Ikki xalq qalbini uygʻotgan sheʼriyat
Gʻayrat OTAJONOV/“Xalq soʻzi”. Adabiyotimizda sheʼrlari doim sevib oʻqiladigan, qoʻshiqlarga aylanib qalbimizga kirib borgan shoirlar kam. Xalqaro Choʻlpon mukofoti laureati Oʻtkir Rahmatning sheʼrlari dunyoning turli tillariga tarjima qilinayotgani bejiz emas. Kitobxonlar har bir nashrda shoirning yangi sheʼrlari bilan tanishmoqda. Uning ijodi betakror yorqin va chuqur, sheʼrlari iliqlik va samimiylikka, ona dalalarining cheksiz kengliklariga boʻlgan ehtirosli muhabbatga, vaqt va hayot haqidagi mulohazalarga toʻla.

Nukus shahridagi Qoraqalpoq davlat universitetida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Oʻtkir Rahmatning qoraqalpoq tilida tarjima qilingan “Оянсаңы, таң атты, ақыр...” (Uygʻonsangchi, tong otdi, axir...) kitobining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Tadbirda mazkur kitobning kirish va soʻnggi soʻz oʻrnida shoir Oʻtkir Rahmat ijodi haqidagi mulohazalarni yozgan Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, Qoraqalpogʻiston xalq shoiri, Qoraqalpogʻiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Kenesboy Karimov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasining xalq yozuvchisi Oʻrazbay Abdurahmanov “Оянсаңы, таң атты, ақыр...” kitobining oʻzbek va qoraqalpoq ijodkorlarining hamkorligida yaralgan yangi kitob ekanligini eʼtirof etishdi. Kitob taqdimotida shoir Oʻtkir Rahmat sheʼriyati haqida filologiya fanlari doktori, professor Q.Orazimbetov va boshqa adabiyotshunos olimlar, talaba yoshlar oʻzlarining fikr mulohazalarini bildirdi. Kitobxonlarga munosib sovgʻa boʻlganini taʼkidlashdi. Ayniqsa, shoirning sheʼrlarini Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq artisti Mahmud Namozov va boshqa taniqli xonandalar mahorat ijro etgani orqali koʻpchilikka tanilgani, endilikda mazkur sheʼrlar qoraqalpoq tiliga tarjima qilinib, kitob shaklida nashrdan chiqarilgani barchaga manzur boʻldi.

Tadbirda Oʻtkir Rahmatov soʻzga chiqib, Qoraqalpogʻistonda keyingi yillarda qilinayotgan katta bunyodkorlik ishlari, xususan, Moʻynoq va boshqa tumanlardagi islohotlar, asr qurilishi deya eʼtirof etilgan Amudaryo ustiga yangi koʻprik qurilishi kabi yangilanishlar oʻz ijodida aks etganini taʼkidlab oʻtdi. Shuningdek, mazkur kitobni tarjima qilishda ishtirok etgan ijodkorlarga minnatdorlik bildirib, bu boradagi ijodiy hamkorligi bardavom boʻlishini, hali Qoraqalpogʻiston kengliklari haqida koʻplab ijod namunalari yaralishini taʼkidladi.

Kitob taqdimotida Oʻ.Rahmatov tomonidan universitet jamoasiga yangi kitob tuhfa etildi. Shoirning koʻplab ixlosmandlari kitobiga dastxat yozdirib olishdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- “Doha — Qatarning yuragi, tungi ritmda urib turgan shahar”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring