Inson huquqlari boʻyicha IV Samarqand forumi: strategiya va yondashuvlarni ishlab chiqish uchun qulay maydon

18:40 11 Iyun 2024 Siyosat
238 0

Shu yil 13-14-iyun kunlari mamlakatimizda Inson huquqlari boʻyicha IV Samarqand forumi boʻlib oʻtadi. “Ekologik muammolar: oʻzgaruvchan dunyoda inson huquqlari kelajagi, barqaror yechimlar topish” mavzuiga bagʻishlangan ushbu anʼanaviy xalqaro anjumanda muhokama qilinadigan masalalarning ahamiyati va munozaralardan kutilayotgan natijalar haqida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, BMTning Inson huquqlari qoʻmitasi aʼzosi Akmal Saidov gazetamizga batafsil maʼlumot berdi.

— Bugungi kunda butun xalqaro hamjamiyatni tashvishga solayotgan sayyoraviy koʻlamdagi uchta tahdid — iqlim oʻzgarishlari, atrof-muhitning ifloslanishi va tabiatning buzilishi insonlarni ular ega boʻlgan asosiy huquqlar bilan taʼminlash yoʻlida jiddiy toʻsiq yaratmoqda.

Iqlim oʻzgarishlari va ekologiya muammolari insonning yashash, sogʻligʻini saqlash, ovqatlanish, toza suv isteʼmol qilish, xavfsiz turarjoyga ega boʻlish kabi asosiy huquqlariga toʻgʻridan-toʻgʻri salbiy taʼsir koʻrsatayotgani uchun, bir tomondan, hozirgi davrga xos global xatarlar hisoblansa, ikkinchi tomondan, inson huquqlari sohasidagi jiddiy muammolar qatoriga kiradi. BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi oʻz tarixida ilk bor 2021-yilda musaffo, sogʻlom va barqaror atrof-muhit — bu inson huquqlarining uzviy qismi, deb eʼtirof etgani hamda bu sohada Maxsus maʼruzachi maqomini taʼsis qilgani xuddi shu omillar bilan chambarchas bogʻliq.

Markaziy Osiyo mintaqasi ham iqlim oʻzgarishlari va ekstremal ob-havo hodisalari oldida zaif ekani sezildi. Hozirgi vaqtda mintaqa mamlakatlarida kuzatilayotgan suv taqchilligi ekinlarni sugʻorish imkoniyatlarini cheklamoqda.

Oʻzbekistonda iqlim oʻzgarishlariga qarshi kurashish, atrof-muhitni muhofaza qilish va bioxilmaxillikni asrash ishlariga muntazam eʼtibor qaratilayotgani juda muhim. Mamlakatimiz 2017-yil 19-aprelda BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida Parij bitimini imzolagan. Hozirgi vaqtda Parij bitimini imzolagan mamlakatlarning 180 tasi mazkur hujjat ishtirokchisi hisoblanadi.

Iqlim boʻyicha ilk global bitim hisoblanuvchi 2015-yil 12-dekabrda qabul qilingan Parij bitimi Oʻzbekiston uchun qator imkoniyatlarni taqdim etadi. Xususan, energiya samaradorligi va energiya tejash boʻyicha davlat dasturlarini amalga oshirishda iqlimiy moliyalashtirish resurslarini jalb qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish, yer-suv resurslarini boshqarishni yaxshilash, salbiy ekologik oqibatlarga qarshi kurashish shular jumlasidandir.

Mazkur hujjat global isishning oldini olish uchun global harakat rejasini belgilab beradi. Bitim tabiiy yoqilgʻilardan butunlay voz kechishni nazarda tutmaydi, albatta. Biroq barcha mamlakatlardan havoni ifloslantirishni kamaytirishi, texnologik qayta qurollanish va iqlim oʻzgarishiga moslashish kerakligi soʻraladi. Bundan tashqari, energiya quvvatlarini yetkazib berishda ham asta-sekin qayta tiklanuvchi energiyaga oʻtilishi lozim.

Bu haqda soʻz borganda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasidagi nutqida global ekologik siyosatning ustuvor yoʻnalishlariga daxldor bir qancha yangi tashabbuslarni ilgari surganligini alohida taʼkidlash lozim. Ayni vaqtda xalqaro, mintaqaviy va milliy darajalardagi ushbu tashabbuslar izchillik bilan roʻyobga chiqarilmoqda.

Mamlakatimizda BMT Bosh Assambleyasining Orolboʻyini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi sifatida eʼlon qilish boʻyicha rezolyutsiyasini hayotga tatbiq etishga doir tizimli va kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, BMTning yangi ekologik siyosati asoslarini tashkil etishga qaratilgan Butunjahon ekologiya xartiyasini ishlab chiqish bilan bogʻliq ishlar davom ettirilmoqda.

Davlatimiz va jamiyatimiz ekologik muammolarni hal etishda dunyo hamjamiyatining kuch va imkoniyatlarini birlashtirish, saʼy-harakatlarini uygʻunlashtirish, global muammolarning milliy va mintaqaviy darajadagi yechimlarini topish zarur deb hisoblaydi. Shu bois Prezidentimizning bu boradagi izchil siyosati asosida:

birinchidan, jamiyatimizda, ayniqsa, mahallalarda tabiatimizni asrab-avaylash, suv, havo va atrof-muhitni toza tutish madaniyatini shakllantirishni umummilliy amaliy harakatga aylantirish;

ikkinchidan, ekologiya va atrof-muhitni asrash boʻyicha saʼy-harakatlarni, xususan, “Yashil makon 2” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlarni kuchaytirish;

uchinchidan, suv soligʻi boʻyicha tushumlarning bir qismini tumanlarda sugʻorish xizmatlarini rivojlantirish, ariq, zovur va kanallarni betonlashga yoʻnaltirish;

toʻrtinchidan, qishloq xoʻjaligidagi islohotlarni qatʼiy davom ettirish, sohaga yangi innovatsion agrotexnologiyalarni keng joriy etish, yaratilayotgan yangi dehqon xoʻjaliklarini haqiqiy yer egasiga aylantirish borasida jadal ishlar olib borilmoqda.

Yanada muhimi, ekologiya sohasining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda tabiiy resurslar, jumladan, suv havzalari va yer osti zaxiralarini muhofaza qilish boʻyicha talablar mustahkamlandi.

Asosiy Qonunimiz “Muqaddima”sida eʼtirof etilganidek, biz “mamlakatimizning bebaho tabiiy boyliklarini koʻpaytirishga hamda hozirgi va kelajak avlodlar uchun asrab-avaylashga hamda atrof-muhit musaffoligini saqlashga astoydil ahd qilib”, ushbu Konstitutsiyani qabul qilganmiz.

Bosh qomusimizning 49-moddasi toʻlaligicha ekologiya va atrof-muhit himoyasiga oid normalardan iborat. Xususan, ushbu moddaning birinchi bandida: “Har kim qulay atrof-muhitga, uning holati toʻgʻrisidagi ishonchli axborotga ega boʻlish huquqiga ega”, deb qayd etilgan.

Soʻnggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yangi Oʻzbekistonning uchta strategik dasturi — 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi, 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi va “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi ishlab chiqildi. Birinchisi toʻla bajarilgan va qolgan ikkitasi hayotga izchil tatbiq etilayotgan ushbu dasturilamal dasturlarda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalasiga har doimgidan koʻra koʻproq eʼtibor qaratilgan.

Qolaversa, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi ijrosi doirasida Ekologiya kodeksi loyihasi ishlab chiqildi. Bundan tashqari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanadigan faollar safi 2021-yilda “Ekologiya huquqi himoyachisi” nominatsiyasi gʻoliblari hisobiga kengaydi.

