Innovatsion rivojlanish agentligi 2024-yilda 365 ta loyihani moliyalashtirdi

15:41 10 Aprel 2025 Jamiyat
181 0

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan matbuot anjumani oʻtkazildi. Anjumanda agentlik direktori Sherzod Rajabbayev ishtirok etib, 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar va kelgusi rejalar haqida atroflicha maʼlumot berdi.

Anjumanda bildirilishicha, agentlik 2024-yil davomida ilm-fan, iqtisodiyot va ishlab chiqarish sohalari oʻrtasidagi integratsiyani mustahkamlash, ilmiy tashkilotlarning tadqiqot faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish hamda yoshlarning innovatsion salohiyatini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratgan.

Yil davomida ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida 365 ta loyiha moliyalashtirilib, ularning umumiy qiymati 400,4 mlrd soʻmni tashkil etdi. Solishtirish uchun, 2023-yilda 325 ta loyiha uchun 373,8 mlrd soʻm ajratilgan edi. Jumladan, 246 ta ilmiy loyiha (353,6 mlrd soʻm), 5 ta tijoratlashtirish loyihasi (6 mlrd soʻm) va 114 ta startap loyiha (39,9 mlrd soʻm) moliyalashtirildi. Bu orqali 898 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

Yoshlarning innovatsion salohiyatini rivojlantirish maqsadida Qoraqalpogʻiston va viloyatlarda 13 ta Yoshlar texnoparki faoliyat yuritmoqda (2023-yilda 6 ta edi). Ularda 14 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan 34 650 nafar yoshlar (2023-yilda 16 400 nafar) 3D dizayn, kompyuter grafikasi, robototexnika kabi 7 turdagi oʻquv kurslarida tahsil olmoqda.

Yoshlar texnoparklarida “InnoX” biznes-inkubator va akselerator dasturi samarali ishlamoqda. 2024-yilda dasturda ishtirok etish uchun 2 484 ta ariza qabul qilinib, 554 nafar tashabbuskor saralab olindi. Dastur yakunida 326 ta loyiha tanlab olinib, ulardan 91 tasi (umumiy qiymati 27,4 mlrd soʻm) turli manbalar orqali moliyalashtirildi. Shu jumladan, Innovatsion rivojlanish agentligi tanlovlari doirasida 38 ta loyiha (16,9 mlrd soʻm), xoʻjalik shartnomalari asosida 10 ta (8,5 mlrd soʻm), Yoshlar akademiyasi tanlovlari orqali 37 ta (1,2 mlrd soʻm), mahalliy hokimiyat va investorlar grantlari orqali 6 ta loyiha (805,3 mln soʻm) moliyalashtirildi.

2024-yilda davlat ilmiy dasturlari doirasida 1 351 ta loyiha qabul qilinib, 960 tasi ilmiy ekspertizaga yoʻnaltirildi, ulardan 889 tasi muvaffaqiyatli oʻtdi (2023-yilda 535 ta edi).

Innovatsion loyihalarni shaffof va samarali baholash maqsadida “Loyiha.ilmiy.uz” platformasi ishlab chiqildi. Shuningdek, ilm-fan sohasini raqamlashtirishga ham jiddiy eʼtibor qaratildi. Agar 2021-yilda faqat 3 ta raqamli platforma mavjud boʻlgan boʻlsa, 2024-yilga kelib ularning soni 10 taga yetdi. Aktiv foydalanuvchilar soni 85 600 nafarga yetdi (2021-2023-yillarda 44 100 nafar), qogʻozbozlik esa 78 foizdan 35 foizga kamaytirildi. 2026-2027-yillarga qadar elektron platformalar sonini 40 taga, foydalanuvchilar sonini 140 000 nafarga yetkazish rejalashtirilgan.

Venchur investitsiyalari borasida ham ijobiy oʻzgarishlar kuzatilmoqda. Respublikada faoliyat yuritayotgan 6 ta venchur kompaniya 6,84 mln AQSH dollariga teng boʻlgan 50 ta loyihani moliyalashtirgan. Ular orasida mahalliy va xorijiy tashkilotlar faoliyat yuritmoqda.

Matbuot anjumanida OAV vakillari oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер