Ilmiy salohiyatni yuksaltirish — asosiy maqsad

08:30 04 Mart 2022 Jamiyat
996 0

Mamlakatimiz tinchligi va osoyishtaligini taʼminlaydigan, uning ravnaqi va istiqboli uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga qodir, tashabbuskor, shijoatli yoshlarni tarbiyalash, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hayotimizda muhim ahamiyat kasb etadi.

Albatta, bu eʼtibor zamirida mamlakatimiz yoshlarini har tomonlama kamol toptirish, yuksak maʼnaviyatli, mustaqil va erkin fikrlaydigan, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta oʻzlashtirgan, har tomonlama sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazishdek ezgu maqsad mujassam.

Darhaqiqat, yangi Oʻzbekistonda yangi davr yoshlarining kuchli, bilimli va jismonan yetuk kadrlar boʻlishlari uchun ularga keng imkoniyatlarni yaratib berish va qoʻllab-quvvatlash asosiy maqsadlarimizdan biri hisoblanadi, mamlakatimizda barcha sohalar kabi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida ham keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish hamda yongʻin xavfsizligini taʼminlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan, Ichki ishlar vazirligi Yongʻin xavfsizligi instituti Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga oʻtkazilib, “Akademiya” maqomi berildi hamda harbiylashtirilgan tuzilmalarning oliy taʼlim tashkilotlariga oʻquvchilarning oʻqishga kirishi uchun tayyorgarligini taʼminlovchi ixtisoslashtirilgan litsey tashkil etilishi belgilab berildi.

Oʻzbekiston Respublikasining “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida”gi Qonuni, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi toʻgʻrisidagi Nizom” va “Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash toʻgʻrisidagi nizom”lari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2020-yil 31-dekabrdagi tegishli qaroriga asosan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi huzurida texnika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash tuzildi va u bugungi kunda oʻz faoliyatini samarali amalga oshirmoqda.

Mazkur qarorga asosan, FVV Akademiyasi huzurida tuzilgan texnika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash 05.10.02 -“Favqulodda holatlarda xavfsizlik: Yongʻin, sanoat, yadro va radiatsiya xavfsizligi” va 05.10.01 - “Mehnatni muhofaza qilish va inson faoliyati xavfsizligi” (texnika fanlari) ixtisosliklari boʻyicha doktorlik dissertatsiyalarini ilmiy seminarda muhokama qilish va himoyani oʻtkazish vakolatiga ega boʻldi.

Mazkur ixtisoslashgan ilmiy kengash qoshidagi ilmiy seminar muhokamasidan muvaffaqiyatli oʻtgan doktorlik dissertatsiyalari himoyaga qabul qilingan. 2021-yilning 4 choragida FVV Akademiyasining 3 nafar mustaqil izlanuvchilari polkovnik Sobir Joʻrayev “Mahalliy xom-ashyolar asosidagi yongʻinga xavfsiz issiqlik izolyatsiyalovchi materiallar” mavzusidagi, podpolkovnik Anvar Rapuov “Fosfor guruhli oligomerlar asosida toʻqimachilik materiallarni olovbardoshligini oshirish texnologiyasini ishlab chiqish” mavzusidagi, mayor Bekpoʻlat Mirzakabilov “Gidrotexnik inshootlar avariyasi bilan bogʻliq falokatli suv toshqinlari yuzaga kelganda aholi va hududlarni muhofaza qilish usullarini takomillashtirish” mavzusidagi dissertatsiyalarni muvaffaqiyatli himoya qildilar va texnik fanlar boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega boʻldilar.

Shuningdek, Akademiya mustaqil izlanuvchilari podpolkovnik Sayfiddin Jumayev 2021-iyun oyida “Mahalliy xomashyolar asosida olingan antipirenlar bilan yogʻoch materiallarini yongʻindan himoyalash” mavzusidagi, 2021-yil avgust oyida dotsent, general-polkovnik Qobul Berdiyev “Mahalliy xom ashyo asosida qurilish konstruksiyalari va materiallarining olovga chidamliligi bardoshligi va issiqlikdan himoyalash darajasini oshirish muammolari” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilib, texnika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega boʻldilar. 2022-yilning 31-yanvarida mayor Artyom Lityaga “Silikat kompozitsiyalar tarkibli antipirenlar asosida polimer materiallarni yongʻin xavfsizligini oshirish” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. 

