Innovatsion material suvni tejashda qoʻl keladi

14:15 22 Yanvar 2026 Jamiyat
190 0

Kogon tumani hududidagi “Buxoro sanoatni rivojlantirish kompleksi” maxsus sanoat parkida faoliyat koʻrsatayotgan “Silk road innovation group” xorijiy korxonasida gidroizolyatsiyalangan polietilen ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Xitoylik sarmoyadorlar tomonidan amalga oshirilgan bu loyiha qiymati 2,4 million AQSH dollarini tashkil etdi.

Ushbu innovatsion material odatda, neft va gaz sanoatida qoʻllaniladi. Lekin tajriba koʻrsatdiki, u qishloq xoʻjaligi hamda qurilish sohasida ham samaralidir. Xususan, uning vositasida izolyatsiya qilingan kanal va ariqlarda suv isrofgarchiligi sezilarli darajada kamayadi. Bu turdagi polietilenni oʻrnatish katta kuch va mehnatni talab qilmaydi. Biz koʻrib odatlangan, ayni damda kanallardagi suv yoʻqotishlar oldini olish maqsadida keng qoʻllanilayotgan betonga nisbatan arzon. Haroratga, tashqi taʼsirlarga chidamli. Zarurat tugʻilganida uni ariqdan olib, boshqa joyga koʻchirish ham mumkin. Fermer va dehqon xoʻjaliklariga suvni tejashda qoʻl keladi.

Korxonada ayni damda yiliga 600 ming kvadrat metr hajmda mahsulot tayyorlash imkoni bor. Loyihaning keyingi bosqichida bu miqdor oshishi, mahalliy yoshlar uchun ish oʻrinlari soni ham koʻpayishi kutilmoqda.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?