarb masalalarga doir taklif va tavsiyalarni ilgari surib kelmoqda. Ushbu nufuzli xalqaro tuzilma oʻzining 150-yubiley sammitini kelasi yil mamlakatimizda oʻtkazishga qaror qilgani ham milliy parlamentimizning xalqaro miqyosda obroʻsi oshib borayotganiga bir misol boʻla oladi.

Shuningdek, mamlakatimiz tarixda birinchi marta XMT Maʼmuriy kengashi tarkibiga qabul qilindi. Biz buni Oʻzbekistonning ijtimoiy-mehnat sohasidagi yutuqlari eʼtirofi, mamlakatimizning XMT bilan yaqindan hamkorligi samarasi sifatida qabul qilamiz. Darvoqe, Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktori Jilber Ungbo joriy yilda mamlakatimizga qilgan tashrifi chogʻida Oʻzbekistonda munosib mehnat va ijtimoiy adolat masalalariga qaratilayotgan katta eʼtibor, bu borada erishilayotgan yuqori natijalar dunyoning koʻplab davlatlari uchun namuna boʻlayotganini alohida taʼkidladi.

Nufuzli xalqaro tashkilotlarning yurtimizdagi islohotlarga berayotgan bahosiga toʻxtalar ekanmiz, Jahon bankining huquqiy sohada gender tenglikka erishish boʻyicha “Ayollar, biznes va qonun 2024” yillik hisobotida Oʻzbekiston xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik boʻyicha muhim islohotlarni amalga oshirgan 5 ta davlat qatoriga kiritilgani alohida qayd etilganini aytib oʻtish joiz. Albatta, bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin.

Shubhasiz, bugun yangi Oʻzbekistonni dunyo tanimoqda va tan olmoqda, taklif va tashabbuslari xalqaro maydonda eʼtirof etilmoqda. Dunyoning eng nufuzli tashkiloti boʻlmish Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish mamlakatimizga tashrifi chogʻida “Markaziy Osiyo sivilizatsiya markazi hisoblanadi, Oʻzbekiston esa mintaqaning markazidir. Oʻzbekiston BMTning koʻplab sohalarida, xususan, Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda yoʻlboshchi davlatlardan biri. Oʻzbekiston bilan BMT hamkorligi alohida oʻrin va ahamiyat kasb etadi. Men Markaziy Osiyoga ilk bor tashrif buyurganimda, mintaqa tarqoq va yakkalanib qolgan edi. Endi Prezident Shavkat Mirziyoyev tufayli mintaqa birlashdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oqilona siyosati tufayli Markaziy Osiyoning koʻplab muammoli masalalari hal etildi”, deya fikr bildirgan edi.

Haqiqatan ham, davlatimiz rahbari prezidentligining dastlabki kunlaridanoq Markaziy Osiyodagi siyosiy vaziyatni tubdan yaxshilashga ustuvor eʼtibor qaratdi. Hammamizga maʼlum, mintaqamiz qattiq ziddiyatlar, qarama-qarshiliklar, kuchli raqobat girdobiga tushib qolgan edi. Oʻsha paytlar ayrim ekspertlar suv resurslarini boshqarish masalasi mamlakatlarimiz oʻrtasida keskin vaziyatni yuzaga keltirishi mumkinligini “bashorat” qilgani ham bejiz emas.

Biroq Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston rahbarligiga saylanishi bunday noxush “bashorat”larni yoʻqqa chiqardi. Prezidentimiz tomonidan kiritilgan konstruktiv takliflar va ularning qoʻshni davlatlar rahbarlari tomonidan faol qoʻllab-quvvatlanishi natijasida oliy darajadagi siyosiy muloqot va shaxsiy ishonch mustahkamlandi. Qoʻshni davlatlar oʻrtasidagi turli kelishmovchiliklarga barham berildi. Mintaqa davlatlari rahbarlari ishtirokida yoʻlga qoʻyilgan Maslahat uchrashuvlari tez orada asosiy muloqot maydonlaridan biriga aylandi. Ularda mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, suv-energetika resurslaridan birgalikda va oqilona foydalanish, transport-kommunikatsiya tizimini takomillashtirish, ekologiya kabi muhim masalalar muhokama qilinib, barcha uchun manfaatli chora-tadbirlar belgilanib, amalga oshirilmoqda.