FVV Akademiyasining professor-oʻqituvchilari tomonidan olib borilgan ilmiy ishlar natijasida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi intellektual mulk agentligidan ixtirolar uchun patentlar olindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining tegishli qarorlari bilan FVV Akademiyasi yosh oʻqituvchilaridan 4 nafari podpolkovnik Erkaboy Sobirov, mayor Qodir Yakubov, mayor Artyom Lityaga, mayor Allayar Ahmedovlarga hamda fan nomzodlari Shonazar Atabayev va Alijon Sirojiddinovlarga “dotsent” ilmiy unvonlari berildi. Yuqorida keltirilgan ilmiy ishlar natijalari bois, Akademiyada ilmiy salohiyat yanada yuqori darajaga koʻtarildi.

2021-yilda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 2-martdagi Farmoyishi asosida Akademiyada “Hayotiy faoliyat xavfsizligini taʼminlashda innovatsion yondashuv, ilmiy ishlanmalar va zamonaviy texnologiyalar” hamda “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etishning dolzarb muammolari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumanlari oʻtkazildi, shuningdek, Akademiya miqyosida 8 marotaba konferensiyalar oʻtkazilib, ushbu tadbirlarda 150 ga yaqin mutasaddi tashkilotlar hamda 1200 dan ortiq ishtirokchilar faol qatnashishdi.

Yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda, Akademiyada davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida bajarilishi ikki yilga moʻljallangan ikkita davlat granti BV-Atex-2018 «Mahalliy mineral xom ashyolar asosida qiyin yonuvchan issiqdan saqlovchi tarkiblar olish texnologiyasini yaratish» hamda BV-Atex-2018-58 «Yangi avlod metallorganik oligomer qoʻshimchali olovbardosh, issiqlik izolyatsiyalovchi qurilish materiallarini tadqiq etish va texnologiyasini yaratish» loyihalari ustida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

Respublika miqyosidagi fan olimpiadalarida Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasining iqtidorli kursantlari munosib ishtirok etib, sovrinli oʻrinlarga ega boʻlishdi. Jumladan, “Gidravlika” fanidan 4 kurs kursanti Ravshanbek Jalilov birinchi oʻrinni, “Avtomobil tayyorgarligi” fanidan 1 kurs kursanti Fayozbek Mamasoliyev ikkinchi oʻrinni hamda “Milliy gʻoya, huquqshunoslik, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi” fanlaridan 5 kurs kursanti Sultanbek Urazimbetov uchinchi oʻrinni egalladilar.

Shuningdek, Oʻzbekiston terma jamoasi tarkibida Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi harbiy xizmatchilari Osiyo va jahon chempionatlarida munosib ishtirok etib, sovrinli oʻrinlarni egallab kelmoqdalar. Jumladan, 2021-yilning 21-26-avgust kunlari Qozogʻiston Respublikasi Olma-ota shahrida sportning Armrestling turi boʻyicha oʻtkazilgan Osiyo chempionatida Akademiyaning “Harbiy va jismoniy tayyorgarlik” kafedrasi katta oʻqituvchisi katta leytenant Rustam Choriyev uchinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan boʻlsa, 5 kurs kursanti Xurmatillo Madazimov faxrli ikkinchi oʻrinni egallab, jahon chempionatiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdilar.

2021-yilning 23-noyabr kunidan 3-dekabr kuniga qadar Ruminiya Respublikasining Buxarest shahrida sportning “Armrestling” turi boʻyicha oʻtkazilgan jahon chempionatida ham faol ishtirok etib keldilar. Shu bilan birga Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashida 2021-yil “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash” yili doirasida Toshkent shahrida joylashgan muassasa hamda harbiy qismlardagi Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqining boshlangʻich tashkiloti yetakchilari oʻrtasida oʻtkazilgan “Yilning eng faol yoshlar yetakchisi” koʻrik-tanlovida Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqining Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasidagi boshlangʻich tashkiloti yetakchisi katta leytenant Firdavs Karimov faxrli birinchi oʻrinni egalladi.

Muxtasar qilib aytganda, yangi Oʻzbekistonda ilm-fanni yanada ravnaq toptirish, yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak maʼnaviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash borasidagi muhim amaliy ishlarni davom ettirishimiz zarur. Zero, yoshlar ertangi kunimizning egalari hisoblanadi. Ularni biz bugun qanchalik ilmiy, maʼnaviy, ruhiy jihatdan qoʻllab-quvvatlasak, kelajagimiz shunchalik yorqin boʻladi.

Choriyor XOʻJANOV,

FVV Akademiyasi boshligʻi oʻrinbosari, polkovnik.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер