Innovatsion rivojlanish agentligida “Olima” klubi tashkil etiladi

20:14 12 Fevral 2026 Ilm-fan
372 0

Innovatsion rivojlanish agentligida 11-fevral — “Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni” munosabati bilan “Ilm-fanda ayollar ovozi” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Unda olimalar, yosh tadqiqotchilar, startap asoschilari, talaba-qizlar hamda qator vazirlik va idoralar axborot xizmatlari rahbarlari ishtirok etdi.

Erkin muloqot tarzida oʻtgan uchrashuvda xotin-qizlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish, mavjud grant va dasturlardan samarali foydalanish, tadqiqot yoʻnalishlarini bugungi kunning dolzarb masalalariga yoʻnaltirish, shuningdek, olimalar tomonidan yaratilayotgan ishlanmalar va ixtirolarni keng targʻib qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Ishtirokchilar ilm-fan sohasida ayollar oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish platformalarini kengaytirish, ilmiy faoliyatga toʻsqinlik qilayotgan ijtimoiy omillarni tahlil qilish va ularni bartaraf etish boʻyicha takliflarini bildirdilar. Shu bilan birga, oʻzbek olimalari tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish zarurligi alohida taʼkidlandi.

Tadbir yakunida Innovatsion rivojlanish agentligi huzurida “Olima” klubini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Mazkur klub ilm-fan va innovatsiya sohasida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, olimalar va yosh tadqiqotchilar oʻrtasida hamkorlikni kuchaytirish, mentorlik tizimini yoʻlga qoʻyish, ilgʻor tajribalarni ommalashtirish hamda innovatsion gʻoya va tashabbuslarni rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Mutaxassislar fikricha, “Olima” klubi nafaqat ilm-fan sohasida faol ayollarni birlashtiradi, balki jamiyatda ayollarning ilmiy salohiyatini keng namoyon etish va ularning tashabbuslarini tizimli qoʻllab-quvvatlashda muhim platformaga aylanishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер