Innovatsion ishlanmalar va texnologiyalar koʻrgazmasi
Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi “Quyosh” qoʻrgʻonida fizika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan innovatsion ishlanmalar va texnologiyalar koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimidagi bir qator ilmiy muassasalar olimlari hamda muhandis-texnik xodimlarning yangi ilmiy kashfiyotlari namoyish etilgan ushbu koʻrgazmada sohaga oid yuqori texnologik innovatsion gʻoyalar ilgari surildi.
Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy tashkilotlarning ellikka yaqin kashfiyotlari namoyish etilgan anjumanda mahalliy xom ashyodan tayyorlanadigan energiya hamda resurstejamkor, import oʻrnini bosuvchi eksportbop ilmiy tadqiqotlarning ayrimlari dunyoda yagonaligi bilan alohida ahamiyatga ega.
Jumladan, Materialshunoslik instituti va Yadro fizikasi instituti olimlari tomonidan taqdim etilgan yangi texnologiyalar oʻz nufuzi bilan kishilar eʼtiborini tortdi.
— Soʻnggi besh yilda hukumatimiz tomonidan mamlakatimiz ilm fanini rivojlantirishga juda katta eʼtibor qaratilmoqda, — deydi OʻzR FAning Materialshunoslik instituti direktori Odilxoʻja Parpiyev. — Bugungi koʻrgazmada namoyish etilayotgan barcha kashfiyot ishlab chiqarishga tatbiq qilishga tayyor boʻlgan yangiliklardir. Bugungi uchrashuv esa oʻsha tayyor ishlanmalarni tadbirkor hamda fermerlar, klasterlar, yirik ishlab chiqarish korxonalari faoliyatiga joriy etish boʻyicha oʻzaro kelishuvlarga erishish, hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishda qoʻl keldi. Chunki olimlarimiz tomonidan yaratilgan barcha kashfiyot oʻzining dolzarbligi bilan ajralib turadi.
Darhaqiqat, mazkur institut jamoasi tomonidan taqdim etilayotgan nanokompozit plyonka har qanday tabiiy iqlim sharoitiga moslasha oladi. Shuning uchun ham u hozircha dunyoda yagonaligi aytilmoqda. Undan samarali foydalanilgan issiqxonalarda harorat doimiy moʻtadil saqlanadi. Yozning chillasida ham, qahraton qishda ham. Bu ekinlar hosildorligini 35 — 50 foizgacha oshiradi. Ayni kunlarda ushbu turdagi mahsulotlar Jizzax plasmassa korxonasida sinov tariqasida ishlab chiqarilmoqda.
Bu hali hammasi emas. Navbatdagi kashfiyotlar vodorod energetikasini yoʻlga qoʻyish, “yashil” karbon tolalari hamda qishloq xoʻjaligi uchun “sovuq plazma” texnologiyalarini, shuningdek, choʻl sharoitida hamda lalmi ekin maydonlaridagi issiqxonalarda suv tanqisligiga barham beruvchi gidrogel polimerlarini ishlab chiqarish jarayonlarini qamrab olgan.
— Olimlarimiz tamonidan taqdim etilgan suv tozalash qurilmasi anjuman ishtirokchilarida juda katta qiziqish uygʻotdi, — deydi OʻzR FA Yadro fizikasi instituti direktori, texnika fanlari doktori Ilhom Sodiqov. — Bu qurilma yaroqsiz deb topilgan suvni tozalab, belgilangan talablarga mos ravishdagi isteʼmol manbai darajasiga olib keladi. Ushbu qurilmada qoʻllaniladigan filtrlar, katolizator va sorbentlar ham institutimiz olimlari tomonidan yaratilgan. Bu uskunalar suv tanqisligi mavjud boʻlgan hududlarda oddiy bir xonadondan tortib, butun boshli qishloq va ovulni, shaharchalarni toza ichimlik suvi bilan taʼminlash imkoniyatiga ega.
Yana bir ilmiy ishlanma bemorlarga tashxis qoʻyish hamda davolashda zarur boʻlgan radiofarmotsevtik vositalardir. Bular saraton kasalligini toʻrtinchi bosqichida suyak va mushaklar hamda yumshoq toʻqimalardagi ogʻriqni susaytirishga xizmat qiladi.
Tadbir yakunida qayd etilganidek, ilmiy ishlanmalar zamirida mamlakatimizning togʻ-kon, metallurgiya sanoati, qishloq xoʻjaligi, energetika, suv resurslari va boshqa koʻplab tarmoqlarini yanada yuksaltirishga xizmat qiladigan istiqbolli loyihalar mujassam.
Shodiyor MUTAHAROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring