“Imom Buxoriy” ordeni taʼsis etildi

10:18 16 Avgust 2022 Siyosat
847 0

Foto: Халқ сўзи

Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻttiz birinchi yalpi majlisi boʻlib oʻtdi.

Unda Senat aʼzolari, tegishli idora va tashkilotlarning vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Videokonferensaloqa tarzida oʻtkazilgan yalpi majlisni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Senatorlar tomonidan “Imom Buxoriy” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, mustaqilligimizning ilk kunlaridanoq mamlakatimizda yashab ijod etgan ilm-fan va madaniyat, jumladan, islom maʼrifati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti va ilmiy merosini oʻrganish hamda xalqaro maydonda keng targʻib qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Xususan, islom dinining, Qurʼoni karim va hadis ilmining asl mohiyatini, hadisshunoslik maktabining ilmiy-maʼnaviy asoslarini, Imom Buxoriy, Imom Termiziy singari yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk hadisshunos-allomalar merosini har tomonlama teran oʻrganish, keng targʻib va tashviq qilish maqsadida Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi, Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi Abu Iso Muhammad Termiziy, Qarshi tumanidagi Abul-Muʼiyn an-Nasafiy ziyoratgohlari va boshqa qadamjolarda qurilish-taʼmirlash ishlari bajarildi.

Bu kabi xayrli ishlar yurtdoshlarimiz va xalqaro jamoatchilik tomonidan keng qoʻllab-quvvatlanib, Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017-yilda Toshkent shahrida Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etildi.

Mazkur ilmiy-tadqiqot markazlarida koʻplab olim va tadqiqotchilar buyuk allomalarimiz ilmiy merosini chuqur oʻrganib, ularning islom maʼrifati va jahon ilm-fani taraqqiyotiga qoʻshgan ulkan hissasini xalqaro hamjamiyatga yetkazishda, shuningdek, muqaddas islom dini bilan bogʻliq boy merosni ilmiy tadqiq etish, uning Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi rivojidagi oʻrnini innovatsion usullar orqali targʻib qilish, Oʻzbekistonda yuz bergan umummilliy yuksalishlar, tarixiy renessanslarning ildizlari va mazmun-mohiyatini mamlakat aholisi, ayniqsa, yoshlarga yetkazish boʻyicha ilmiy izlanishlar olib borishmoqda.

Soʻzga chiqqan senatorlar fuqarolarimizni mamlakatimizdagi ilm-fan va madaniyat, jumladan, islom maʼrifati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti va ilmiy merosini oʻrganish hamda xalqaro maydonda keng targʻib qilishda katta yutuqlarga erishgani uchun taqdirlash maqsadida “Imom Buxoriy” ordenini taʼsis etishni davrning oʻzi taqozo etayotganini qayd etdilar.

Taʼkidlanganidek, mazkur ordenni taʼsis etish toʻgʻrisidagi Qonun bilan “Imom Buxoriy” ordenining nizomi va uning tavsifi tasdiqlanmoqda. Shuningdek, “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi Qonunga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

“Imom Buxoriy” ordeni ikki darajadan iborat boʻladi: “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni hamda “Imom Buxoriy” ordeni. “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni “Imom Buxoriy” ordenidan yuqori darajada hisoblanadi.

“Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan ilm-fan va madaniyat, jumladan, islom maʼrifati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti hamda ilmiy merosini oʻrganish va xalqaro maydonda keng targʻib qilishda katta yutuqlarga erishganligi uchun:

xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlari;

xorijiy mamlakatlar parlamentlari vakillari;

xalqaro tashkilotlar, diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari hamda ularga tenglashtirilgan boshqa tashkilotlarning rahbarlari va vakillari, shuningdek xorijiy arboblar va olimlar;

mamlakatimizning atoqli davlat va jamoat arboblari, diniy-ijtimoiy sohadagi rahbarlar va yetuk ulamolar, atoqli olimlar, adiblar, pedagoglar va ilmiy tadqiqotchilar mukofotlanadi.

“Imom Buxoriy” ordeni bilan:

ulugʻ allomalarimiz ilmiy merosini chuqur oʻrganib, oʻsib kelayotgan yosh avlodni ajdodlar merosiga hurmat, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashdagi xizmatlari;

yuksak insoniy gʻoyalar va muqaddas qadriyatlarimizni oʻzida ifoda etgan tarixiy merosimizni tizimli asosda tadqiq etish, ulardan diniy taʼlim, maʼnaviy-axloqiy tarbiya ishlarida foydalanish maqsadida zarur darslik va oʻquv qoʻllanmalari, ilmiy-amaliy tavsiyalar tayyorlashdagi samarali mehnati;

mamlakatimizdagi diniy-ijtimoiy jarayonlar hamda diniy bagʻrikenglikni taʼminlash masalalarini oʻrganishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlarini qoʻllab-quvvatlash, targʻibot va tashviqot tadbirlarini oʻtkazishdagi faoliyati;

“Jaholatga qarshi maʼrifat” gʻoyasi asosida islom diniga nisbatan sodir etilayotgan gʻarazli tahdid va harakatlarning oldini olish, bunday xatarlarga qarshi kurashishning ilmiy-maʼrifiy asoslarini ishlab chiqish hamda amaliyotda qoʻllash borasidagi xizmatlari;

islom sivilizatsiyasining umuminsoniy qadriyatlarini, jumladan, xalqimiz maʼnaviyati va madaniyati rivojida tutgan oʻrni hamda ahamiyatini oʻrganib, ularning ilmiy-nazariy va amaliy jihatlarini tadqiq etishdagi katta xizmatlari uchun mukofotlanadi.

“Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni va “Imom Buxoriy” ordeni bilan boshqa shaxslar ham ilm-maʼrifatni rivojlantirishdagi alohida xizmatlari uchun mukofotlanishi mumkin.

“Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlangan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yetmish baravari miqdoridagi bir martalik pul mukofoti, “Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar esa bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdoridagi bir martalik pul mukofoti beriladi.

Senatorlar ushbu ordenni taʼsis etish toʻgʻrisidagi Qonunni maʼqulladi.

Shuning bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻttiz birinchi yalpi majlisi yakunlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?