Natijada mintaqada chinakam qoʻshnichilik ruhini shakllantirish, umumiy masalalarni konstruktiv hal qilish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni oqilona muvofiqlashtirish imkoniyatlari kengaymoqda. Markaziy Osiyo Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida bugun xalqaro va mintaqaviy munosabatlar tizimida mustahkam oʻrin olgan.

Mintaqaviy hamkorlik jarayonlari barqarorligini taʼminlash, yangicha mazmun bilan boyitish va bunda “xalq diplomatiyasi” imkoniyatlarini koʻproq ishga solish maqsadida Prezidentimizning tashabbusi bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlari forumining tashkil etilganini alohida eʼtirof etish lozim.

Ushbu format doirasida biz qoʻshni davlatlar parlamentlaridagi hamkasblarimiz bilan yuqori darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi boʻyicha parlament nazoratini yoʻlga qoʻyish, mintaqada barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish hamda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda parlamentlar­aro komissiyalar, doʻstlik guruhlari, hokimiyatning vakillik organlari, yoshlar parlamentlari hamda ayollarning ishtirokini kengaytirish kabi muhim masalalarni muhokama qilib bormoqdamiz. Ushbu mintaqaviy tuzilmaning joriy yil sentyabr oyida Xiva shahrida boʻlib oʻtadigan forumi kun tartibidan ham barchamiz uchun dolzarb boʻlgan bir qator muhim masalalar oʻrin olgan.

Albatta, erishilayotgan katta-katta yutuqlar haqida soatlab gapirish mumkin. Lekin butun dunyoda keskin raqobat, ayrim davlatlar oʻrtasida qarama-qarshilik va ziddiyatlar tobora avjiga chiqib borayotgan bir davrda yurtimizda bir maromda, barqaror rivojlanishni taʼminlash, tinchlik-osoyishtalikni saqlash hamda pragmatik, ochiq tashqi siyosatni samarali yoʻlga qoʻyishning oʻzi boʻlayotgani yoʻq. Buni har bir yurtdoshimiz chuqur anglab yetishi zarur. Davlatimiz rahbarining, eng avvalo, xalqimiz manfaatlarini oʻylab yuritayotgan adolatli, xalqchil siyosati, yurtdoshlarimizning birgalikdagi sharafli mehnati orqali mana shu yutuqlarga erishmoqdamiz.

Albatta, zamon bir joyda turmaydi, u doimiy oʻzgarishda boʻladi, taraqqiyot davom etaveradi. Shu nuqtayi nazardan, barchamiz hozirgi davr shiddatiga mos faoliyat yuritishimiz, mamlakatni yanada rivojlantirishga qaratilgan muhim va dolzarb vazifalarni tezkorlik bilan hal etishda yanada tashabbuskor boʻlishimiz lozim.

Bu yil eng ulugʻ, eng aziz bayramimiz “Bir boʻlsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!” degan bosh gʻoya asosida oʻtkazilayotgani zamirida ham katta maʼno mujassam.

Donishmand ota-bobolarimiz “Birlashgan oʻzar, birlashmagan toʻzar”, deb bejiz aytishmagan. Birlashmagan, bir-biridan ruhan va qalban ayro yashagan el-u elatlar hayotning kichik sinovlariga dosh berolmay, toʻzib, arosatda qolganiga, hatto yoʻqlikka mahkum boʻlganiga, aksincha, birlashgan, bir musht boʻlib ezgu maqsadlari sari intilgan, bir-biriga qayishgan xalq boshqalardan oʻzib, dunyoda oʻz soʻzi va oʻrniga ega boʻlganiga tarix guvoh.

Tanzila NORBOYEVA,

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?