Ilm-fan sohasiga oid qonunchilikni takomillashtirish masalalari muhokama qilindi
Joriy yilning 30-yanvar kuni Senatning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi majlisida ilm-fan sohasiga oid qonunchilikni takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Majlisda senatorlar, mahalliy Kengashlar deputatlari, olimlar, mutaxassis va ekspertlar, vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda soʻnggi yillarda ilm-fan sohasi tobora rivojlanib, tadqiqotlarda amaliy natijalarga erishilmoqda.
Xususan, 2025-yilda davlat ilmiy dasturlari doirasida umumiy qiymati 577,1 mlrd soʻm boʻlgan 323 ta ilmiy loyiha moliyalashtirildi.
Ilmiy tadqiqotlar natijasida yaratilgan ilmiy hajmdor mahsulotlarni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish hamda oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida faoliyat yuritayotgan olimlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida yangi 30 ta innovatsion (spin-off) korxona faoliyat koʻrsatmoqda. 300 dan ortiq tijoratlashtirilgan yangi ishlanmalardan foydalanilmoqda. Hozirgi kunda taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida 250 ga yaqin oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutlari faoliyat koʻrsatmoqda.
Bularning barchasi ilmiy faoliyatning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashni, ilm-fan sohasiga oid qonun hujjatlariga zarur tuzatishlar kiritishni taqozo etmoqda.
Majlis ishtirokchilari oʻz chiqishlarida amaldagi qonunchilikda ilmiy va ilmiy-texnik loyiha, ilmiy-texnik mahsulot, ilmiy-texnik natija kabi muhim tushunchalarga taʼrif berilmaganini taʼkidlab oʻtdi.
Ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasining ilmiy halollik va akademik insoflilik, ilmiy natijalarning tekshiruvchanligi va shaffofligi kabi yangi tamoyillarni mustahkamlashni ham davrning oʻzi talab qilishi qayd etildi.
Amaldagi qonunchilikni takomillashtirish maqsadida Qoʻmita tomonidan ilm-fan sohasiga oid qonunchilik taklifini tayyorlash uchun masʼul vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzildi.
Shuningdek, muhokamada soʻzga chiqqan senatorlar, olim va mutaxassislar endilikda ilm-fanni rivojlantirishda songa emas, balki sifatga alohida eʼtibor qaratish, turli xil byurokratik toʻsiqlar yoki korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish dolzarb vazifalardan biri ekanligini ham taʼkidladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring