Ikki xalq doʻstligining yorqin ifodasi

22:39 10 Iyun 2021 Siyosat
1019 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Dushanbe shahridagi «Doʻstiy» maydonida Ismoil Somoniy haykali poyiga gullar qoʻydi.

Soʻng «Koʻhi Borbad» sanʼat saroyida Oʻzbekiston va Tojikiston sanʼat ustalari ishtirokida konsert boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Tojikiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish yoʻlidagi ulkan xizmatlari uchun Tojikistonning yuksak mukofoti - I darajali «Zarrintoj» ordeni bilan mukofotlash toʻgʻrisidagi farmoni oʻqib eshittirildi. Ordenni davlatimiz rahbariga Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon tantanali ravishda topshirdi.

Davlatimiz rahbari yuksak eʼtibori uchun minnatdorlik bildirib, ushbu mukofot katta hurmat va ishonch ifodasi, xalqlarimiz oʻrtasidagi yaxshi qoʻshnichilik rishtalarini mustahkamlash borasidagi birgalikdagi saʼy-harakatlar eʼtirofi ekanini taʼkidladi.

Mamlakatlarimiz yaqin qoʻshni, xalqlarimizning muqaddas yeriyu suvi, dini bir, tarixi va taqdiri, tashvishu shodliklari mushtarak ekani qayd etildi.

– Bir-birimizni qoʻllab-quvvatlab, oʻzaro manfaatli hamkorligimizni rivojlantirib, katta maqsadlarimizga erisha olamiz. Biz doim bir-birimizga tayanch boʻlishimiz, har qanday qiyinchilik va sinovlarni yelkama-yelka yengib oʻtishimiz lozim, – dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

Keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlarda ulkan oʻzgarishlar roʻy berib, ularni Oʻzbekiston va Tojikistondagi millionlab odamlar oʻz kundalik hayotida his etmoqda.

Bu Oʻzbekiston-Tojikiston munosabatlarining yangi modeli, yangi muhitida oʻz aksini topmoqda. Eng muhimi, barcha saʼy-harakatlarimiz va amaliy ishlarimiz xalqlarimiz manfaatlari va orzu-intilishlariga toʻliq mosdir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz ikki mamlakat sanʼat ustalarining bunday konsertlari xalqlarimiz oʻrtasidagi abadiy va samimiy doʻstlikni ifodalovchi yaxshi anʼanaga aylangani, sanʼat xalqlarni yaqinlashtirishda muhim oʻrin tutishini taʼkidladi.

– Insonga turli chegaralar oʻrnatish xos boʻlsa, sanʼat chegara bilmaydi, uning buyuk vazifasi – odamlarni birlashtirish. Mehr-oqibatli boʻlish, tinch-totuv yashash – xalqlarimizning azaliy orzusi va samimiy intilishidir. Biz ham, ikki davlat rahbarlari – oʻrtamizdagi chegaralar bizni ajratishga emas, faqat birlashtirishiga xizmat qilishi uchun bundan buyon ham harakat qilamiz.

Tinchlik va osoyishtalikni asrash, kelajak avlodlar uchun mamlakatlarimizning barqaror va izchil taraqqiyotini taʼminlash – umumiy burchimiz, – dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

Konsert dasturida isteʼdodli sanʼatkorlar xalqlarimiz madaniyatining boyligi, oʻziga xosligi va shu bilan birga mushtarakligini namoyish etdilar.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga rasmiy tashrifi davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?