Maʼlumki, COVID-19 pandemiyasi dunyo davlatlarining tabiatni muhofaza qilish sohasidagi koʻp tomonlama shartnoma va bitimlar, jumladan, BMTning 2030-yilgacha moʻljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari, Parij bitimi kabi oʻzaro kelishuvlarda zimmasiga olgan majburiyatlari bajarilishiga jiddiy xalal berdi. Aksariyat mamlakatlarda ushbu yoʻnalishdagi vazifalarning moliyalashtirilishi va bajarilishi zarur darajada taʼminlanmasdan qoldi.

Ona zaminimiz suv zaxiralarini oqibatini oʻylamasdan isrofgarchilik bilan sarflash, tabiat va bioxilmaxillikka muntazam ziyon-zahmat yetkazish, Yer va koinotni chiqindixonaga aylantirish, ana shu salbiy jarayonlar asnosida kutilajak turli ofatlarga qarshi kurash imkoniyatlarining cheklanishiga bevosita sababchi boʻlish — bularning barchasi insoniyat boshiga yangidan-yangi balolar yogʻdirmoqda. Boz ustiga ekologik ofatlar mavjud tahdid-u xatarlarning yanada kuchayishiga turtki boʻlmoqda.

BMT Universiteti hamda Atrof-muhit va inson xavfsizligi institutining “2023-yildagi tabiiy ofatlarning oʻzaro bogʻliqlikdagi xatarlari” nomli maʼruzasida shu haqda soʻz borgan. Hisobotda sayyoramizda istiqomat qilayotgan jami insonlarning hayotiga halokatli taʼsir koʻrsatadigan global xatarlarning oʻzaro uygʻun oltita omili sanab oʻtilgan.

Bular:

bioxilmaxillik barham topishining tezlashishi;

shu bilan bogʻliq holda ekotizimning izdan chiqishi;

yer osti suvlarining keskin pasayishi oqibatida suv zaxiralarining kamayib ketishi;

togʻ muzliklarining erishi;

koinotda chiqindilarning koʻpayishi;

ob-havoning haddan ortiq isib ketishi.

Ushbu salbiy omillarning oʻzaro omixtaligida yuzaga kelayotgan iqlim inqirozi va turli ekologik ofatlarning oqibatlaridan har bir inson aziyat chekmoqda. Shu maʼnoda, boʻlajak Samarqand forumining asosiy maqsadi — iqlim oʻzgarishlarining inson huquqlariga taʼsiri bilan bogʻliq masalalarni keng koʻlamda va axborotlar tahlili negizida atroflicha muhokama qilishdan iborat ekanligi ayni muddaodir.

Xalqaro anjuman ishtirokchilari ushbu sohada zarur bilimlar olish bilan bir qatorda, xalqaro hamjamiyat doirasida oʻzaro tajriba almashish va eng maqbul amaliyotlar bilan tanishish imkoniga ega boʻladi. Forumda asosiy eʼtibor iqlim oʻzgarishlarining inson huquqlariga koʻrsatadigan salbiy taʼsirini yumshatishga oid aniq tavsiya va yechimlar tayyorlashga qaratiladi.

Bu boradagi munozaralar Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va oʻzgarayotgan iqlim sharoitida har bir insonning huquqlarini himoya qilish uchun koʻmaklashadigan samarador strategiya va yondashuvlarni ishlab chiqish uchun turli soha mutaxassislariga qulay maydon boʻlib xizmat qilishi kutilmoqda. Yanada muhimi, Inson huquqlari boʻyicha IV Samarqand forumi doirasidagi munozaralar mavjud ekologik muammolar yechimiga nafaqat milliy va mintaqaviy darajada yondashish, balki bu dolzarb masalalarga yana bir bor xalqaro hamjamiyat eʼtiborini qaratish imkoniyatini yaratishi muqarrar.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер